00:40 / 02.03.2020
5
139256
Koreyaning virus o‘chog‘iga aylangan shahridan reportaj: vatandoshlar qanday fikrda?
Foto: KUN.UZ

SARS-CoV-2 koronavirusini yuqtirib olganlar soni bo‘yicha Janubiy Koreya Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinda qolmoqda. 1 mart holatiga ko‘ra, mamlakatda 3700dan ortiq kishida kasallik aniqlangan, 21 bemor vafot etgan.

Koreyaning markaziy hududida joylashgan Tegu shahri mamlakat bo‘ylab koronavirus tarqalishining asosiy o‘chog‘i bo‘lib turibdi.

Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov mazkur shaharda bo‘lib, u yerda yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan muloqotda bo‘ldi.

Vatandoshlarimiz koronavirus tarqalishi, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aviqatnov to‘xtatilishi xabariga va umuman aslida vaziyat qanday ekanligiga turlicha munosabat bildirdilar.

Do‘kon xodimi:

– Do‘konimiz aynan Tegu shahrida joylashgan. Xaridorlarimizning asosiy qismi – o‘zbeklar. Bu mavzeda vatandoshlarimizdan taxminan 500 kishi yashaydi. Uyga qaytganlar juda borsa 15-20 foizni tashkil etsa kerak. Qolganlar odatdagidek xarid qilish uchun kelib turishibdi.

Zavod ishchisi:

– Tegu shahrida, koronavirus o‘chog‘ida bo‘lsak-da, odatdagidek ishga qatnab turibmiz. Aviaqatnovlar to‘xtatilishi masalasiga kelsak, bu qarorni to‘laqonli ma'qullayman! Koreyada bunday epidemiyalarga tayyorgarlik salohiyati ancha yuqori. Kishi kasallangan taqdirda ham,  bu yerlarda davolanish qulay. Koreya hukumati tomonidan bepul amalga oshiriladi.

O‘zbekistondagi yaqinlarni xavf ostiga qo‘yib, u yoqqa borgandan foyda yo‘q. Koreyada 75 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, bularning barchasiga reys va karantin sharoitlarini tayyorlashning o‘zi bo‘ladimi?

Tadbirkor:

– Kuniga yuzlab o‘zbekistonliklar bilan muloqotda bo‘lamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan vahima bu yerlarda sezilmaydi. Hamma o‘z ishi bilan band. Lekin virus tarqalmagan deya olmayman. Kasallikka chalingan bemorlar davolanayotgan shifoxona ishxonamizga 4 kilometrlik oraliq masofada joylashgan.

Bir paytning o‘zida ham sog‘lom turmush tarzi va himoya choralarini ko‘rishga, ham turli asossiz vahimalar ko‘tarishdan tiyilishga chorlagan bo‘lar edim.

Farzandini davolatishga olib kelgan ona:

– Farzandim uchun biroz xavotir olyapman. Imkonim bo‘lganda uyga qaytar edim. Lekin qizimning davolanish jarayonlari davom etayotgani bois, O‘zbekistonga qayta olmaymiz. Xudo xohlasa, yaxshi bo‘lib ketishiga umid qilamiz.

Restoran oshpazi:

– Biz oilamiz bilan Tegu shahrida yashab, shu yerda ishlaymiz. Farzandlarim ham shu yerda. Qo‘rquv, vahima bizda yo‘q. Vahimaning hammasi O‘zbekistonda bo‘layotgandek.

Hurmatli ota-onalar, xavotir olmanglar. Vaziyat siz o‘ylaganchalik qo‘rqinchli darajada emas. Koreya hukumati tomonidan nazorat ostiga olingan.

Talaba:

– O‘zimda qo‘rquv yo‘q, lekin oila a'zolarim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xil xabarlar sabab xavotirda qolishgan. Tun-u kun menga qo‘ng‘iroq qilib qaytishim kerakligini aytishyapti.

Bu ham bir sinov. Hadislarda keltirilishicha, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) aytgan ekanlar: «Vabo tarqagan joyga bormang va vabo tarqagan joydan chiqmang». (Abdurrahmon ibn Avfdan Imom Buxoriy rivoyat qilgan – tahr.)

Shunday ekan, O‘zbekistondagi oila a'zolarimizni xavf ostiga qo‘ygandan, shu yerda sabr qilishimiz kerak deb o‘ylayman.

Biz suhbatlashgan o‘ndan ortiq o‘zbekistonlik hozirgacha vatandoshlar orasida virus yuqtirish holati haqida eshitishmaganini bildirdi.

Umuman, virus o‘chog‘iga aylangan shahardagi hamyurtlarimiz bilan suhbatlarda ularning ko‘pchiligi vaziyatdan xotirjamligi, qo‘rquv va tahlikada emasligi oydinlashdi.

Shunday bo‘lsa-da, vatanga qaytishni istayotgan, biroz xavotir ichida qolgan yurtdoshlarimiz ham yo‘q emas. Ammo ulardan aksariyati yaqin kunlarda bu dard bartaraf etilishiga ishonmoqda va sabr bilan voqealar rivojini kuzatishini, tavsiya etilgan qoidalarga rioya qilishlarini ta'kidlashyapti.

Eldor Vohidov,
Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri.

 

Koronavirus Janubiy Koreyada: vaziyat chindan ham og‘irmi?

Koronavirus: Mavjud vaziyat va kelajak taxminlari

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top