20:53 / 04.03.2020
0
86702

Eronda shifokorlar raqs tushmoqda, dunyoda paratsetomol tanqisligi tahdidi. So‘nggi ma'lumotlar

Italiya hukumati Covid-19 koronavirusi tarqalishi xavfi tufayli mart oyi o‘rtalarigacha mamlakatdagi barcha maktablarni va universitetlarni yopishni rejalashtirmoqda. Ayni vaqtda bu mamlakatda virus qurbonlari soni 79 nafarga yetgan.

Avvalroq Ansa axborot agentligi bu bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lingani, ammo Italiya ta'lim vaziri bunday chora hozircha tasdiqlanmagani, yaqin soatlar mobaynida bu masala hal qilinishi haqida aytgani haqida xabar tarqatdi.

AFP

Italiya ayni vaqtda Yevropada ushbu virusdan zararlanganlar eng ko‘p mamlakat bo‘lib turibdi: 2260 kishi. So‘nggi bir kun ichida ushbu koronavirus keltirib chiqargan infeksiyadan 20 nafar bemor o‘lim topdi.

Mamlakat bosh vaziri Juzeppe Konte tez orada virus avj olishiga qarshi qo‘shimcha choralar haqida ma'lum qiladi, jumladan, Italiya hukumati mamlakat shimolidagi karantin hududini (Milan yaqinidagi Bergamo shahri atrofida) kengaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Vazirlar Mahkamasi ko‘rib chiqayotgan yangi cheklovlar butun mamlakat hududida 30 kun mobaynida amalda bo‘ladi. Odamlar ko‘chada qo‘l berib so‘rashishi, quchoqlashishi va ko‘chadagi uchrashuvlar vaqtida o‘pishib ko‘rishishi taqiqlanishi mumkin. Shuningdek, jamoat joylarida odamlar bir-biriga bir metr masofagacha yaqinlashishi taqiqlanishi ham mumkin.

Kutilganidek, konferensiyalar, biznes-uchrashuvlar qoldirilgan, sport tadbirlari esa, ayniqsa futbol uchrashuvlari muxlislarsiz o‘tkaziladi.

Hukumat 75 yoshdan katta fuqarolarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda. Bunday cheklovlar sog‘ligi yaxshi bo‘lmagan 65 yoshlilarga ham taalluqli bo‘ladi.

Hindiston dori-darmon eksportini cheklaydi
Koronavirus tarqalishi tibbiy dori-darmonlar tanqisligiga olib kelishi mumkin - bu shunday mahsulotlarning eng yirik ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisi bo‘lgan Hindiston dori-darmonlar eksportini sezilarli darajada kamaytirganini e'lon qilgani bilan bog‘liq.

Ayni vaqtda Hindistonda virusdan zararlanganlar soni 28 kishiga yetgan - bugun 22 nafar hindistonlikda virus aniqlandi.

Hindiston jahon bozoriga 26 turdagi jyeneriklarni (tarkibiga turli preparatlarni oluvchi faol moddalar) chiqarishni chekladi, bunday cheklovlar ular asosida tayyorlangan boshqa dori vositalariga, jumladan paratsetamolga (dunyodagi eng mashhur isitma tushiruvchi va og‘riq qoldiruvchi dori) ham taalluqlidir.

Ro‘yxatdan bir necha turdagi antibiotiklar (tinidazol va eritromitsin, progesteron gormoni va V12 vitamini) ham o‘rin olgan.

Hindistonning dori-darmonlar sanoatining 70 foizi Xitoyda ishlab chiqariladigan tarkibiy qismlarga bog‘liqdir, ayni vaqtda Xitoyda koronavirus tufayli ko‘plab farmatsevtika zavodlari yopib qo‘yilgan.

Hindiston hukumati tayyor dori-darmonlar zaxiralari avvalgi hajmda uch oy davomida yetkazib berish uchun yetarli ekanini va vahimaga tushishga hojat yo‘qligini ta'kidlagan.

Ammo Oksford universiteti iqtisodchilari eksport cheklovi tufayli dori-darmonlar qimmatlashishidan qochib bo‘lmasligidan ogohlantirishmoqda.

Jahon banki milliardlab dollar ajratadi
Jahon banki qator davlatlarni Covid-19 koronavirusiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu maqsadda ajratiladigan birinchi transh 12 mlrd dollardan iborat bo‘ladi.

Bank bayonotida aytilishicha, bu mablag‘larni samarali birinchi tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatish, tibbiyot xodimlarini o‘qitish va kam ta'minlangan oilalardagi bemorlarni to‘liq davolashga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Jahon banki prezidenti Devid Malpassning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot rivojlanayotgan mamlakatlarning koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish ehtiyojlariga tez va moslashuvchan javob berishga tayyor turishi uchun ishlamoqda. «Bu favqulodda moliyalashtirish, siyosat bo‘yicha maslahat va texnik yordamni o‘z ichiga oladi», deydi u.

Bank xabarida ta'kidlanishicha, ushbu tashkilot kasallik tarqalish xavfi yuqori bo‘lgan qashshoq mamlakatlarga ko‘proq e'tibor qaratadi. Odatda Jahon banki dasturlari kreditlar hisoblanadi, ammo bu holatda eng qashshoq davlatlar yordamni grantlar ko‘rinishida olishi mumkin.

Ayni vaqtda 189 davlat Jahon banki a'zosi hisoblanadi.

Eron: raqs va qamchilash

Qumdagi obidalarda dezinfeksiya ishlari / Getty Images

«Al-Arabiya» telekanali xabar berishicha, Eron sanoat vaziri Rizo Rahmoniy ham koronavirusdan zararlangan. Bungacha ham Eronda bir necha yuqori martabali amaldorlarda - vitse-prezident, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va o‘nlab deputatlarda virus aniqlangandi.

Eron - Xitoydan tashqaridagi uchta koronavirus o‘chog‘idan biri bo‘lib turibdi. 4 mart kuni hukumat yana 15ta o‘lim holatini va 586ta virusdan zararlanish holatini tasdiqladi, endi mamlakatda virus qurbonlari soni 92 kishiga yetgan, virusdan zararlanganlar soni 2922 nafar. Virusdan zararlanishlar soni bo‘yicha Eron Xitoy (80 270 holat, 2981 o‘lim) va Janubiy Koreyadan (5621 holat, 32 o‘lim) keyingi uchinchi o‘rinni band etgan.

Eron sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, virusdan zararlangan 522 kishi to‘liq sog‘ayib ketgan.

Ikki eronlikka darra urish va qamoq jazosi tahdid solmoqda, ular Qum va Mashhadda jamoat joylarida gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalarga norozilik sifatida masjidlarda panjarani namoyishkorona yalagani tasvirlangan videolar tarqalgandi.

Qumdagi video muallifi videoda panjarani yalar ekan, «men koronavirusdan qo‘rqmayman» deydi. U bu harakatini Alloh ibodat joyida zararlanishga yo‘l qo‘ymasligini namoyish etmoqchi bo‘lgani bilan izohlagan.

Mashhadda panjarani yalagan erkak esa barcha virusni o‘ziga olmoqchi bo‘lgani va shu orqali boshqa ziyoratchilar hech qanday qo‘rquvsiz ibodat qilishini ta'minlamoqchi bo‘lganini aytgan.

Eron parlamenti a'zosi Hasan Navro‘ziyning aytishicha, qoidabuzarlarga ikki oydan ikki yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi yoki 74 darra berish jazosi tahdid qilmoqda.

Bu vaqtda eronlik shifokorlar va hamshiralar onlayn raqs marafonini boshlab yuborishgan, ular mamlakatdagi barcha hamkasblarini o‘zlaridan namuna olib fleshmobni davom ettirishga chaqirishmoqda. Ular bemorlar yotgan bo‘limlarda raqs tushib, bu orqali ularni qo‘llab-quvvatlab ruhini ko‘tarish va ularga sog‘ayish uchun zarur bo‘lgan yaxshi kayfiyat ulashishni maqsad qilishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan raqs videoroliklarga yuz minglab layklar bosilgan va ijobiy izohlar yozib qoldirilgan. Ammo hozircha hukumat bu tashabbusga qanday munosabat bildirishi ma'lum emas. Erondagi diniy qonunlarga ko‘ra jamoat joyida raqs tushish taqiqlanadi.

Olimpiya mash'alasi o‘chmaydimi?

Foto: Getty Images

2020 yilgi Tokio Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasi payshanba kuni olimpiya mash'alasi estafetasi vaqtida sportchilarning va tomoshabinlarning sog‘ligini himoyalash yuzasidan qo‘shimcha choralar haqida ma'lum qildi. 

Xususan, atletlar mash'alani bir-biriga uzatadigan joyda yig‘iladigan tomoshabinlar soni cheklanadi.

Shuningdek, mash'ala tashuvchilarning sog‘ligini kuzatib borish ta'minlanadi.

Olimpiya mash'alasi olib o‘tiladigan har bir prefekturada tantanali marosimlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo ularning grafigi va masshtabi qayta ko‘rib chiqiladi.

Belarus
Belarus sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati mamlakat hududida koronavirusdan zararlanishning yana oltita holatni qayd etdi. Bemorlarning 4 nafari Minskda, ikki nafari Vitebsk oblastida aniqlangan. Yana 300ga yaqin kishi tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘lib turibdi.

Xabar qilishlaricha, belaruslik shifokorlar koronavirusni aniqlash testi bo‘yicha dastur doirasida besh mingdan ortiq tahlil natijalarini tekshiruvdan o‘tkazishgan.

Janubiy Amerika

Buenos-Ayres aeroportida ko‘plab yo‘lovchilar tibbiy niqoblarda yurishibdi / Reuters

Bugun koronavirus yuqtirishning ilk holatlari haqida Argentina va Chili hukumatlari e'lon qilishdi.

43 yoshli argentinalik Italiyadan qaytganidan keyin tekshiruvdan o‘tkazilgan, u ayni vaqtda Buenos-Ayresdagi shifoxonalardan birida karantin holatida.

33 yoshli chililik esa Osiyo janubi-sharqida bir oy vaqt o‘tkazgan va shu yerda virus yuqtirgan. Tibbiyot xodimlari uning holati barqarorligini aytishmoqda

Fransiya: niqoblar o‘g‘irligi

AFP

Fransuz hukumati tibbiy niqoblar, qo‘l uchun dezinfeksiya vositalari sotuvi va tarqatilishini qat'iy nazoratga olgan.

Shu kunlarda mamlakatdagi ikkita shifoxonada 10 mingdan ortiq tibbiy niqob va 1200ta idishdagi dezinfeksiya geli yo‘qolgan. Hukumat fikricha, tibbiy vositalar o‘g‘irlab ketilgan.

Butun mamlakatda tibbiy niqoblar zaxiralari tugab bo‘lgan, ayni vaqtda hukumat fuqarolardan vahimaga tushib, keraksiz holatlarda ortiqcha niqoblar g‘amlab qo‘ymaslikni so‘ramoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top