22:07 / 02.03.2020
1
94027
«Pole chudes» asoschisi o‘ldirilishi: Butun Rossiya efirlari to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan mash'um voqea

O‘shanda ikkinchi bosqich talabasi edim. Bahorning ilk kunlari… Talabalar yotoqxonasidagi televizorda Rossiya kanallarida faqat qora fonda Vladislav Listevning portreti, ostiga «VLADISLAV LISTeV UBIT» degan yozuv yozib qo‘yilgan edi. Shu mash'um voqeaga ham chorak asr bo‘libdi.

Vlad Listev // foto: Global Look Press

O‘shanda jurnalist Listev ORT (Obshchestvennoye Rossiyskoye Televideniye — Rossiya jamoatchilik televideniyesi, hozirgi «Pervyy kanal») direktori sifatida ish boshlaganiga endi bir oy bo‘lgan edi.

1956 yilning 10 mayida Moskva shahrida tug‘ilgan Vladislav Listev keyinchalik Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetining xalqaro bo‘limini tugatgan. 1982 yilda o‘qishni tugatgach, SSSR davlat teleradio qo‘mitasining bosh propaganda tahririyatiga xorijiy davlatlarga radioeshittirishlar muharriri bo‘lib ishga kirgan.

1987 yilda u Markaziy televideniyening yoshlar tahririyatiga ishga o‘tib, «Vzglyad» dasturi boshlovchilaridan biri bo‘ladi. «Vzglyad» dasturining muvaffaqiyatidan ilhomlangan Listev va uning hamkasblari «VID» («Vzglyad I Drugiye») telekompaniyasiga asos solishdi. Bu komapniya hanuz «Pervyy kanal» uchun ayrim teledasturlarni tayyorlab kelmoqda.

Listev 1991 yildan «VID» telekompaniyasining bosh prodyuseri, 1993 yilning oktyabridan uning prezidenti bo‘ladi. «VID» telekompaniyasida ishlagan vaqtlarida Listev «Pole chudes» («Mo‘jizalar maydoni») kapital-shousi, «Tema» («Mavzu») va «Chas pik» («Tig‘iz vaqt») kabi teleko‘rsatuvlar muallifi va boshlovchisi bo‘ldi. Shuningdek u «Zvyozdnyy chas» («Yulduzlik soati»), «L-klub», «Serebryanyy shar» («Kumush shar») va «Ugaday melodiyu» («Navoni top») dasturlari dasturlarini yaratgan.

Foto: Nikolay Malishev / TASS

Aynan shu davrda u kompaniyadagi sheriklari bilan mojaroga kirisha boshlagan. «Vlad Listev. Pristrastnyy rekviyem» («Vlad Listev. Otashin motam kuyi») kitobida yozilishicha, Listev kompaniya prezidentligidan o‘z hamkasblari tomonidan ketkazilgan (uning o‘rnini Aleksandr Lyubimov egallaydi).

Foto: Vitaliy Savelev / RIA «Novosti»

1995 yilning yanvarida Listev «VID» telekompaniyasidan ketadi va 31 yanvar kuni Birinchi kanalning ORT telekompaniyasiga bosh direktor etib tayinlanadi. Rossiyalik yozuvchi va jurnalist Aleksandr Kondrashov o‘zining «Qayta qurish bitllari» kitobida shunday yozadi: «Berezovskiy ORTning bosh direktorligi lavozimiga Listevni tanlashiga sabab — barcha nomzodlar ichida faqat uning «titulli beshinchi punkti» bor edi». Ya'ni, yozuvchi Listev yahudiy millatiga mansub bo‘lganiga shama qilmoqda.

Rossiyalik jurnalist Aleksey Venediktovning hisoblashicha, «Berezovskiyning ORTdagi o‘g‘riliklarga barham berishda yagona umidi Listevdan edi».

ORTga ishga o‘tgach, Listev darhol kompaniyaning xo‘jalik siyosatida jiddiy o‘zgarishlar qila boshlaydi. ORT direktorlar kengashi bosh direktori o‘rinbosari Badri Patarkatsishvili taklifiga binoan misli ko‘rilmagan ishga qo‘l uradi — 1 apreldan boshlab federal kanalda reklama ko‘rsatishga moratoriy e'lon qilish. Listev bu buyruqni imzolaydi. Bu qaror birinchi navbatda ORTda reklama joylashtirilishini 100 foiz nazorat qiluvchi reklama agentliklari uyushmasiga qaratilgan edi.

Foto: Nikolay Malishev / TASS

Tahdidlar

 Listevga u hayotligida bir necha bor o‘lim bilan tahdid qilishgan. Unga hattoki jonli efirda qo‘ng‘iroq qilishgan, bir necha bor o‘ldirishni va'da qilishgan. Uyidagi shahar telefoni doimo uzilib qolar, Listev mobil aloqadan foydalanishga majbur bo‘lar va so‘zlashuvni kimlardir eshitib turardi.

Foto: Nikolay Malishev / TASS

Listev o‘zini o‘ldirishlari mumkinligini taxmin qilar, lekin bunga ishonmas edi. Shu sababli real tahdidlarga qaramasdan u shaxsiy tansoqchilardan foydalanmagan.

 Qotillik

1995 yilning 1 martida soat 21:10larda, «Chas pik» dasturi s'yomkalaridan qaytayotgan chog‘da u Moskvaning Novokuznetsk ko‘chasida joylashgan o‘z uyi pod'yezdi oldida noma'lum ikki shaxs tomonidan o‘ldirib ketiladi. Birinchi o‘q uning o‘ng yelkasiga tegadi. Ikkinchisi — boshiga.

Uning yonida bo‘lgan pul va boshqa qimmatli narsalarga teginilmaydi, shu sababli tergovchilar 39 yoshli jurnalistning o‘limi uning ishi yuzasidan yoki siyosiy faoliyati bilan bog‘liq degan to‘xtamga kelishadi.

2006 yilga kelib ushbu qotillik yuzasidan ochilgan jinoiy ishda tomlar soni 200dan oshadi. Tergovni bir necha tezkor guruh olib boradi, garchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ish ochilish arafsida ekani to‘g‘risidagi bir necha bayonotlariga qaramasdan, na qotillar, na buyurtmachilar topiladi (ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, hokimiyat tomonidan bosim bo‘lganligi sababli).

Foto: Stanislav Panov / TASS

Reaksiya

Listevning o‘limi va dafn marosimi atrofidagi voqealar keng jamoatchilik rezonansi bilan kutib olindi. 2 mart kuni Rossiyaning barcha markaziy telekanallari ko‘rsatuv uzatishni to‘xtatishdi. Kun bo‘yi mamlakat ekranlarida ORTning bosh direktori portreti «Vladislav Listev o‘ldirildi» yozuvi bilan uzatilgan. Efirga faqat shoshilinch yangiliklar dasturi chiqarib turilgan.

Zamonaviy Rossiyada shundan so‘ng birorta voqea barcha telekanallar efiri to‘xtatilishiga sabab bo‘la olmagan.

3 mart kuni kechqurun, Moskva vaqti bilan soat 19:00da «Chas pik» ko‘rsatuvi efirga uzatilgan hamda dastur Listevning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan. Uning ortidan «Ostankino» studiyasi va «Chas pik» dasturi studiyasidan Listev xotirasiga bag‘ishlangan «Chas pik Rossii» («Rossiyaning tig‘iz vaqti») ko‘rsatuvi efirga jonli uzatilgan. Unda Rossiyaning taniqli jurnalistlari, siyosatchilari va artistlari ishtirok etgan. Xotira tadbirlarida Nikolay Svanidze, Yuriy Nikolayev, Yevgeniy Kiselyov, Boris Notkin, Ivan Demidov, Lyudmila Gurchenko, Mixail Gorbachyov, Artyom Borovik, Yegor Yakovlev va boshqalar ishtirok etgan.

Bir kun avval Rossiya prezidenti Boris Yelsin qotillik yuzasidan bayonot bergan:

«Fojia yuz berdi… Bu fojia «Ostankino» jamoasi, Rossiyaning barcha jurnalistlari, butun Rossiyaning fojiasidir. Jahonning eng iqtidorli televizionchisining qo‘rqoqlarcha, yovuzlarcha, banditlarcha o‘ldirilish fojiasi. Men bu og‘ir daqiqalarda yonlaringda bo‘la olmadim. Lekin banditizm, korrupsiya, poraxo‘rlik va jinoyatilikka qarshi kurashish uchun yetarli chora ko‘rmagan aybdor rahbarlardan biri sifatida oldlaringda bosh egaman».

Foto: Nikolay Malishev/TASS

Vladislav Listevning o‘limi 1990-yillarda ro‘y bergan eng shov-shuvli qotilliklardan biri bo‘lib, hanuz ochilmasdan kelmoqda.

Sh.ShOKIRJONOV tayyorladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top