16:12 / 02.03.2020
2
31055
«Bahor qalqoni» amaliyoti: Suriyaning ikki samolyoti urib tushirildi, Idlib osmoni yopildi

Turkiya havo hujumidan mudofaa tizimi yakshanba kuni muxolifat nazoratida bo‘lgan Idlib osmonida uchayotgan suriyaliklarning ikkita qiruvchi samolyotini urib tushirdi. Xabarlarga ko‘ra, uchuvchilar katapulta qilingan va omon qolishgan.

Foto: Ghaith Alsayed / AP

Shuningdek, Turkiya suriyalik harbiylarning Halabdagi aerodromiga zarbalar yo‘llagan va endilikda aerodrom «foydalanish uchun yaroqsiz» ahvolga kelgan. Bu aerodrom orqali turk harbiylariga hujumlar uyushtirilgandi.

Ayni vaqtda Suriya Idlib havo kengliklarini yopiq deb e'lon qildi - endi suriyaliklar Idlib osmonidagi har qanday uchar obektni urib tushirishmoqchi.

Quriqlikda Suriya armiyasi va muxolifat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. Turkiya o‘z ittifoqchilarini artilleriya zarbalari orqali qo‘llab-quvvatlamoqda - Suriya armiyasining havo hujumidan mudofaa tizimlari va zirhli texnikalariga zarbalar berilmoqda.

Idlibdagi vaziyat 27 fevral kuni kechqurun turkiyalik 33 nafar harbiy Suriya aviatsiyasi zarbalari oqibatida halok bo‘lgach keskinlashdi. O‘shanda Asad kuchlari muxolifatning Serakibni qaytarib olish bo‘yicha urinishlariga javoban havo zarbalari yo‘llagandi.

Payshanba kuni Idlibda halok bo‘lgan turk askarlarining dafn marosimi / Getty Images

Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Oqar yakshanba kuni televideniye orqali chiqish qilib, «Bahor qalqoni» amaliyoti boshlanganidan buyon Suriya hukumati kuchlarining 2212 nafar harbiysi yo‘q qilingani, 103ta tank, 8 vertolyot va 1 dron yakson etilgani, shuningdek, suriyaliklarning boshqa harbiy jihozlariga zarbalar berilgani haqida ma'lum qildi.

Ofisi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari monitoringi markazi ma'lumotiga ko‘ra esa, Suriya harbiy xizmatchilari yo‘qotishlari soni 74 nafar bo‘lgan.

Idlibdagi vaziyat Turkiyaning Damashqni qo‘llovchi Rossiya bilan munosabatlarini ham sovuqlashtirmoqda. Ammo Xulusi Oqarning aytishicha, turklar buni istamasligini aytgan.

«Biz Rossiya [Suriya] rejimi tomonidan zarbalar berilishini to‘xtatishini istaymiz. Biz Rossiya bilan to‘qnashish istamaymiz va to‘qnashmoqchi ham emasmiz», degan u.

Yangi hafta davomida Erdo‘g‘an va Putin o‘zaro uchrashib, Idlibdagi vaziyatni muhokama qilmoqchi. Uchrashuv 5 mart kuni Xorvatiya poytaxti Zagrebda bo‘lib o‘tadi, shu kuni bu yerda Yevropa Ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi ham o‘tkaziladi.

Idlib nimasi bilan muhim?
Suriya shimoli-g‘arbida, Turkiya bilan chegara hududida joylashgan Idlib viloyati - Bashar Asad rejimiga qarshi kuchlar nazoratida qolgan so‘nggi hududdir. Bu viloyatda uning hukmronligi ostida yashashni istamay mamlakatning turli burchaklaridan qochib kelgan 3,5 millionga yaqin qochqinlar ham bor.

O‘tgan yilning dekabrida Eron va Rossiya tomoni ko‘magida Suriya hukumati qo‘shinlari Idlibni egallash uchun yurish boshladi hamda shu vaqtga qadar hududning bir qismida nazorat o‘rnatdi.

Bu hujum tufayli yana millionga yaqin kishi o‘z boshpanalarini tark etib, Turkiya bilan chegara hududida to‘plandi. Turkiya esa allaqachon 3,7 mln qochqinni o‘z hududiga qabul qilib bo‘lgan, mamlakat rahbariyati yangi qochqinlarni qabul qilish uchun resurslar yetarli emasligini ma'lum qilgan.

2018 yil sentyabrida Rossiya va Turkiya o‘rtasida tuzilgan Sochi kelishuviga ko‘ra, Idlib qurolli harakatlardan xoli hududga aylantirilishi, Turkiya esa bu hududda qochqinlar xavfsizligini ta'minlash uchun kuzatuv postlarini o‘rnatishi ko‘zda tutilgandi.

Fevral oyi boshida prezident Erdo‘g‘an agar oy oxiriga qadar suriyalik harbiylar Idlibdan ketmasa, Turkiya armiyasi ularni kuch bilan siqib chiqarishini ma'lum qilgandi.

Hozircha turklar va suriyaliklar havo zarbalari va artilleriya zarbalari bilan almashishmoqda / Getty Images

Rossiya va Turkiya Suriya armiyasining ushbu viloyatdagi harakatlari bo‘yicha turli qarashlarga ega. Moskva mintaqada vaziyat keskinlashishida Asad rejimiga qarshi muxolifat kuchlarini ayblaydi, RF prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ularni «Idlibda pistirma qo‘ygan terrorchilar» deb atagan. Anqara esa Suriya hukumati shunchaki Sochi kelishuvini buzgan holda Idlibni to‘liq egallashga urinishni maqsad qilgani haqida aytadi.

Rossiya tomoni mamlakat harbiylari Serakib atrofidagi so‘nggi to‘qnashuvlarda ishtirok etmagani, rus harbiylari turk askarlari o‘limiga aloqador emasligini bildirgan. Turkiya ham Rossiyaga nisbatan rasmiy ayblov qo‘ymagan.

Rossiya avvalroq BMT Xavfsizlik kengashida Idlibda gumanitar sulh tuzilishi bo‘yicha rezolyutsiyaga to‘siq qo‘ygan va bu hududda tinchlik o‘rnatilishining yagona chorasi - mamlakatda terrorchilarni qo‘llab kelayotganlarning barchasini haydash ekanini bildirgandi.

Tinch aholi vakillariga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishda ayblanayotgan Suriya hukumati esa «Idlibni terrorchilardan ozod qilish» maqsadida ekanini ma'lum qilgan.

Juma kuni Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qilishdi va Idlibdagi vaziyat barqarorlashishi uchun Rossiya va Turkiya o‘z harakatlarini yanada muvofiqlashtirishi bo‘yicha kelishib olishi kerakligini ta'kidlashdi.

Turkiya nima uchun Idlibni tark etolmaydi?
Turkiya Suriya bilan umumiy chegaralarga ega, bu chegara orqali suriyalik qochqinlar shimolga tomon harakatlanishadi.

Shanba kuni prezident Erdo‘g‘an uning mamlakati bundan keyin qochqinlarni qabul qila olmasligi va Yevropaga o‘tishni istaganlarga qarshilik qilmasligini ma'lum qildi.

Bundan tashqari, Anqara Suriya shimolidagi hududlar kurdlar nazoratiga o‘tishini istamaydi. Hukumat bu holda Turkiya ichkarisida kurd millatchiligi kuchayishi mumkinligidan xavotirlanadi. Suriya kurdlari avval AQShning mintaqadagi ittifoqchilari bo‘lishgan, ammo Donald Tramp qaroriga ko‘ra amerikalik harbiylarning katta qismi bu hududdan olib ketilgach, kurdlar Suriya hukumati bilan ittifoq tuzishga majbur bo‘lgan.

Turkiya Idlibni ikki sababga ko‘ra o‘zi nazorat qilishni istaydi: kurd bo‘linmalaridan himoya to‘sig‘i hosil qilish va bu yerga o‘z hududidagi suriyalik qochqinlarni joylashtirish uchun.

Mavzu
Idlib mojarosi
2019 yil dekabrida Suriya armiyasi Idlibni to‘liq egallash uchun yurish boshladi. Turkiya esa Suriya shimolidagi ittifoqchilarini himoya qilish uchun bu hududdagi kuzatuv postlariga minglab harbiylarini jo‘natdi va ikki tomon o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bera boshladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top