21:13 / 02.03.2020
0
13498
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili: «Bizga fuqarolarimiz Koreya hududida qolgani ma'qul»

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi rahbari Alisher Sulaymonov ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklarning vizalari uzaytirilishi, fuqarolar O‘zbekistonga majburan qaytarilmasligi, ular o‘z xohishiga ko‘ra Koreyada qolishi barcha uchun foydali bo‘lishi haqida gapirdi.

Bugun, 2 mart kuni Janubiy Koreya vaqti bilan soat 20:00dan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi rahbari Alisher Sulaymonov feysbuk ijtimoy tarmog‘i orqali jonli efirda O‘zbekiston fuqarolarining savollariga javob qaytardi.

Janubiy Koreyadagi fuqarolar koronavirus munosabati bilan cheklangan aviaqatnovlar, vizani uzaytirish va Koreyada aviachiptalarni sotib olish bo‘yicha savollar yo‘llashdi.

Sulaymonov O‘zbekiston kelgusida Koreya Respublikasi hududidagi fuqarolarini evakuatsiya qilishi mumkinligini istisno qilmadi.

«Avvalo, yaxshi niyat qilaylik. Biz ushbu vaziyat tezroq yaxshilanishiga umidvormiz. Biroq vaziyat jiddiy tus olsa, O‘zbekiston o‘z fuqarolarini qaytarish uchun albatta, barcha kerakli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Hech kimni majburan O‘zbekistonga qaytarish uchun choralar ko‘rilmaydi. Biz uchun ayni damda fuqarolarimiz Koreya hududida bo‘lgani maqsadga muvofiq», dedi u.

U shuningdek, Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklarning vizalari muddati uzaytirilishini ma'lum qildi.

«Albatta, hikorea.go.kr sayti orqali vizangizni hozirgi holatini tekshirasiz. Odatda, Koreya hukumati tomonidan 30 aprelga qadar cho‘zdirilgan bo‘lishi kerak. Ye9 va Ye10 viza turlari bundan, mustasno. Agar cho‘zdirilmagan bo‘lsa, u holda hikorea.go.kr saytida ro‘yxatdan o‘tib, immigratsiya xizmati idorasiga borib, vizani uzaytirish uchun ariza to‘ldirasiz. Arizada uzaytirish uchun asosiy sabablar ko‘rsatilishi kerak. Biz vizani uzaytirish tartibi haqida yana batafsil ma'lumot va ko‘rsatmalar beramiz», degan u.

Mutasaddi aprel oyida aviaqatnovlar cheklanmasligiga umid qilishini bildirgan. 

U shuningdek, mart oyidagi reyslarga chipta olganlar chiptasini qaytarishi evaziga chipta uchun sarflangan pullar to‘lanishi shartligini qo‘shimcha qilgan.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, vakolatxona 3 mart kuni ham shunday jonli muloqotni tashkil etishni rejalashtirgan.

1 martdan aviaqatnovlar soni qisqartirilib, har haftada bir marta paritet asosida parvozlar galma-gal amalga quyidagi tartibda oshiriladi:

  • 2020 yil 8 mart kuni – «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi tomonidan;
  • 2020 yil 15 mart kuni – Koreya Respublikasi aviakompaniyalari tomonidan;
  • 2020 yil 22 mart kuni – Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan;
  • 2020 yil 29 mart kuni – Koreya Respublikasi aviakompaniyalari tomonidan.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top