21:19 / 03.03.2020
3
29210
Mijozlardan 57 milliarddan ortiq pul yig‘ib olgan «Avto 60 oy» faoliyatini 10 mln so‘m bilan boshlagani ma'lum bo‘ldi

Tergov ma'lumotiga ko‘ra, MChJ faoliyatini 10 million so‘m bilan boshlab, ustav fondini shakllantirmagan.

2 mart kuni ayni masala yuzasidan Interpol milliy markaziy byurosida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda «Avto 60 oy» rahbari Jamshid Bahodirovning onasi Malohat Zokirova ham qatnashib, yig‘ilganlarga murojaat qildi.

«Sizlardan yordam so‘rayman, hech kimning pulini yeb ketmaydi. Hamma pullaring «Avto oltmish oy»ning hisobida turibdi. Pullaringni qaytaradi. O‘zi qiynalgani uchun, xalqqa yordam berish uchun bu ishlarni qilgan. Agar jinoyat qilgan bo‘lsa, jinoyati sud davomida ko‘rib chiqiladi.

U ehsonlar qilgan, mehribonlik uylariga xayriyalar bergan. Lekin birovlarning pulini yeb ketgan joyi yo‘q. Bolam sizlarga zarar yetkazgan bo‘lsa, hammalaringdan uzr so‘rayman. Xudo xohlasa, suddan eson-omon chiqsa, pullaringni qaytarib beradi», dedi u.

Malohat Zokirova

Onaning so‘zlariga IIV Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i Azizbek Dolixo‘jayev munosabat bildirdi.

«Siz hozir yetkazilgan zararning hammasi qoplab beriladi, deb aytyapsiz. MChJ hisob raqamidagi pullar va mol-mulklar 34 milliard so‘mni tashkil qilyapti. Odamlardan esa 57 milliard so‘m jalb qilingan. Qolgan mablag‘lar qayerda?

Jamshid Bahodirovda 18 ming 818 nafar odamga xuddi shuncha avtomashina yetkazib berish majburiyati bor. Shuncha fuqarodan 96 nafari transport vositasi olgan xolos. Qolganlarga qaysi pul mablag‘lari hisobidan avtomashina qilib beradi? U faoliyatini 10 million so‘m bilan boshlagan. Ustav fondini shakllantirmagan.

Ehson qilishdan oldin 18 ming nafardan ortiq odam oldidagi majburiyatini bajarishi kerak. Agar faoliyatida foydaga kirsa, so‘ngra xayriyalar qilishi mumkin. Ammo shartnoma bo‘yicha majburiyatini bajarmay turib, fuqarolardan olingan pullarni xayriyalarga sarflashga haqqi yo‘q», – dedi Dolixo‘jayev.

Malohat Zokirova tergov paytida o‘g‘liga tazyiq o‘tkazilganini aytmoqda – iddao o‘z isbotini topmasa, u javobgarlikka tortilishi mumkin.

«Tergov jarayonida bolamga nisbatan tazyiqlar bo‘ldi. O‘g‘limni menga yozgan xatida yozilishicha, 4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasi «Toshturma»dan olib kelishgan. O‘shanda tazyiq o‘tkazishgan.

Narkologiya dispanseridan ham odam olib kelishgan ekan. O‘sha yerda Alisher «oper» va Farhod Ergashev bo‘lgan. Alisher «oper» o‘g‘limdan 900 ming dollar talab qilgan.

«900 ming dollar bersang, seni suddan chiqarib yuboramiz. Pulni falonchi, falonchilarga beramiz», degan. O‘g‘lim shu gaplarni 2-3 varaqli xatida o‘zidan-o‘zi yozmasa kerak. Lekin bu bo‘yicha oddiy tekshiruv bo‘ldi, tezda yopilib ketdi.

Biz oddiy kambag‘al fuqarolar qolib ketaveramiz. «Straus House» ta'sischisidan ham 1 million dollar so‘rashgan ekan. U bola ham bo‘lmagan gapni aytmasa kerak.

Bu holatlar bo‘yicha hamma joyga murojaat qildim. Sizlarga ham ko‘p marotaba xat yozdim. Yozmagan joyim qolmadi. Tergov departamenti tekshirib, ko‘rib chiqyapti, degan javobni oldim. Tergovchi, «oper»larga nisbatan nima chora ko‘rdilaringiz? Qani shuni aytinglar?» – dedi Malohat Zokirova.

IIV Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i Azizbek Dolixo‘jayev bu savollarga javoban aytishicha, Jamshid Bahodirov tergov idorasiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyatlardagi ofislarida tintuv o‘tkazilganidan keyin keltirilgan. Shundan so‘ng unga nisbatan gumonlanuvchi tariqasida chaqiruv qarori e'lon qilinib, so‘roq qilingan.

Azizbek Dolixo‘jayev

Tergov jarayonlari to‘liq videoga yozib olingan.

«Jamshid Bahodirov bilan bog‘liq tergov harakatlari himoyachilari ishtirokida amalga oshirilgan. Uning bitta emas, ikki-uchta himoyachilari bor.

Qolaversa, hozir har bir tergov xonalari kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. O‘g‘lingiz saqlanayotgan vaqtincha saqlash hibsxonasida ham kameralar o‘rnatilgan. Ular 24 soat to‘xtovsiz videotasvirga oladi. Murojaatingiz bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan va o‘z tasdig‘ini topmaganligi bois qanoatlantirish rad qilingan», – dedi Azizbek Dolixo‘jayev.

Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekov ushbu iddaolar bo‘yicha qaytadan xizmat tekshiruvi tayinlanishini ma'lum qildi.

«Bu bo‘lmagan gap. Shunga qaramay bu bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlaymiz. Voqea 4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasida bo‘lgani aytildi, videoarxivni ko‘tartiramiz. Vaqtinchalik ushlab turish hibsxonasining hamma videokameralaridagi yozuvlarni o‘rganmiz. Odilona, adolatli qaror qabul qilamiz.

Og‘zaki ayblovlardan voz kechaylik. Aniq dalillaringiz bo‘lsa bering, kunlari, joylarini ayting, surishtirib tagiga yetamiz. Keling, hammasini ochiqchasiga qilamiz. Xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Hibsxonaga kim kirgan, kim chiqqan – hammasiga oydinlik kiritiladi.

Bu jarayonga OAVni ham taklif qilamiz. «Straus House» ta'sischisining tergovchilar 1 mln dollar talab qilgani haqidagi asossiz ayblovidan keyin 900 mln (900 ming dollar demoqchi – tahr.) dollar so‘ralgani haqidagi gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bunga nuqta qo‘yishimiz kerak. Biz ham o‘zimizning qonunda belgilangan huquqlarimizdan foydalanish vaqti keldi, deb o‘ylayman», deydi u.

Oybek Qulbekov

Oybek Qulbekovning ta'kidlashicha, fuqaro Malohat Zokirovaning aytgan gaplari tasdig‘ini topsa, aybdorlarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘riladi. Agar bu gap asossiz bo‘lib chiqsa, uning o‘zi javobgarlikka tortiladi.

«Bolam bu ishlarni boshlaganida yomon niyatda bo‘lmagan. Otasizlikda o‘stirganman. Xalqqa foydasi tegishi uchun, xalq hojatini chiqarish uchun ochgan bu firmani. Balki noto‘g‘ri ish qilgandir, xato qilgandir o‘qimagani uchun, kollejni bitirgani uchun.

O‘g‘lim faoliyatini endi boshlaganida, ishxonasida tekshiruv bo‘lgan. Alisher «oper» borib, tekshiruv o‘tkazgan. Hamma hujjatlari to‘g‘riligini isbotlab berishgan. Shunda ham bolamni tinch qo‘yishmadi.

Tergovga kelganimda Farhod Ergashev «O‘g‘lingizni to‘rt marotaba chaqirganmiz, quloq solmagan», deb bir necha marta aytdi. Nima uchun firma 12ta viloyatda ofislarini ochib, ishlari kattalashib ketgunga qadar biror kishi indamadi?! Nima sababdan qamab qo‘yishgan, 5 oydan beri qamoq jazosida», – deydi Malohat Zokirova.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning oktyabrida «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga UzAutoMotors AJning IIVga ushbu MChJning shubhali faoliyat ko‘rsatayotganini bildirib yo‘llagan murojaati yuzasidan tergovga qadar surishtiruv vaqtida aniqlangan holatlar asos bo‘lgan.

Tergov ma'lumotiga ko‘ra, «Avto oltmish oy» MChJ ta'sischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va'da qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olgan, 19 mingga yaqin mijozdan jami 57 milliard 412 million so‘m yig‘ilgan.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34 milliard 148 million so‘m bo‘lib, shundan naqd pul shaklidagisi 26 milliard so‘m, xatlangan mol-mulklar esa 8 milliard 148 million so‘mdan iborat. Kamomad 23 mlrd 264 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Tergov departamenti «Avto oltmish oy» MChJ rahbari Jamshid Bahodirov jinoiy sxemani bir o‘zi o‘ylab topishga qodir emasligini ta'kidlagan. Uning jinoiy sheriklari bor va ayni vaqtda ularning sonini aniqlash davom etmoqda.

Ushbu ish bo‘yicha gumonlanuvchilar ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanmoqda, bir nafar gumonlanuvchiga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hujjatli taftish yakuni bo‘yicha qolgan shaxslar va jamiyatning viloyatlardagi filiallaridagi menejyer hamda kassirlarining harakatlariga huquqiy baho berilishi aytilmoqda.

«Avto oltmish oy» MChJ rahbari va boshqa mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish uchun belgilangan muddat 7 oygacha, ya'ni 2020 yilning may oyigacha uzaytirilishi kutilmoqda. Hozirgacha mazkur jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 17 ming fuqaro so‘roq qilingan. Jabrlanuvchilar to‘liq so‘roq qilinib, zarar miqdori aniqlangandan keyingina tergov yakunlanadi va ish sudga oshiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top