18:48 / 03.03.2020
0
11402
«Mehr» operatsiyasida O‘zbekistonga qaytarilgan ayollarga qancha yordam puli berilgani ochiqlandi

Bugun, 3 mart kuni, Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida «Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti: O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili Fariza Ramazonova Suriya va Iroqdan qaytarilgan ayollarni huquqiy jihatdan himoya qilish masalasiga to‘xtaldi.

«Mehr-1» operatsiyasida ayollar va bolalar, «Mehr-2» da esa faqat bolalar vatanga qaytarildi. Ayollar va bolalar O‘zbekistonga keltirilgandan so‘ng ularni qo‘rqitgan jihat huquqiy himoya hisoblanadi.

Barchaga ma'lumki, bu yerga kelgandan so‘ng ularda shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan. IShID hududiga kirib kelishganda ularning pasportlari olib qo‘yilgan va yoqib yuborilgan. Ayollarga pasport, ayniqsa, bolalarga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtirish yuridik chalkashliklarga olib keldi. Shunga qaramasdan, qisqa muddat, ya'ni 1-2 oyda ularga fuqarolik pasporti, guvohnomalar berildi, fuqaroligi ham tiklab berildi.

Ular jinoiy javobgarlikka tortilishdan qo‘rqib, ortga qaytmagan. Ba'zilari xalqaro qidiruvga berilgandi.

Fariza Ramazonova

Ayollarning aytishicha, ularga Turkiya va Rossiyada soxta pasportlar tayyorlab berilgan. Milliy qonunchilikka ko‘ra, repatriantlar Jinoyat kodeksining bir qancha moddalarini buzganlikda ayblanib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilishi, hattoki butun umrlik qamoq jazosiga tortilishlari mumkin edi.

Ayni vaqtda bu ayollar doimiy yashash joylariga qaytarilgan. Davlat hisobidan uylar berildi, moddiy ta'minoti uchun 7-10 mln. so‘m ajratildi.

Ularning huquqiy himoyasi ta'minlangan. Shuningdek, ayollarga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun tikuv mashinasi olib berildi. Bolalar esa maktab va MTMlarga joylashtirildi», – dedi Fariza Ramazonova.

Eslatib o‘tamiz, «Mehr» operatsiyasi birinchi marta 2019 yil 30 mayida o‘tkazilgan, unda 107 nafar bola va 48 nafar ayol Suriya va Iroqdan vatanga qaytarilgan edi. 10 oktyabrda esa 64 nafar bola Iroqdan olib kelindi.

Dastlabki xabarlarda repatriant ayollarga BHMning 10 barobari, bolalarga esa 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam puli berilgani ma'lum qilingan edi.

Bundan oldin Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar bo‘yicha o‘rganish natijalari ma'lum qilingan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top