13:24 / 02.03.2020
0
52321
Sekta rahbarlari qotillikda ayblanmoqda. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi yangiliklar

Yakshanba kuni Seul ma'murlari prokuraturaga qotillik, zarar yetkazish va infeksion kasalliklar tarqalishi ustidan nazorat to‘g‘risidagi qonunni buzishda ayblanayotgan «Sinchondji» diniy sektasining 12 rahbariga qarshi da'vo arizasi kiritishdi.

Foto: Getty Images

Rasmiylar mamlakatda koronavirus tarqalishiga sektaning Tegu shahrida o‘tkazilgan marosimlari vaqtida sekta a'zolarining kasallikni bir-biriga yuqtirishi sabab bo‘lgani, virus shu orqali Janubiy Koreyaning boshqa hududlariga yoyila boshlaganini ta'kidlashgan.

Bi-bi-sining Seuldagi muxbiri Lora Bikerning so‘zlariga ko‘ra, bu da'vo mamlakatda lideri o‘zini masih deb ataydigan diniy tashkilotga nisbatan norozilik ortib borayotganini anglatadi.

Ma'murlar ushbu sektaning barcha a'zolarini — 230 ming kishini tekshirib chiqishdi va taxminan 9 ming kishi o‘zida koronavirus alomatlarini boshdan kechirgani aytildi. Sekta yetakchisi 88 yoshli Li Man Xi ham koronavirus tekshiruvidan o‘tgan, uning natijalari hozircha noma'lum.

Shu bilan birga, yakshanba kuni Janubiy Koreyadagi barcha katolik cherkovlari Covid-19 virusi tarqalishining oldini olish maqsadida yopildi. 

Ko‘plab ijtimoiy tadbirlar, shu jumladan, BTS pop guruhining konserti ham bekor qilingan.

Tegu shahri Janubiy Koreyadagi koronavirus o‘chog‘i / Getty Images

Janubiy Koreyada katolik cherkoviga ibodat qiluvchilar taxminan 5,8 million kishini tashkil qiladi — u mamlakatdagi eng katta konfessiyalardan biri. 7 martga qadar 1734ta cherkovda ibodatlar bekor qilindi.

Bu katoliklar mazhabining Janubiy Koreyada faoliyat ko‘rsatgan butun 236 yillik tarixida misli ko‘rilmagan qadamdir.

Boshqa ko‘plab diniy konfessiyalar, xususan, protestantlar cherkovlari va budda ibodatxonalari ham yakshanba kungi diniy marosimlarni bekor qildi. 

Janubiy Koreya koronavirus tarqalishi soni bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi mamlakatga aylandi: virus yuqishi bilan bog‘liq 4335ta holat tasdiqlangan va 26 kishi vafot etgan.  Virusga chalinganlarning yarmidan ko‘pi «Sinchxonchji» diniy sektasi ta'limoti izdoshlaridir. 

«Sinchondji shohidlik chodiri ibodatxonasi» nima o‘zi?

Li Man Xi / EPA
  • 1984 yilda janubiy koreyalik voiz Li Man Xi tomonidan tashkil etilgan diniy harakat
  • 88 yoshli Li o‘zini Injildagi Isoning o‘rniga keluvchi «va'da qilingan ruhoniy» deb ataydi
  • Uning ta'limoti izdoshlariga vaqti noma'lum bo‘lgan bu hodisa allaqachon Li Man Xi siymosida kuzatilgan, deb o‘rgatiladi
  • «Sinchondji» qisqartmasi «Yangi osmon va yangi yer» degan ma'noni anglatadi. 
  • Li Man Xining ta'kidlashicha, Injil shifrlangan metafora tilida yozilgan va undagi asl ma'no faqat unga va uning izdoshlariga ma'lum
  • Harakat dastlab faqat Janubiy Koreyada mavjud edi, ammo hozir u boshqa davlatlarga ham tarqalmoqda. 
  • Tashkilot diniy marosim yaratishda ayblanmoqda, uning faoliyati qator mamlakatlarda tanqid va shikoyatlar keltirib chiqarmoqda.

Buyuk Britaniyadagi vaziyat
Yakshanba kuni Britaniyada Covid-19 virusining yana 12ta holati mavjudligi tasdiqladi. 

Britaniyada 36 kishi koronavirusdan zararlangan / GETTY IMAGES

12 kishidan uch nafari ilgari ushbu virus mavjudligi tasdiqlangan odam bilan yaqin aloqada bo‘lgan, deb xabar bermoqda Angliyaning bosh shifokori, professor Kris Uitti.

Ulardan biri, Esseks grafligida yashovchi bemor yaqinda chet elda bo‘lmagan va shifokorlar aytishlaricha, boshqa kasallanganlar bilan tayinli aloqada bo‘lmagan. Bu odam qanday yuqtirgani hozircha noma'lum. 

Qolgan sakkiz bemordan olti nafari yaqinda Italiyadan va ikki kishi esa Erondan qaytgan. 

O‘tgan juma kuni Sarrey grafligida ham infeksiyalanish tarixi noma'lum bo‘lgan yangi bemor aniqlandi.

Umuman olganda, bugungi kunda Britaniyada 36ta koronavirusdan kasallanish holati mavjud.

Yakshanba kuni Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Tehrondagi elchixonasi xodimlarini olib kelishi haqida e'lon qildi.

Fransiya
Muzey xodimlari o‘z sog‘lig‘i xavotiri sabab deyarli bir ovozdan ishga bormaslikka ovoz berishganidan so‘ng Parijda Luvr yopildi.

Luvr oldida uzun navbatlar hosil bo‘lgan, ammo keluvchilar ichkariga kiritilmayapti / REUTERS

Luvr — dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzey. Shanba kuni Fransiya hukumati bino ichida bir vaqtning o‘zida besh mingdan ortiq odam yig‘ilishini taqiqladi.

Fransiyada Covid-19’ning 100ta holati qayd etilgan. Ikki kishi vafot etdi. 

Luvr yana qachon ochilishi noma'lum. 

Mamlakatlar bo‘yicha ma'lumotlar
JSST ma'lumotlariga ko‘ra, jami 68 mamlakatda 89143ta yangi virus holati qayd etilgan (Xitoyda 80 026 holat).

Dunyo bo‘yicha o‘lim soni 3048 nafarga yetgan. Kasallanish va uning oqibatidagi o‘limning aksariyati XXRda kuzatilmoqda - so‘nggi bir kunda yana 42 kishi vafot etdi va endi bu mamlakatda virus qurbonlari soni 2912 nafarni tashkil qilmoqda. 44,4 ming kishi sog‘ayib ketgan. Dunyo bo‘ylab jami 44 899 kishi tuzalgan.

Yakshanba kuni Avstraliya va Tailand koronavirus tufayli o‘lim hollari qayd etilgan mamlakatlar ro‘yxatiga qo‘shildi: virusni fevral oyida «Daymond Prinsess» kruiz kemasida yuqtirib olgan 78 yoshli avstraliyalik vafot etdi.

Tailandda 35 yoshli erkak vafot etdi, u koronavirusdan tashqari, denge isitmasi bilan og‘rigan. Ushbu mamlakatda jami 43ta holat mavjud. 

Shanba kuni AQShda, King okrugida (Vashington) Covid-19’dan birinchi o‘lim qayd etildi. Bu haqda davlat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili ma'lum qildi. 

Fransiyada yopiq binolarda har qanday yirik tadbir o‘tkazish taqiqlandi. Ushbu yakshanba kuni o‘tkaziladigan ochiq havodagi ko‘plab tadbirlar, shu jumladan, Parij marafoni va Nitssedagi mushakbozlik ham bekor qilingan.

Jazoirda koronavirusdan zararlanishning yana ikki holati qayd etildi - 53 yoshli ayol va uning 24 yoshli qizi kasallangan.

Italiyada rasmiylar Covid-19 avj olishi keltirib chiqaradigan iqtisodiy oqibatlarga qarshi kurashish uchun 3,6 milliard yevro ajratilganini e'lon qilishdi. Italiya hozirgi kunda koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan Yevropa davlati bo‘lib turibdi (1694 bemor va 34 qurbon). 

Yaponiyada Tokiodagi marafon bekor qilinmadi, ammo unda 38 ming ishtirokchining o‘rniga faqat professional sportchilar kuch sinashdi. 

Yakshanba kuni Eronda koronavirus virusining yangi 385 holati ma'lum bo‘ldi. Umumiy hisobda, mamlakatda 978 nafar koronavirus bemori va 54ta o‘lim holati qayd etilgan.

O‘lim holatlarining yosh, salomatlikning holati va jins bo‘yicha miqdori.
Cardiovascular - yurak-qontomir kasalliklari, Diabetes - diabet, Respiratory disease - respirator kasallik, Hypertension - gipertenziya, None - hech biri
O‘lim holatlari erkaklar o‘rtasida ko‘proq uchramoqda.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top