18:50 / 01.03.2020
0
37555
Muammoli klasiko: «Real» va «Barselona» hal qiluvchi o‘yinda qanday o‘ynaydi?

Madrid va Kataloniya klublari chempionlik uchun muhim o‘yinga turli muammolar bilan yetib kelishdi.

Foto Reuters

«Real» va «Barselona» uchun bu hafta og‘ir bo‘ldi, ikki jamoa ham Chempionlar ligasining 1/8 finalida muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi: Madridliklar o‘z uyida «Manchester Siti»ga yutqazdi (1:2), ko‘k-anorranglilar safarda «Napoli» bilan durang o‘ynadi (1:1). Ikki jamoa ham raqibning taktikasi qurboni bo‘ldi: «Real» Xosep Gvardola Kevin De Bryuyne va Gabriel Jyezusning joylarini o‘zgartirishi va maydonga yangi kuchlar tashlashi oqibatida g‘alabani boy berdi, «Barselona» esa raqibning tig‘iz himoyasini yorib o‘tolmadi va Jyennaro Gattuzo tomonidan tuzilgan qarshi hujum mashinasiga dosh berolmadi. Ular endi klasikoda qanday harakatlanishadi — bu o‘yin Ispaniyada chempionlik masalasini hal etadimi?

Ispaniya La Ligasi. 26-tur.
2 mart (yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi)
«ReAL» - «BARSeLONA»
O‘yin boshlanish vaqti:
 01:00
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

29 jarohat
Chempionlar ligasi doirasida «Napoli»ga qarshi safar o‘yinining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Serxio Buskets Neapoldagi o‘yindan keyin «Barselona» tarkibidagi muammolar va o‘zi uchun yangi pozitsiyada harakatlanishga to‘g‘ri kelgani to‘g‘risida gapirdi. Ko‘pchilik uning so‘zlarida klub sport direktori Erik Abidalning ishidan norozilik belgilarini payqadi. Keyin Rakitich davom ettirdi, u futbolchilar tanlovi bo‘yicha savolga javob berarkan, shunday dedi: «Buni bu ishga javobgar bo‘lganlardan so‘rang».

Hozirda barcha muammolar uchun Abidalni balogardon qilish urfga aylandi, uni o‘z intervyusida Messi ham eslatib o‘tgandi. Ammo ko‘k-anorranglar jamoasidagi tibbiy muammolarga fransiyalik mutaxassisning daxli yo‘q, jamoaning hozirgi holatini falokat so‘zi bilan xarakterlash mumkin. Neapoldagi o‘yin vaqtida yakkakurashdan keyin maydonga noqulay yiqilgan Pike maydonni cho‘loqlanib, shifokorlarga suyangan holda tark etayotgan vaqtda Kike Seten nimalarni xayoldan o‘tkazganini tasavvur qilish ham qiyin.

«Barsa» muxlislari baxtiga, Jyerar jiddiy jarohat olmagani ma'lum bo‘ldi. Yakshanba oqshomida u safda bo‘ladi, kataloniyaliklar safidagi jarohatlanish holatlari soni 30taga yetmadi. Ammo 29 raqami ham — qo‘rqinchli ko‘rsatkich. Ayniqsa mavsum davomida jami 16 nafar futbolchi turli darajada jarohatlar olgani e'tiborga olinsa. Bu o‘rinda barcha jarohatlanish holatlarini keltirib o‘tishdan ma'ni yo‘q, faqat uch baxtiyor futbolchi shifokorlar qo‘liga tushmagan: Buskets, de Yong va Grizmann.

Aytish mumkinki, barchasi Messi bilan boshlangandi, u jarohat tufayli mavsumoldi tayyorgarlik jarayonini yakuniga yetkaza olmadi va Ispaniya chempionati startini o‘tkazib yubordi. Hozirda klub muxlislari Leoning sog‘ligi uchun duo qilishmoqda, chunki hujum chizig‘idagi boshqa futbolchilar Suares va Dembele mavsum yakuniga qadar safdan chiqishgan, jamoaning yana ikki yetakchisi Jordi Alba va Serji Roberto ham jiddiy jarohat olishgan. 

Shishaoyoq Azar
«Real»da raqib bilan taqqoslaganda tarkib bo‘yicha variant deyarli ideal darajada. Faqat Azar mavsumning qolgan qismida jamoaga yordam bera olmasligi mumkin, bu «Qirollik klubi» rahbariyati va futbolchining o‘zi uchun juda og‘riqli. Rahbariyat belgiyalik futbolchi uchun yozda 100 million yevro to‘lagan va unga Krishtianu Ronalduning raqamini berib, uning o‘rnini bosishiga ishonch bildirgandi, ammo bu ishonch oqlanmadi - uni maydonda deyarli ko‘rmadik.

Belgiyalik futbolchi o‘tgan yil noyabrida safdan chiqib, uch oydan oshiq vaqt davomida tiklanish jarayonini boshdan kechirdi, ammo ikki o‘yinni to‘liq o‘tkazishga ulgurmasdan yana jarohat orttirib oldi. Fevral oyida Eden tarkibda bo‘lgan vaqtda «Real» atigi bir ochko oldi va 15 o‘yin davom etgan mag‘lubiyatsiz seriyasiga yakun yasadi. Bu yo‘qotish «qaymoqranglilar»ga turnir jadvalidagi yetakchilikni boy berishi uchun yetarli bo‘ldi, qolaversa, jamoa 1962 yildan buyon ilk marta «Barselona» La Ligada urilgan gollar soni bo‘yicha o‘zib ketishiga yo‘l qo‘ydi.

Azarning tibbiy ko‘rsatkichlari yanada qayg‘uliroq ko‘rinadi. «Santyago Bernabeu»dagi birinchi mavsumida u shunchalik ko‘p o‘yin o‘tkazib yubordiki, u «Chelsi» safidagi 7 mavsumda bunchalik ko‘p o‘yinni o‘tkazib yubormagandi (20). Angliyada Eden maydondan tashqarida qolishi bilan bog‘liq eng uzoq muddat 42 kun bo‘lgan, bu muddat ichida u faqat 5ta rasmiy o‘yinni o‘tkazib yuborgandi.

Klasikodan mahrum bo‘lish
Azarning muammolari Zinedin Zidanning kayfiyatiga ta'sir ko‘rsatmay qolmadi. Fransuz mutaxassisi yulduzli futbolchiga katta umidlar bog‘lagandi, ammo Eden bilan ro‘y bergan voqealar Asensioning tarixini takrorlamoqda. Mavsumlar oralig‘ida ispaniyalik futbolchi maydon bo‘ylab yelar ekan murabbiy jamoaning yangi yetakchisi timsolini aynan unda ko‘rgandi, ammo og‘ir jarohat tufayli u deyarli butun mavsumni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

«Bizda o‘n nafar hujumchisi bor, ammo bu bizning eng muammoli chizig‘imiz. », — deya qayd etdi shu kunlarda Zidan. Beyl doimiy ravishda jarohat oladi va Xames Rodriges kabi bosh murabbiyning «qora ro‘yxati»da. Lukas Vaskes barqaror o‘ynamaydi, Vinisius Junior esa barqaror o‘yin ko‘rsatish uchun hali yoshlik qilmoqda. Bu gap uning vatandoshi Rodriguga ham tegishdi, u «Real»ning ikkinchi jamoasi o‘yini vaqtida ahmoqona tarzda chetlatildi va klasikodan tashqarida qoldi. Braziliyalik futbolchi chiroyli yurish qilib, chiroyli gol urgandi, ammo u hujumga chiqqan vaqtda raqib futbolchisi jarohatlangan holda gazonda yotgandi, shu tufayli raqiblar uni halol o‘yin prinsiplariga rioya qilmaganlikda ayblashdi. Rodriguning oldiga raqibning g‘azablangan darvozaboni yetib kelib, e'tirozlarini bildirganida, u provakatsiya uslubida golini nishonlab berdi.

Natijada, o‘yin hakami sportga zid xatti-harakatlar tufayli unga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi va Zidan uchun navbatdagi bosh og‘riq paydo bo‘ldi. Yaqindagina o‘z natijalari bilan mashinani yodga sola boshlagan «Real» avvaliga Ispaniya Kubogini tark etdi, keyin La Liga peshqadamligini boy berdi, endi esa Yevropadagi kampaniyasini muddatidan avval tugatish yoqasida qolgan.

Yangi uslub

Foto Reuters

Zidan «Real»ga qaytganidan keyin jamoa taktik nuqtayi nazardan turlana boshladi: masalan, 25-tur doirasida «Levante»ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yinda (0:1), «Qirollik klubi» hujum chizig‘ida rang-baranglik namoyish etgandi. Juda sifatli uzun uzatmalar, qanotlarda Marselo va Daniel Karvaxalning tezkor hujumlari, Isko, Eden Azar va Karim Benzemning kombinatsiyalari. «Real»ga faqat yakunlovchi zarbalar yetishmadi (zarba berish nuqtasiga uzatilgan pas va undan oldingi pas bo‘yicha ko‘rsatkichlarda hammasi joyida edi), bu statistikada ham aks etgan: xG bo‘yicha Madrid jamoasi raqibdan yaqqol ustunlik qilgan — mezbonlarda ehtimoliy 1,89 gol raqibning ehtimoli 0,71 goliga qarshi.

YeChLda «Siti»ga qarshi o‘yinda «Real» mudofaa chizig‘ida ham yangicha o‘ynadi: Zidan shogirdlari pressingning passiv variantini tanlashdi va hududlarni yopib qo‘yishdi, Luka Modrich, Karvaxal va Kazemiro faol harakatlangan vaqtda «shaharliklar»ning uzun uzatmalarini osonlik bilan egallab olaverishdi. Gol urgan bo‘lsada Isko o‘zini maydonda topolmadi, u ba'zi holatlarda pressingda o‘z jamoadoshlariga xalal berib qo‘ydi va kerakli vaqtda ochilmadi.

Foto Reuters

«Barselona» boshqaruviga yaqinda kelgan Kike Seten ko‘k-anorranglilarni tiki-takaga qaytarmoqda: to‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlar 70 foizdan oshishi odatiy holga aylandi, uzatmalar soni ko‘paydi (masalan, La liganing 21-turida «Valensiya»ga qarshi o‘yinda ko‘k-anorranglilar jami 1009 teginishda 866 pas berishgan), yuqori pressing qilinmoqda va to‘p yo‘qotilganda tezkorlik bilan uni qaytarib olish uchun harakat boshlanmoqda. Gvardiolaga xos bo‘lgan uslub qaytganining yana bir dalili — darvozabon Mark-Andre ter Shtegenning o‘yinidir, u tez-tez to‘pga teginmoqda va hujumlarni birinchi pas bilan boshlab bermoqda. «Napoli»ga qarshi o‘yinda germaniyalik posbon 27 marta uzatma berdi — bu esa katalonlar forvardi Antuan Grizmanning natijasidan uch karra ko‘proqdir.

Bunday taktikadagi hal qiluvchi minus — to‘pga egalik natija keltirmasligidir. Bu neapolitanliklar bilan o‘yinda yaqqol ko‘rinib qoldi: kengliklar yetishmasligi, tig‘iz himoyadan o‘tishdagi muammolar va birinchi bo‘limda bitta ham aniq zarba bera olmaslik. «Barselona» maydon markazida qolib ketdi, buni jamoa yarimhimoyachisi Serxio Busketsning statistikasi ham ko‘rsatmoqda: Jamoa futbolchilari jami 937 teginishdan 133tasi unga aloqador edi.

Lekin «Real» bilan o‘yinda Seten boshqacharoq o‘ynashi ham mumkin: odatdagi 4-3-3 sxemasida emas, xuddi «Valensiya» va «Granada» bilan o‘yinlarda bo‘lgani kabi uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynash.

Hujumda kim o‘ynaydi?

Foto Reuters

«Levante» bilan o‘yinda «Real» Eden Azarni yana bir bor yo‘qotgach, Zidan endi yozda sotib olingan yana bir forvard Luka Yovichdan foydalanish haqida o‘ylab ko‘rishi mumkin, lekin uning statistikasi taassurot qoldirgulik emas: La Ligada jami 383 daqiqa o‘yin vaqti, ikki gol va bir golli pas. Garet Beyl maydonga tushishi ehtimoli deyarli yo‘q, aftidan uning xayoli boshqa chempionatlarda: uelslik futbolchi Ispaniya chempionatining joriy mavsumida Yovichdan ko‘ra uch barobar ko‘p o‘yin vaqtiga ega bo‘ldi (999 daqiqa), ammo u ham atigi 2 gol urdi va 2 golli pas bilan cheklandi. «Siti» bilan o‘yinda esa uning 75-daqiqada zaxiradan tushishi o‘yin kechishiga salbiy ta'sir ko‘rsadi (u tushgunicha Madrid hisobda oldinda edi 1:0): Beyl umuman pressingda qatnashmadi. To‘qqiz marta to‘pga tegindi, besh marta pas berdi va ikkita zarba — uning o‘yinning qolgan qismidagi statistikasi shu bo‘ldi.

Katta ehtimol bilan «Real» qanotida Vinisius maydonga tushadi, u «Siti»ga qarshi o‘yinda yomon ko‘rinmagandi va jamoaning yagona goliga hammualliflik qilgandi. Gap uning pasida emas, u tezligi va himoyadagi harakatlari bilan jamoaga yordam ko‘rsatdi (uch marta muvaffaqiyatli tarzda to‘pni olib qo‘ydi — hujum chizig‘i vakillari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich), maydonni yaxshi ko‘ra olishini ko‘rsatdi va raqibni o‘z driblinglari bilan sergaklikda ushlab turdi (to‘rt urinishdan uch martasida raqibni aldab o‘tdi). Vinisius bilan birga, ko‘p ehtimol bilan Isko va Benzema boshlang‘ich tarkibda harakat qilsa kerak.

Hujum chizig‘ida Usmon Dembele va Luis Suaresdan ayrilgan «Barselona» esa mojaroli ravishda «Leganes»dan olib kelingan Martin Breytueytga umid bildirishi mumkin (La Liganing joriy mavsumida 6 gol urib, bir golli uzatmaga mualliflik qilgan). Undan tashqari, hujum chizig‘ida 17 yoshli vinger Ansu Fati varianti ham bor.

Eng optimal variant universal futbolchi Arturo Vidal bo‘lishi ham mumkin: «Napoli»ga qarshi o‘yin ushbu chililik futbolchi Lionel Messi bilan bir-birini o‘zaro qanday tushunishini ko‘rsatib berdi.

Hozirda kim og‘irroq vaziyatda — Zidan yoki Seten, buni aytib bo‘lmaydi. Faqat bir narsa ma'lumki, may oyida chempionlikni yakshanba kungi klasikoda muammolarni to‘g‘ri hal eta olgan jamoa nishonlaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top