18:17 / 03.03.2020
0
23722

«Avto 60 oy»dan olingan mashinalar xatlanishi mumkin

«Avto oltmish oy» MChJ foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomashina olib berishni va'da qilib, salkam 19 ming odam bilan shartnoma tuzgan, biroq ularning atigi 0,5 foiziga avtomobil olib bergan. Ammo bu avtomobillar ham odamlar tomonidan jamiyat hisobiga to‘langan pullar evaziga sotib olingani uchun jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida xatlanishi mumkin.

2 mart kuni Interpol milliy markaziy byurosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i Azizbek Dolixo‘jayev «Avto oltmish oy» MJCh faoliyati bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar berdi.

Azizbek Dolixo‘jayev

«Tergov davomida 18 818 nafar mijoz jamiyatga 57 milliard 412 million so‘m to‘lov qilgani aniqlandi. Shundan mijozlarga avtomashina sotib olib berish uchun «Qibray avto-moto servis» MChJga 24 milliard 6 million so‘m ko‘chirib berilgan, bu pulga 130ta mashina sotib olingan, shundan 96tasi mijozlarga yetkazib berilgan, xolos.

Mashina yetkazib berilgan fuqarolar ham jabrlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan. Sababi ularga yetkazib berilgan avtomobillar ham odamlar tomonidan jamiyat hisobiga to‘langan pullarga sotib olingan. Ertaga ushbu mashinalar ham jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararni qoplashga qaratiladigan bo‘lsa, ularning egalari jabrlanuvchiga aylanib qolishi mumkin. Chunki ular avtomashina uchun faqat boshlang‘ich va boshqa to‘lovlarni to‘lagan. Avtomobil tannarxining qolgan qismi odamlar to‘lagan pullar hisobidan qoplangan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda «Qibray avto-moto servis» MChJdan sotib olingan, biroq mijozlarga yetkazib berilmagan 34ta mashina «Avto oltmish oy» MChJ rahbari va boshqa mansabdorlari tomonidan jinoiy yo‘llar bilan o‘zlashtirilgani, jamiyat ehtiyojlari uchun ishlatilgani ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, tergov davomida aniqlangan 28ta turli rusumdagi umumiy bahosi 2,1 milliard so‘mga teng bo‘lgan transport vositalarini xatlash choralari ko‘rilmoqda.

«96 nafar mijozga mashina olib berilgan. Deylik, men mijoz sifatida borib 3 mln to‘lagan bo‘lsam, 80 millionlik mashina olib berilgan. 80 mln so‘mni men 60 oy mobaynida to‘lashim kerak edi. Bu boshqa odamlarning firmaga to‘lagan puli evaziga olingan.

Shu sababli «Avto oltmish oy» MChJdan mashina olgan fuqarolarga to‘g‘ri tushuntirgan holda imkoniyat beryapmiz. Dastlabki tergov yakuniga qadar mashinaning pulini to‘liq to‘lab berishsa, keyinchalik sud orqali mashinaga egalik huquqini saqlab qolishlari mumkin. Agar pullar qaytarilmaydigan bo‘lsa, 96ta mashina qonunda belgilangan tartibda xatlanishi va hozirgi egalaridan olib qo‘yilishi mumkin», deydi Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekov.

Oybek Qulbekov

Matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri jinoyat sodir etilgan davrda javobgarlarning qarindosh-urug‘lari, do‘stlari, tanishlari nomiga turli mol-mulklar olingani bo‘lishi mumkinligi, tergov jarayonida bu kabi omillar hisobga olingani bilan qiziqdi.

«Agar fuqarolar har qanday qarindoshining nomiga ko‘char yoki ko‘chmas mulk sotib oladigan bo‘lsa, tergovchilarda bu qaysi mablag‘lar hisobidan olingan degan shubha tug‘diradi va surishtiruv davomida bu masala o‘rganib chiqilib, tergov o‘z fikrini bildiradi. Agar shubha tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, mazkur mol-mulk xatlanib, kelgusida jabrlanuvchilarga to‘lab berish choralari ko‘riladi», deydi Azizbek Dolixo‘jayev.

Tadbirda mulkiy jinoyatlar, ya'ni talon-toroj, kimgadir zarar yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda ayblanayotgan shaxslardan tashqari IIV tizimidagi moliyaviy-razvedka va tezkor xizmatlar orqali ularning yaqinlari va qarindoshlari doirasi aniqlanadi, kerakli tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilishi bildirildi.

«Pul mablag‘lari qayerga chiqib ketdi, kimning nomiga rasmiylashtirildi, qanday qilib legallashtirildi – barchasi o‘rganiladi. Qo‘limizda bu bo‘yicha ma'lumotlar bor. Birovlarning nomiga olingan mol-mulklar ham aniqlangan. Ular kimning nomiga olingani, qanday o‘zlashtirilganini tergov yakunlanib, ish sudda ko‘rib chiqilgandan keyingina oshkor qilishimiz mumkin. Aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra sudning qonuniy hukmi e'lon qilinmaguncha hech kimni aybdor deb aytib bo‘lmaydi», deydi Oybek Qulbekov.

Eslatib o‘tamiz, «Avto oltmish oy» MChJ ta'sischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va'da qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olgan, 19 mingga yaqin mijozdan jami 57 milliard 412 million so‘m yig‘ilgan.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34 milliard 148 million so‘m bo‘lib, shundan naqd pul shaklidagisi 26 milliard so‘m, xatlangan mol-mulklar esa 8 milliard 148 million so‘mdan iborat. Kamomad 23 mlrd 264 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Tergov departamenti «Avto oltmish oy» MJCh rahbari Jamshid Bahodirov jinoiy sxemani bir o‘zi o‘ylab topishga qodir emasligini ta'kidlagan. Uning jinoiy sheriklari bor va ayni vaqtda ularning sonini aniqlash davom etmoqda.

Ushbu ish bo‘yicha gumonlanuvchilar ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanmoqda, bir nafar gumonlanuvchiga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hujjatli taftish yakuni bo‘yicha qolgan shaxslar va jamiyatning viloyatlardagi filiallaridagi menejyer hamda kassirlarining harakatlariga huquqiy baho berilishi aytilmoqda.

«Avto oltmish oy» MChJ rahbari va boshqa mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish uchun belgilangan muddat 7 oygacha, ya'ni 2020 yilning may oyigacha uzaytirilishi kutilmoqda. Hozirgacha mazkur jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 17 ming nafar fuqaro so‘roq qilingan. Jabrlanuvchilar to‘liq so‘roq qilinib, zarar miqdori aniqlangandan keyingina tergov yakunlanadi va ish sudga oshiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top