16:04 / 03.03.2020
0
5927
Unutilgan moratoriy: daraxt va butalarni noqonuniy kesish o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga ko‘paydi
Foto: KUN.UZ

Atrof-muhit, suv va havo ifloslanishi – urushlar, zo‘ravonliklar, kasalliklar, ocharchilik yoki tabiiy ofatlardan ko‘ra ko‘proq odamlarning umriga zomin bo‘ladi. Shu xulosaga kelishgan amerikalik mutaxassislar o‘z hisobotlarini Lancet tibbiy jurnalida e'lon qilishdi, deb xabar bermoqda The Guardian nashri.

Mutaxassislarning fikricha, ifloslanishdan o‘lim soni chekish sabab yuz beradigan o‘lim miqdoridan bir yarim barobarga; OITS, sil va bezgakdan uch martaga; urushlar hamda zo‘ravonliklardan 15 baravarga yuqori.

Dunyo bo‘yicha 184 davlatdan bo‘lgan 15 mingdan ortiq olim insoniyatga asosiy tahdidlar haqida so‘z yuritilgan hujjatni imzolashdi. «Insoniyatga ikkinchi ogohlantirish» BioScience jurnalida e'lon qilingan.

Birinchi «Insoniyatga ogohlantirish» 1992 yilda chiqarilgan. Unga butun jahon bo‘ylab taxminan 1700 olim imzo chekkan. Hujjat Yerdagi hayot ozon tuynuklarining paydo bo‘lishi, suv va havoning ifloslanishi, o‘rmonlarning kesilishi, tuproqning oriqlanishi hamda odamlarning atrof-muhitga aralashuvi oqibatlari tufayli yo‘qolishi haqida hikoya qiladi. Yangi hujjat «Ogohlantirish» e'lon qilinganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan o‘ziga xos yakunlarni sarhisob qildi.

Shunga qaramay, o‘simlik dunyosidan foydalanish, ya'ni o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar kesish bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjud.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yil davomida O‘zbekiston bo‘yicha 2 778 marotaba daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari sodir etilgan.

Xo‘sh, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga qachon ruxsat etiladi va ularga qanday talablar belgilangan?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi «Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi №255-sonli qarori bilan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalar berish tartibi belgilab berilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ruxsatnomalarni olish uchun tuman (shahar) hokimliklari va Davlat ekologiya qo‘mitasi organlariga Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali so‘rovnoma bilan murojaat etiladi. Bunda so‘rovnoma ko‘rib chiqilgani uchun BHMning 30 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga faqat sanitariya maqsadlarida hamda binolar, inshootlar va kommunikatsiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

Tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari ta'sirida shikastlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan daraxtlar va butalarni kesish uchun ruxsatnoma to‘lovni amalga oshirmasdan beriladi.

Shuni qayd etish joizki, yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo‘lgan va ular tomonidan yog‘och-taxta va hosil olish uchun ekilgan daraxtlar va butalarni (terak va boshqa tez o‘suvchi navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga ruxsatnoma talab etilmaydi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi organlari tomonidan so‘rovnoma kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida daraxtlar va butalarning holatini, ya'ni yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan talablarga muvofiqligi o‘rganiladi va tegishliligi bo‘yicha ijobiy xulosa beriladi yoki rad etiladi.

Ijobiy xulosa berilgan taqdirda arizachi daraxt yoki butaning o‘lchami va toifasiga qarab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda to‘lovni amalga oshiradi va tuman (shahar) xokimliklari tomonidan unga QR-kod qo‘yilgan ruxsatnoma taqdim etiladi.

Ushbu sohada qanday muammolar mavjud? Aholiga sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda nimalar to‘sqinlik qilmoqda?

Prezidentning 2019 yil 30 oktyabrdagi farmoni bilan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, moratoriyning 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha amal qilishi va bu davr mobaynida vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etilishi belgilab berildi.

Moratoriy quyidagilarga tadbiq etilmaydi:

·       tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta'sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning xayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarning sanitar kesish va qirqishga;

·       yog‘och va mevalar olish uchun o‘stirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez o‘suvchi boshqa navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga;

·       plantatsiyalarda o‘stiralayotgan va/ yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga.

Aslida, daraxtlar va butalar kesilishiga moratoriy joriy etilishidan maqsad – bugungi kunda keng ko‘lamda qurilish ishlari amalga oshirilishi bilan bog‘liq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aynan qurilish ishlari amalga oshirilayotgan vaqtda daraxtlar ko‘proq kesilishi yoki nobud bo‘lishi kuzatilmoqda. Ana shu daraxtlar kesilishining oldini olish, ularni saqlab qolish maqsadida ham moratoriy joriy qilingan edi.

Biroq, amalda hanuzgacha o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish holatlari uchrab turibdi. Bunday qonunbuzarliklar o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga ko‘payganini qanday izohlash mumkin?

Tizimli muammolardan yana biri – jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarining qo‘pol ravishda buzilishi, shuningdek, arizalarni ko‘rib chiqishda asossiz rad etilish holatlari hisoblanadi.

Buning natijasida, respublikamizda 2019 yil davomida vakolatli organ vakillari tomonidan ruxsatnoma berish jarayonida 367ta qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, soha vakillariga nisbatan Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 19 ta taqdimnomalar kiritilib, davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlarini buzgan 26 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.

Albatta, ushbu yo‘nalishdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilish sifatini yaxshilash maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun hujjatlari va ma'muriy reglamentlar talablariga rioya etilishini ta'minlash bilan bir qatorda, barcha davlat organlari birgalikda tizimli ishlar olib borishi, yosh avlodni tabiatga muhabbatli qilib o‘qitish, tarbiyalash, aholining barcha qatlamini mazkur sohaga kengrok jalb etish hamda tabiatning bir bo‘lagi ekanimizni his etish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, atrof-muhit, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni kelajak avlodga bor tarovati bilan yetkazish har birimizning burchimizdir.

Madina Mahmudova,
Davlat xizmatlari agentligi ma'sul xodimi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top