23:30 / 03.03.2020
0
13361

Britaniya bosh vaziri farzandi tug‘ilgach «dekret»ga ketmoqchi

Foto: Flickr

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson navbatdagi farzandi dunyoga kelgach, bola parvarishi bo‘yicha ta'tilga ketmoqchi.

29 fevralda 55 yoshli Jonson va uning 31 yoshli dugonasi Kerri Saymonds unashishganlari va yoz boshida farzandli bo‘lishlarini ma'lum qilishgandi.  

Jonson jurnalistlarning boshqa “yosh” otalarga o‘rnak ko‘rsatib, “dekret ta'tili”ga ketish-ketmasligi haqidagi savollariga “Ha, ketsam kerak”, deb javob qildi. 

Britaniya qonunchiligiga ko‘ra, otalar bola parvarishi bo‘yicha ish haqi saqlanadigan 2 haftalik ta'til olishga haqlari bor. Bu ta'tilni bola tug‘ilgandan keyin olish mumkin va u chaqaloq 56 kunlik bo‘lgungacha yakunlanishi lozim. Onalarga esa ish haqi saqlanadigan 52 haftalik dekret ta'tili ko‘zda tutilgan.

Bosh vazir devonxonasi Jonsonning dekretga ketishi vaqtida uning vazifalarini kim bajarishini ma'lum qilmagan. Ta'kidlanishicha, bosh vazir lavozimini tashqi ishlar vaziri Dominik Raab vaqtincha egallab turishi mumkin.

Kerri Saymonds birinchi marta onalik baxtini his qiladi, Jonson esa “ancha yillik stajga” ega ota hisoblanadi. Uning huquqshunos Marina Uiler bilan turmushidan 4 nafar katta yoshli farzandi, san'atshunos Xelen Makintayrdan qizi hamda yana bir nikohsiz farzandi bor. Ta'kidlash joiz, Britaniya bosh vaziri farzandlarining aniq soni haqidagi savollarga javob berishdan qochib yuradi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top