11:55 / 04.03.2020
0
2186
G‘oyalar fabrikasi. 550 nafar delegatni birlashtirgan forumda nimalar muhokama qilindi?

Jahon iqtisodiyoti va biznes xalqaro forumi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ishtirok etgan 550  nafar yosh iqtisodchilar, iqtidorli yoshlar va tadbirkorlarni bir platformada jamlagan, O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilgan yirik formatdagi anjumandir. Dunyodagi global ijtimoiy iqtisodiy muammolarga yoshlarning o‘z bilim va salohiyatlaridan kelib chiqib echimlarini taqdim qilishlari uchun imkoniyat yaratgan katta maydon.

Konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etgan 25 nafar yosh iqtisodchi keyingi bosqichdagi "Respublika yosh analitiklar” klubi a'zosiga aylandi. Bu klubda O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘layotgan iqtisodiy o‘zgarishlar tahlil qilib boriladi hamda mustaqil ilmiy ishlar bilan shug‘ullaniladi. 

Butun dunyo bo‘yicha ushbu tartibdagi yuzlab anjumanlar tashkil qilinib, ularda ishtirok etadigan yoshlar turli mavzular asosida debatlar olib borib, g‘oyalar ishlab chiqishadi. S7-WEB loyihasi butun dunyo miqyosida tashkil etiladigan tadbirlardan nimasi bilan farq qiladi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Demak, loyiha maqsadi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida yetakchi vazifani bajarib kelayotgan yettita tashkilot simulyatsiyasi asosida tashkillashtirilgani sababli S7 Jahon iqtisodiyoti va biznes nomini oldi. Yoshlarni mazkur tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirib, bugungi global iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga respublikaning yosh iqtisodchi va talabalari nuqtai-nazaridan kelib chiqqan holda ilmiy asoslangan va kreativ yechimlar taqdim qilish.

Forum orqali O‘zbekistonning barcha hududlaridan yosh iqtisodchi talabalarni bir platforma atrofida jamlab, konferensiya jarayonida "Peer to peer" ya'ni "Yoshlar-yoshlarga” tamoyili asos bo‘ldi. Simulyatsiya qilingan tashkilotlar UN ECOSO (Birlashgan millatlar tashkiloti Ijtimoiy-macalalar bo‘yicha qo‘mitasi) EU (Yevropa Ittifoqi) SCO  (Shanhay hamkorlik tashkiloti) World Bank (Jahon Banki) WTO (Butunjahon savdo tashkiloti)  UNWTO (Butunjahon turizm tashkiloti) bo‘lib, har bir delegat guruhlarga bo‘linib global muammoni tanlab oladi va uni butun dunyo davlatlari misolida o‘rganib chiqib, 2 daqiqa ichida muammoning kamchilik hamda yutuq taraflariga yechim beriladi.

Olib borilayotgan debatlarning barchasi ingliz, rus tillarida. Yoshlarning  jahon tillari hisoblanmish ingliz tilida o‘z ona tillarida so‘zlashgandek fikrlarini erkin bayon etish ko‘rsatgichi oshib borayotganini anjuman qatnashchilarining ravon nutqi, teran fikridan anglash mumkin. Forumda Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Indoneziya, Malayziyadan ham yosh delegatlar ishtirok etdi. Yoshlarning ilg‘orligi va jahonda yuz berayotgan muammolarni ham iqtisodiy, ham siyosiy erkin tahlil qilishlarini ko‘rib,  muhit va fikrlar almashinuvidan ushbu anjumanni katta bir fabrikaga taqqoslash mumkin.

Ilk marotaba tashkil etilgan yoshlarning yirik anjumanidan kelajakda davlat imijini shakllantirishda, iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarda kutilayotgan natijalar ko‘p va samarali bo‘lishiga men forum kuzatuvchisi va xalqaro ekspert sifatida ishonaman.

Nafosat Tojiboyeva

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top