20:13 / 02.03.2020
0
2827
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rahbariyati o‘z rejalarini ma'lum qildi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rahbari va uning birinchi o‘rinbosari yangi tuzilmada amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalarini ma'lum qildi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Vazir Rahmat Mamatov mahallalarda bandlik muammosini hal qilishni o‘zining ustuvor vazifasi sifatida belgilab olganini ta'kidladi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

«Har bir fuqaro manfaati, undan keyin xonadon manfaati, so‘ngra mahalla manfaatiga o‘tgan holda ishlamoqchimiz. Har bir muammoning tagida moddiy manfaat yotadi. Shuning uchun odamlar ish bilan band bo‘lsa, oylik olib ishlaydigan bo‘lsa, muammolar o‘z-o‘zidan barham topadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishib oldik. Ishga layoqatli, lekin o‘z yo‘lini topa olmaganlarni o‘qitib, kasbga yo‘naltiramiz», dedi Rahmat Mamatov 2 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 

Vazir mahalla fuqarolar yig‘inlarini bino bilan ta'minlash masalasini ham o‘zi uchun belgilab olganini aytdi.

«Mahalla fuqarolar yig‘inlarining har biri o‘z binosiga ega bo‘lishi uchun harakat qilaman. Hokimliklar bilan gaplashib, mavjud, lekin kadastr hujjati bo‘lmagan binolarning hujjatini qilib, mahalla balansiga o‘tkazamiz.

Bino uchun avval uch tomonlama shartnoma bo‘lgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma qilib, daromad olishlariga imkon ham bo‘ladi», dedi Mamatov.

Vazir bergan ma'lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha 3091ta mahalla fuqarolar yig‘ini o‘z binosiga ega emas. Bino muammosi sabab 86ta MFY raisi o‘z uyida turib ishlashiga to‘g‘ri kelgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova ham yangi tuzilmada amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalari haqida gapirdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatidagi faoliyatim davomida nimalargadir ulgurdim, nimalargadir kuchim yetmadi. Huquqiy masalalarda, bandlik masalasida qiyinchiliklar bor edi. 20 yil davomida birlamchi tizimdagi akusher ginekologlar, homilador ayollarga yordam berish tizimini yo‘qotib qo‘ydik. Bolalarga profilaktik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yo‘qotdik.

Homilador ayollarimizning konvert ko‘tarib yoki qo‘ng‘iroq bilan qayergadir borib yurishining oldini olish uchun mahalladagi onalik va bolalik masalasi bo‘yicha, xotin-qizlar masalasi bo‘yicha ishlaydigan o‘rinbosari endi tibbiyot xodimlari bilan birga ayollar maslahatxonasi degan tuzilmaning haqqoniy ishlashiga erishmoqchiman», dedi Bositxonova.

Ma'lumot uchun, 18 fevral kuni prezident farmoni bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik hozirga qadar faoliyat yuritib kelgan tuzilmalar – Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Nuroniy» jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining vazifalarini birlashtirishi belgilangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top