14:09 / 03.03.2020
7
35970
O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha harakatlar tartibi tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2020 yil 27 fevraldagi 2-sonli qaroriga asosan 2020 yil 1 mart kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus COVID-19 kasalligining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha amalga oshiriladigan harakatlar algoritmiga asosan joriy etiladigan tartib tasdiqlandi

Foto: Pavel Mikheyev / Reuters

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasiga davlat chegarasidan kirib kelayotgan fuqarolar ularning qaysi davlat fuqaroligidan qat'iy nazar COVID-19 koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkab bo‘lgan davlatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali kirib kelayotgan bo‘lsa bu tartiblar joriy etiladi. Agarda, fuqarolar “COVID-19” koronavirus kasalligi qayd etilmagan boshqa davlatlarda 14 sutkadan ortiq vaqt mobaynida istiqomat qilib, so‘ngra O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan bo‘lsa - ularga nisbatan karantin va cheklovlar joriy etilmaydi.

1. Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Italiya, Afg‘oniston Islom Respublikasi, Yaponiya davlatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali, bir vaqtda uyushgan holda kirib kelganda fuqarolar 14 sutkaga karantinga olinadi.

Istisnolar: rasmiy va hukumat delegatsiyalari a'zolari, shuningdek, xizmat va diplomatik pasport egalari, aviakompaniyalar uchuvchilari va ekipaj a'zolari, lokomotiv brigadalar, temir yo‘l transportining transport faoliyati bilan bog‘liq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar.

Kirib kelayotgan fuqarolar davlat chegarasidan kirish joyida hududiy hokimiyat organlari tomonidan belgilangan joylarga uyushgan holda avtobusda olib boriladi, 14 sutka mobaynida uzluksiz ravishda aholidan izolyatsiya qilinadi. Ushbu muassasalarda inson hayoti uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Fuqarolarga karantin mobaynida karantinizatsiya joyini tark etishga ruxsat berilmaydi.

Tibbiy xodimlar tomonidan karantin mobaynida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar: tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tana haroratini, arterial bosimini o‘lchash, surishtiruv o‘tkazish. Tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra laboratoriya tadqiqoti uchun burun-halqumidan biomateriallar va zaruriyat tug‘ilganda boshqa usullar uchun namunalar olinishi mumkin.

Karantin tugagandan keyin (shifoxonadan chiqqandan keyin), 10 kun mobaynida tibbiyot xodimi tomonidan telefon orqali so‘rash o‘tkazadi.

Karantindagi shaxslar tomonidan intizomni buzish holatlari kuzatilsa, ma'muriy javobgarlikka tortish belgilangan.

2. Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Italiya, Afg‘oniston Islom Respublikasi, Yaponiya, Fransiya, AQSh, Germaniya, Singapur, Ispaniya, XXR Gonkong, XXR Makao, XXR Tayvan - uy sharoitida izolyatsiya. Bu davlatlardan kelgan shaxslar oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa tibbiy cheklovga olinadi.

Istisnolar: rasmiy va hukumat delegatsiyalari, shuningdek xizmat va diplomatik pasport egalari, aviakompaniyalar uchuvchilari va ekipaj a'zolari, lokomotiv brigadalar, temir yo‘l transporti faoliyati bilan bog‘liq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar.

Fuqarolar 14 sutka davomida yashash joyida (uy, mehmonxona, yotoqxona, va boshqalar) doimiy ravishda izolyatsiyada bo‘lishi lozim, oila a'zolaridan tashqari kishilar bilan muloqotda bo‘lmasliklari, aholining ommaviy to‘planadigan joylariga borishiga ruxsat etilmaydi.

Tibbiy xodimlar tomonidan uy karantini (14 kalendar kuni) mobaynida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar: tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tana haroratini, arterial bosimini o‘lchash, surishtiruv o‘tkazish; tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra laboratoriya tashxisi uchun burun-halqumidan biomateriallar va zaruriyat tug‘ilganda boshqa usullar uchun namunalar olinishi mumkin.

Klinik ko‘rsatmalarga asosan o‘tkir respirator infeksiya alomatlari aniqlangan shaxslar shifoxona sharoitida tashxisi va davolash maqsadida yotqiziladi.

Tibbiy cheklovlar tugagandan so‘ng (shifoxonadan chiqqandan keyin), 10 kun mobaynida tibbiyot xodimi tomonidan telefon orqali surishtirib turiladi.

Tibbiy cheklovdagi shaxslar tomonidan intizomni buzish holatlari kuzatilsa, ma'muriy javobgarlikka tortish belgilangan.

3. Tailand, Ozarboyjon, Buyuk Britaniya, Malayziya, BAA - yashash joyida 14 kunlik tibbiy nazoratga. Shu jumladan ekipaj a'zolari, lokomotiv brigadalar, temir yo‘l transporti faoliyati bilan bog‘liq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar.         

Ularga aholi ommaviy to‘planadigan joylarga bormaslik, odamlar bilan muloqotni mumkin qadar kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o‘tgandan so‘ng, 14 kun mobaynida yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasalari tibbiy xodimlar tomonidan tibbiy nazoratga olinadi va keyingi 10 kun davomida telefon orqali xabar olinadi.

Yashash joyidagi tibbiy xodimlar tomonidan har kuni tibbiy nazorat o‘tkaziladi (tibbiy ko‘rik, tana haroratini va arterial bosimini o‘lchash, so‘rov o‘tkazish).

Klinik ko‘rsatmalarga asosan o‘tkir respirator infeksiya alomatlari aniqlangan shaxslarda shifoxona sharoitida tashxislash va davolash maqsadida yotqiziladi.

4. Bahrayn, Kuvayt, Armaniston, Belorus, Ummon, Pokiston, Gruziya, Chexiya, Iroq, Livan, Kanada, Litva, Estoniya, Ruminiya, Gretsiya, Gollandiya, Norvegiya, Avstriya, Daniya, Shvetsiya - shaxslar sog‘lik holatini distansion monitoringi.

Bu toifadagi davlatlardan kelgan shaxslar oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa telefon orqali xabar olinadi

Shaxslar hududiy tibbiyot muassasalarga o‘zi haqida xabardor qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘yicha harakatlanish huquqiga ega.

Ularga aholini ommaviy to‘plangan joylariga bormaslik, odamlar bilan muloqotni kamaytirish bo‘yicha tavsiya beriladi.

Tibbiy xodim tomonidan har kuni (24 kun davomida) telefon orqali salomatlik holati so‘raladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top