15:35 / 03.03.2020
0
2198
«Mehr» operatsiyasi bo‘yicha O‘zbekistonning tajribasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi

Bugun, 3 mart kuni, Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida «Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti: O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi vazirlik, idora va fuqarolik jamiyati institutlarning vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar xodimlari, shuningdek, bir qator xorijiy ekspertlar qatnashmoqda.

Anjumanda «Mehr-1» va «Mehr-2» operatsiyalarida faoliyat yuritgan qator organ vakillari turli yo‘nalishlar, xususan, qaytib kelganlarni huquqiy, diniy, psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ta'kidlanishicha, konferensiyadan maqsad – reintegratsiya va diniy-ekstremistik, terroristik tashkilotlarga bog‘liq shaxslarni reabilitatsiya qilish sohasida O‘zbekiston va jahon hamjamiyati siyosatining hozirgi holati va ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishdir.

Ilmiy-amaliy konferensiyaning ikkinchi kunida ishtirokchilar Termiz shahrida bo‘lib, Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar va bolalar yashash tarzi bilan tanishadi.

Bundan maqsad – tibbiy yordam, ta'lim va boshqa ijtimoiy dasturlardan foydalanish, shuningdek, psixologik-ijtimoiy yordam bilan ta'minlash masalalarini o‘rganish, mintaqaning boshqa mamlakatlar uchun muhokama qilinadigan masalalar bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish, bu sohada O‘zbekistonning ijobiy tajribasini mintaqaviy va xalqaro hamjamiyatga yetkazishdan iboratdir.

Eslatib o‘tamiz, «Mehr-1» va «Mehr-2» insonparvarlik harakatlari 2019 yilda o‘tkazilib, ushbu tadbirlar doirasida 261 nafar ayol va bola yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlar zonalaridan qaytarilgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top