18:03 / 02.03.2020
0
19345
Kroos dirijyor rolida. Zidan «Real»ni yana qo‘rqinchli jamoaga aylantirdi

Mavsumdagi ikkinchi klasikoda «Real» g‘alaba qozondi. Chempionlar Ligasini uchinchi marta yutgach «Real»dan ketgan Zidan yana Madridga qaytdi. Bu vaqt davomida «Barselona»ni ikki murabbiy boshqarishga ulgurdi, ammo Kataloniya klubida aytarli hech narsa o‘zgarmagan – jamoa hamon Messiga ishonib o‘ynamoqda. Bilasizmi, Zidan «Barselona»ni Madridda ilk marta mag‘lub etdi. Zizu buni qanday uddaladi?

Tushunarsiz «Barselona»

Ishoning, «Barselona» so‘nggi yillardagi eng yomon davrini boshdan kechirmoqda. Jamoa barcha ustunliklarini yo‘qotgandek. G‘alabaga umid bag‘ishlaydigan birgina omil qolgan – Messi. «Barselona» yoki «Real»ning qanday holatda ekanini bilish uchun ularning o‘zaro o‘yini eng yaxshi o‘lchov hisoblanadi. Birinchi davradagi to‘qnashuvda «Barselona» mag‘lub bo‘lmaslik uchun maydonga tushib buni uddalagandi. Kecha esa kataloniyaliklar aytarli hech qanday maqsadsiz maydonga tushdi. Vaholanki, «Barselona» uchun birlamchi reja yengilmaslik va turnir javdalidagi yetakchilikni saqlab qolish bo‘lishi kerak edi. G‘alaba qozonishni va bu orqali «Barselona»ni ortda qoldirishni maqsad qilib maydonga tushgan «Real» esa bunga erishdi. Xullas, o‘yinga aniq reja bilan tushgan jamoa g‘olib bo‘ldi.

Seten xato tanlovmi?

«Barselona» Messiga haddan tashqari bog‘lanib qolgani bor gap, lekin bu darajadagi katta jamoalarda murabbiy hech qachon soyada qolib ketmasligi kerak. Aytaylik, Valverde qat'iyat yetishmasligida ayblangan bo‘lsa-da, «Barselona» uchun katta avtoritetga aylana olgandi. Shu sababli Messi uning ketganidan xafa bo‘lganini yashirmadi.

Valverdening o‘rniga murabbiy tanlashda esa «Barselona» katta tavakkalga qo‘l urdi. Xuddi Martin Breytueytni sotib olganda tavakkal qilgani kabi. Ko‘pchilik «Barselona» muxlislari unchalik yaxshi tanishga ham ulgurmagan Kike Seten klasikoda ko‘rinmay qoldi. Seten «Barselona» va «Real»ni «Betis» bilan «surbetlarcha mag‘lub etish» hamda klasikoning dahshatli atmosferasi ichida bo‘lish o‘rtasida farq juda katta ekanini o‘z tanasida his qildi. Ha, janob Seten, «Barselona»ni boshqarish dalada sigir boqish emas.

Seten klasikoda shunchalik hayajonlandiki, bir necha marta zaxira o‘rindig‘idagi joyiga borib o‘tirib oldi. O‘yindan keyin Messi unga deyarli qiyo boqmay maydonni tark etgani esa murabbiyga yana bir og‘ir zarba bo‘ldi. Valverde «Roma» va «Liverpul» bilan o‘yinlarda hech narsa qila olmagan bo‘lsa-da, kamida uning jamoasi «Real» oldida bunchalik bechorahol bo‘lib qolmagandi. Ahvol shunchalikka yetdiki, «Napoli»ga yengilsa, Setenning javobi berilishi ham mumkin.

Qo‘rqinchli va yangi «Real»

Zidanni futbolchilik vaqtidayoq kuchli murabbiy bo‘ladi deb taxmin qilish mumkin edi, ammo to‘g‘risi u faoliyatining boshidayoq ketma-ket uch marta Chempionlar Ligasini yutishi hech kimning tushiga ham kirmagandir. Axir bu musobaqani hech kim hatto ikki marta ham ketma-ket yutmagan. Zidan «Real»ni shunday jamoaga aylantirdiki, Chempionlar Ligasini boshqa hech kim yuta olmaydigandek taassurot uyg‘ondi. Ammo ajoyib kunlarning birida Zidan «Real»dan ketishini e'lon qildi. Bu vaqtda Ronaldu ham jamoadan ketishi aniq bo‘lib ulgurgandi.

Bu «Real» muxlislari uchun chinakam tarsaki bo‘ldi. Zizu nega ketgani haqida turli taxminlar bildirildi. Mantiqan olib qaraganda, Zidanning o‘rniga kamida Chempionlar Ligasini yutgan biror top-murabbiy kelishi kerak edi, ammo Peres bunday qilmadi. U JCh-2018 boshlanishi oldidan Ispaniya milliy jamoasi murabbiyi Xulen Lopetegi Madridning yangi murabbiyi bo‘lganini e'lon qildirdi. Oqibatda Lopetegi Ispaniya milliy jamoasidan haydaldi. Ha, aynan haydaldi. Bunday tuturiqsiz murabbiyni Ramos boshchiligidagi jamoa qanday kutib olishini taxmin qilish qiyin emasdi.

Lopetegi dastlabki klasikoda sharmandalarcha mag‘lub bo‘ldi. Jamoa «Barselona»ga 1:5 hisobida yengilgach murabbiy ishdan ketdi. Peresning so‘nggi yillardagi ikkinchi eng qo‘pol xatosidan so‘ng (birinchisi Benitesning olib kelinishi bo‘lgandi) «Real» shunchalik og‘ir ahvolga kelib qoldiki, uni faqat bir kishi qutqarib qolishi mumkin edi... Va u odam sevimli jamoasining og‘ir avholga tushib qolganini hazm qila olmadi. Ha, Zizu «Real»ga qaytdi.

Darvoqe, Lopetegidan keyin «Real»da bir muddat Santyago Solari ham ishladi, ammo «Blankos»ning sobiq futbolchisi murabbiylikdagi startini yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, YeChLda kutilmaganda «Ayaks»ga mag‘lub bo‘lib musobaqani tark etdi. Oxiri uchta mavsumda bu musobaqa sovrinini hech kimga bermagan jamoa uchun esa bu kechirilmas mag‘lubiyat edi.

Zidan qaytganida «Real» Yevropaning hamma jamoasi qo‘rqadigan YeChLni uch marta yutgan klub emas, «Barselona»ga 1:5 hisobida yengilgan, «Ayaks»ning yosh bolalariga o‘z maydonida mag‘lub bo‘lib YeChLni tark etgan jamoaga aylanib qolgandi. Zidan bu kelishida «Real»ni oyoqqa turg‘azishda juda qiynaldi. Chunki birinchi kelishida uning obro‘si bergan inersiya katta rol o‘ynagan, bundan tashqari jamoada Ronaldu bor edi.

Shunday bo‘lsa-da, Zidan kuchli murabbiy ekanini isbotlay oldi. Bu ayniqsa «Barselona»ga qarshi o‘yinda ko‘rindi. «Real» birinchi bo‘limi teng kechgan o‘yinning ikkinchi bo‘limida «Barselona»ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Maydonda xuddi o‘sha Zidan bilan o‘zining eng yuqori darajasiga chiqqan «Real» va uning dahshatli bosimda o‘tadigan pressingini ko‘rdik. Faqat ijrochilar biroz yangilangandi.

Federiko Valverde aynan shu klasikoda «Real» uchun qanchalik muhim figuraga aylanganini ko‘rsatdi. U o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb ham topildi. Vinisius qanday o‘ynaganini ko‘rdingiz. «Barselona»ga qarshi o‘yinda braziliyalik vunderkind chinakamiga porladi. Zidanning oldingi kelishida Asensio va Vaskes ochilgan bo‘lsa, endi aynan Vinisius va Valverde porlamoqda. Hali Rodrigo, Braim Dias, Luka Yovich, bundan tashqari ijarada yurgan juda ko‘p futbolchilar bor. Zidan tarkibdagi eng asosiy ikki yulduz Azar va Beylsiz ham «Real»ni qo‘rqinchli jamoaga aylantirib, bu jamoadagi asosiy yulduz aynan o‘zi ekanini ko‘rsatdi.

Kroos

«Barselona» bilan o‘yinda «Real» uchun hal qiluvchi futbolchi Toni Kroos bo‘ldi. Vinisiusning golida germaniyalik futbolchi qanday o‘ynaganini ko‘rdingiz. So‘nggi besh yillikda shubhasiz dunyoning eng zo‘r tayanch yarimhimoyachisi hisoblangan Kroos futbolda intellekt naqadar muhim omil ekanini isbotladi.

U xuddi dirijyor kabi Vinisiusga nima qilishni ko‘rsatdi. O‘yin ketayotgan vaqtda qildi bu ishni sovuqqon nemis futbolchisi! Katta futbolchilar yetishib chiqishida aynan Kroos kabi aqlli futbolchilarning xizmati beqiyos bo‘ladi. Ajabmas, Vinisius vaqti kelib «Oltin to‘p»ni olganida sahnaga chiqib Kroosning o‘sha ko‘rsatmasi faoliyatini o‘zgartirib yuborgani haqida gapirsa...

Zidan ikki o‘yindan birini tanladi

«Real» YeChL 1/8 finalining birinchi o‘yinida «Siti»ga yengilach ko‘pchilikning xayoliga bir fikr keldi: Zidan bor e'tiborni «Barselona»ga qaratgan. Albatta, murabbiy bu gapni rad etdi, lekin mantiqan olib qarasa, bu to‘g‘ri tusmol edi. To‘g‘ri, Zidan kiyim almashtirish xonasiga kirib, «Yigitlar, YeChLni 3 marta yutganmiz, «Siti»ga yutqazib beraylik, e'tiborni «Barsa»ga qaratamiz», demagan. Ammo ruhan u uchun asosiy o‘yin aynan klasiko ekanini his qilgan. Bir tomondan La Ligadagi sovrinsiz seriya cho‘zilib ketyapti, boshqa tomondan nomus masalasi. Klasikoda yutqazish har qanday o‘yindan yutqazgandan yomonroq «Real» uchun.

«Match TV»da «Manchester Siti» — «Real» o‘yini oldidan tashkil etilgan studiyada bir aktyor ham chaqirildi. Georgiy Cherdansev o‘sha aktyordan «Real» ikki o‘yindan birini tanlash-tanlamasligi haqida noodatiy tarzda so‘radi:

— Tasavvur qiling, siz bugun sahnaga chiqishingiz kerak, muhim spektaklingiz bor. Ammo 3 kundan keyin yana bir muhim rolda o‘ynashingiz kerak, kuchingizni qanday taqsimlaysiz?

— Men faqat hozirgi rolimni o‘ylayman, keyin navbatdagi rolimga tayyorlanishim mumkin.

San'at va futbol mana shu yerda kelganda kesishmay qoladi. Zidan ikki katta o‘yinda ham jismoniy jihatdan yuqori holatda bo‘lish imkonsiz ekanini bilgan holda kuch taqsimotida «Barselona» bilan o‘yinga yon bosdi. Albatta, u «Siti»ni ham yengishni xohlagan, lekin kuchni klasikoga tejashni ham esdan chiqarmagan. Futbolda hissiyotlar har qancha muhim bo‘lmasin jismoniy imkoniyat birlamchi bo‘lib qolaveradi.

Zidan Kroosni «Siti» bilan o‘yinda maydonga tushirmadi, buning sababini so‘raganlarga esa bir futbolchiga bog‘lanib qolmaganmiz, mag‘lubiyat sababi Kroos emas dedi. Lekin aynan «Siti»ga qarshi o‘ynamagan Kroos klasikoda nimalar qilganini ko‘rdingiz. Xullas, Zidan o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolganida «Barselona» bilan o‘yin, xususan La Liga chempionligi muhim ekanini tanlagan ko‘rinadi.

Yana bir jihat, «Siti» bilan o‘yindagi xatoni tuzatish uchun yana bir imkon bor, ammo klasikodagi mag‘lubiyatga revanshni kamida bu mavsumda olib bo‘lmasdi. Agar Zidan chindan ikki o‘yindan birini tanlagan bo‘lsa, mantiqan to‘g‘ri ish qilgan. Axir u Zidan-da...

O‘tkir Jalolxonov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top