14:18 / 04.03.2020
0
5322
Fuqarolarni harbiy ro‘yxatga olishni tashkil etish to‘g‘risidagi yo‘riqnoma e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy ro‘yxatga olishni tashkil etish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy ro‘yxatga olishni tashkil etish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish - O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq harbiy xizmat muddatli harbiy xizmat, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati kabi xizmat turlaridan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasida va rezervida turuvchi fuqarolar - harbiy xizmatga majburlar deb, harbiy xizmatga chaqiriladigan va tuman (shahar) chaqiruv uchastkalarida qayd etilgan shaxslar - chaqiriluvchilar deb ataladi.

Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar harbiy ro‘yxatdan o‘tishlari zarur. Tibbiy tayyorgarlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatdagi tegishli harbiy ixtisoslikka turdosh kasb bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan ayollar jinsiga mansub shaxslar harbiy xizmatga majburlar harbiy ro‘yxatiga kiritiladi.

Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni harbiy ro‘yxatdan o‘tkazish davlatdagi mavjud va harbiy xizmatga yaroqli chaqiriluvchilar resurslarini hisobga olish hamda tahlil qilishning umumdavlat tizimi hisoblanadi. U joylardagi boshqaruv va davlat hokimiyati organlari, mahalliy harbiy boshqaruv organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxona, muassasa, tashkilotlar, shu jumladan, ta'lim muassasalarining rahbarlari tomonidan idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar yashash, ishlash va o‘qish joylari bo‘yicha olib boriladi.

Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni harbiy ro‘yxatga olish tizimi mamlakatda amal qiluvchi pasport tizimi bilan bog‘liq holda yuritiladi. Ro‘yxatga olish tizimining faoliyat ko‘rsatishi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklari tomonidan ta'minlanadi.

Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarning harbiy ro‘yxati umumiy, maxsus va shaxsiy ro‘yxatga bo‘linadi.

Maxsus harbiy ro‘yxatda safarbarlik davri va urush davri uchun davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga bronlashtirib qo‘yilgan harbiy xizmatga majburlar turadilar.

Umumiy harbiy ro‘yxat safarbarlik davri va urush davri uchun davlat boshqaruv organlari, korxona, tashkilot va muassasalarga bronlashtirilmagan harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni shaxsiy ro‘yxatga olish va nazorat qilish uchun mo‘ljallangan. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni shaxsiy ro‘yxatga olish tuman (shahar) mudofaa ishlari organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan, shuningdek harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar ishlaydigan yoki o‘qiydigan korxona, muassasa, tashkilot va ta'lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibiga bo‘linadi. Harbiy xizmatga majburlar rezervdagi va zaxiradagi harbiy xizmatga majburlarga bo‘linadi.

Rezervdagi harbiy xizmatga majburlar tarkibiga muddatli harbiy xizmatni, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan fuqarolar kiradi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilishdan (salomatligiga ko‘ra harbiy ro‘yxatdan chiqarilganlardan tashqari) va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatdan ozod etilgan harbiy xizmatga majburlar, harbiy xizmatni o‘tamagan ofitserlar, harbiy hisobdagi ixtisosligi bo‘lgan ayollar, shuningdek muqobil xizmatni o‘tagan fuqarolar zaxiradagilar harbiy ro‘yxatiga qo‘yiladi.

Rezervdagi harbiy xizmatga majburlar ularga berilgan harbiy unvoniga mos ravishda “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervida xizmat” Qonuni talablari asosida harbiy ro‘yxatda turadi.

Rezervda va zaxirada bo‘lish yoshining chegarasiga yetgan yoki salomatligiga ko‘ra belgilangan tartibda harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan harbiy xizmatga majburlar mudofaa ishlari organlari tomonidan iste'foga chiqarilib, harbiy ro‘yxatdan chiqariladi.

Tuman (shahar) chaqiruv hududlarida qayd etilgan fuqarolar qayd qilingan kundan boshlab, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgunga qadar yoki zaxiraga o‘tkazilgunga qadar chaqiriluvchilar harbiy ro‘yxatida turadi. Chaqiriluvchilarning ro‘yxatda turish yoshining chegarasi – 27 yosh deb belgilangan.

Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilarini harbiy ro‘yxatga olish mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan hisobga olish kartochkalari alohida kartotekaga ajratilgan holda alohida amalga oshiriladi.

Ular 27 yoshga to‘lgandan keyin ikkinchi toifali rezerv harbiy xizmatga majburlarning umumiy ro‘yxatiga o‘tkaziladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchisi yoki rezervning harbiy xizmatga majburi belgilangan tartibda tinchlik davrida harbiy xizmatga yaroqsiz, urush davrida cheklangan ravishda harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirda, zaxiraga o‘tkazilishi kerak.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga muvofiq harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarning harbiy ro‘yxati ularning turar joylari bo‘yicha olib boriladi hamda umumiy va maxsus ro‘yxatga bo‘linadi.

Harbiy ro‘yxatni yuritish hokimiyatlarda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, korxona, tashkilot va muassasalarda bitta ishchiga to‘g‘ri keladigan ish hajmidan kelib chiqqan holda harbiy ro‘yxatga olish bilan shug‘ullanuvchi ishchilar tayinlanadi:

a) hokimiyatlarda va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida:

agar ro‘yxatda 500 nafardan 1000 nafargacha harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar mavjud bo‘lsa, harbiy ro‘yxatni yuritish uchun shtatda bitta xodim, ro‘yxatda 1000 nafardan 2000 nafargacha harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar bo‘lsa, ikkita xodim va bundan keyingi har bir 1000 nafar harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar uchun – bir nafardan xodim ajratiladi;

b) korxona, muassasa, tashkilot va ta'lim muassasalarida:

agar ro‘yxatda 500 nafardan 1000 nafargacha harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar mavjud bo‘lsa, bitta alohida xodim, 2000 nafardan 4000 nafargacha harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar bo‘lsa – ikki nafar xodim, ro‘yxatda 4000 nafardan 7000 nafargacha harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar bo‘lsa – uch nafar xodim va bundan keyingi har 3000 nafar harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar uchun – bir nafardan xodim ajratiladi.

Hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda, shu jumladan ta'lim muassasalarida hisobda 500 nafardan kam harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar bo‘lganda harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni harbiy ro‘yxatga olish va bronlashtirish ishlari belgilangan tartibda hokimlik, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, korxona, tashkilot va muassasaning, shu jumladan ta'lim muassasasining xodimlaridan biriga o‘rindoshlik bo‘yicha yuklanadi.

Harbiy ro‘yxatga olish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarni tasdiqlash, almashtirish va ishdan bo‘shatish tegishli ravishda tuman (shahar) hokimi, fuqarolar yig‘ini kengashi, idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar korxona, muassasa, tashkilot va ta'lim muassasasi rahbarlari tomonidan mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni ro‘yxatga olishni tashkil etish va yuritish bo‘yicha ishlarga umumiy rahbarlik qilish, hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ta'lim muassasalarida ushbu ishlarning holati ustidan nazorat qilish Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni shaxsiy ro‘yxatga olish zimmasiga yuklangan o‘zlariga qarashli korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ta'lim muassasalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni ro‘yxatga olishning holati ustidan nazorat qilish vazifasi yuklanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top