13:49 / 02.03.2020
0
4774
Samarqand va Toshkentda «Real» maktabini ochish bo‘yicha kelishuv imzolandi
Foto: realmadrid.com

2020 yilning sentabr oyida O‘zbekistonda «Real Madrid» fondining ijtimoiy sport maktablari ochiladi, deya xabar bermoqda «Real» klub rasmiy sayti.

 27 fevral kuni Madriddagi «Santyago Bernabeu» stadionida o‘tgan tadbirda «Real Madrid Foundation» fondi ijrochi-direktori Enrike Sanches, klub faxriy elchisi Santyago Solari, O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi muxtor elchisi Jahongir G‘aniyev va «El Golazo» loyihasi rahbarlari Zokirjon Xoliqov va Jahongir Usmonov ishtirok etib, bu haqda rasmiy kelishuv imzolangan.

 Manbada keltirilishicha, ushbu loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va «El Golazo» tomonidan ishlab chiqilib, Dubay amiri sanalmish shayx Muhammad ibn Rashid Al-Maktumning ijtimoiy-sport loyihalarini qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan moliyalashtiriladi.

 Dastlabki futbol maktabi Samarqand shahri Motrid qo‘rg‘onida joylashgan 59-maktab o‘rnida ish boshlasa, yana biri Toshkentdagi 281-maktabda amalga oshiriladi. Loyihaga ko‘ra, «Real Madrid» fondi maktablari ispan klubining metodikasi bilan amalga oshiriladi, sport inventarlari va boshqa anjomlar esa Al-Maktum fondi tomonidan beriladi. Futbol maktablarida 300ga yaqin o‘smirlar tahsil oladi.

 «Ushbu kelishuv Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Ishonamanki, bunday hamkorlik aloqalarimizni yanada mustahkamlab, rivojlanishiga katta turtki bo‘ladi», - deydi mamlakatimizning Ispaniyadagi elchisi Jahongir G‘aniyev.

 O‘z o‘rnida «El Golazo» rahbari Zokirjon Xoliqov hamkorlikning muhimligini qayd etib o‘tdi: «Sport – bolalarni rag‘batlantirish va ularga qadriyatlarni o‘rgatish uchun eng yaxshi ta'lim vositasi ekanligiga ishonamiz» - dedi u.

 «Real» sobiq bosh murabbiyi, klub faxriy elchisi Santyago Solari ham «Real» bu hamkorlikdan mamnun ekanligini qayd etib o‘tdi: «Bolalar sport maktabida haqiqiy sport ta'limini o‘zlashtirishlari mumkin. «Real Madrid» metodikasi bilan tahsil beriladigan maktablarda o‘smirlar shaxs sifatida ham shakllanishadi» - deya fikr bildirdi madridliklar sobiq futbolchisi.

 O‘zbekistondagi ushbu loyihalar «Muhammad ibn Rashid Al-Maktumning ijtimoiy sport maktablarini rivojlantirish bo‘yicha global tashabbuslari» doirasida amalga oshiriladi, deya yoziladi Madridning «Real» klubi rasmiy saytida.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida Muhammad ibn Rashid Al-Maktumga tegishli «Al Maktoum» fondi Samarqandda futbolni rivojlantirish loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top