19:09 / 04.03.2020
38724
Qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirishning qo‘shimcha tartiblari belgilandi

«Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, jami 36 ming 400 nafardan ko‘proq talabaga o‘qishini 80ta OTMga ko‘chirishga ruxsat berildi» – Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Qo‘shni davlat OTMlaridan respublika OTMlariga o‘qishni ko‘chirishning qo‘shimcha tartiblari belgilandi.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning o‘z Telegram-kanalida yozishicha, Davlat qabul komissiyasining 2020 yil 28 fevraldagi 13-son bayoniga muvofiq, quyidagilar belgilangan:

  • qo‘shni davlatlardagi OTMlardan respublika OTMlariga o‘qishi ko‘chirilishi ruxsat berilgan talabalar soni taqsimoti OTMlar kesimida tasdiqlandi;
  • qo‘shni davlatlarning OTMlarida kamida bir semestr mobaynida o‘qishini davom ettirmasdan, boshqa davlatlarning (xususan, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlar) OTMlaridan o‘qishini o‘quv yilining yarmida ko‘chirib o‘tgan talabalarning o‘qishi ko‘chirilmaydi.

Blogerning yozishicha, qo‘shni davlatlardan o‘qishni imtihonsiz ko‘chirish mumkinligi haqida xabar chiqqach, Rossiya yoki Ukrainada o‘qiyotgan talabalar uddaburonlik bilan o‘z o‘qishini qo‘shni davlatga (asosan Qozog‘iston) ko‘chirib o‘tishni boshlashgan.

«Ammo ular Qozog‘istonda hatto 1 semestr ham o‘qishgani yo‘q. Ana shunday talabalar o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chira olishmaydi», deydi u.

  • Qo‘shni davlatlarning OTMlarida masofaviy ta'lim shakli bo‘yicha va onlayn tarzda tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilmaydi;
  • qo‘shni davlatlardagi OTMlardan respublika OTMlariga o‘qishini ko‘chirish faqatgina joriy yilda Davlat qabul komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi qat'iyan belgilab qo‘yildi.

Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, ko‘pchilik joriy yildagi kabi o‘ziga xos «amnistiya» har yili bo‘ladi, deb o‘ylashmoqda va shu sababli yozda qo‘shni davlatlarga oldingidan bir necha barobar ko‘p yoshlar o‘qishga ketishni reja qilib turishibdi.

«Uyoqqa imtihtonsiz o‘qishga kiramiz, keyin qishda o‘qishini imtihonsiz ko‘chiramiz, deb o‘ylashayotgandi. Shuning uchun ham qarorda aniq belgilandiki, bunday aksiya faqat joriy yilda bo‘ladi, keyingi yillarda umumiy tartibda imtihon asosida o‘qishni ko‘chirish mumkin bo‘ladi».

Shuningdek, qo‘shni davlatlardagi OTMlardan o‘qishni ko‘chirish natijalari uch kun muddatda tegishli OTMlarga yetkazilishi ma'lum qilingan.

«Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, jami 36 ming 400 nafardan ko‘proq talabaga o‘qishini 80ta OTMga ko‘chirishga ruxsat berildi», deb ma'lum qildi Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Top