22:54 / 04.03.2020
0
3533
«Diplom asosiy motivatsiya va status bo‘lishi kerak emas» – Jahongir Po‘latov

«Bitiruvchi o‘qishni tugatgandan so‘ng ta'limga sarflagan puli xarajatlarini chiqarib ololmayapti», «O‘rtacha oylik daromadi 2 million bo‘lgan odam bolasining kontrakti uchun 20 million ajrata olishi qiyin», «Ota-onalar, asosan, bolalarini XX asr kasblariga yo‘naltirishmoqda. Hozir – XXI asr».

Xalqaro press-klubning 4 martdagi sessiyasida inson kapitali mavzusi muhokama qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Unda inson kapitali ko‘rsatkichini belgilovchi asosiy omillardan biri – ta'lim ekaniga urg‘u qaratildi.

Tadbirkor, «Kembrij» o‘quv markazlari asoschisi Jahongir Po‘latovning fikricha esa, ota-onalar ta'lim uchun pul sarflayotgan bo‘lishsa-da, ularning barchasi ham farzandining kasb tanlashiga ko‘maklashishda to‘g‘ri yo‘l tutmayapti.

Jahongir Po‘latov

«Ota-onalar bolalarini asosan XX asr kasblariga yo‘naltirishadi. Hozir – XXI asr. Oqibatda, mehnat bozorida yangi kirib kelayotgan kasb egalariga – marketolog, dasturchi kabilarga nisbatan bo‘shliq paydo bo‘lmoqda», – deydi Jahongir Po‘latov.

Uning taklifiga ko‘ra, buning bitta yechimi – yoshlarga motivatsiya bera oladigan va ularni ergashtiradigan o‘zbek yoshlarini tarbiyalash  bo‘lishi mumkin. Bu yo‘l bilan ular boshqalarga ham kelajakda qaysi tarafga yo‘nalishni to‘g‘ri ko‘rsatib bera olishadi.

Jahongir Po‘latov yoshlar uchun diplom asosiy motivatsiya va status bo‘lishi kerak emas, deb hisoblaydi.

«Ko‘pchilik yoshlar keyingi rejalari haqida so‘ralganda ham «Diplomimni olsam, o‘ylab ko‘raman», deb javob berishadi. Vaholanki, bugun juda ko‘plab xalqaro tashkilotlar xodimlarini diplomga qaramasdan ham ishga olishmoqda. Bizda jamiyat mana shu taraflama orqada qolmoqda», – deya o‘z qarashlarini bildirdi tadbirkor.

«Agar O‘zbekiston ham o‘zbek modelini yaratishni xohlasa, uni harakatchan va yangicha fikrga ega yoshlargina yarata oladi, deb hisoblayman», – deya qo‘shimcha qildi Po‘latov.

Singapur menejmentni rivojlantirish instituti qoshidagi turizm maktabi direktori Gulnoza Usmonovaning fikricha, ota-onalar ta'limga tikayotgan pul bolaning sifatli o‘qishi uchun imkon yaratib bera olish yoki olmasligi aniq emas.

Gulnoza Usmonova

«Bitiruvchi o‘qishni tugatgandan keyin ta'limga sarflagan puli xarajatlarini chiqarib ololmayapti. Bu esa ota-onalarning farzand ta'limiga investitsiya kiritish xohishini kamaytiradi.

Bundan tashqari, o‘rtacha oylik daromadi 2 million so‘m bo‘lgan odam bolasining kontrakti uchun 20 million ajrata olishi ham qiyin», – deydi Gulnoza Usmonova.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top