15:51 / 04.03.2020
0
3094

Trener-o‘qituvchilarga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi

Foto: Fotolia

Hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi:

birinchi - jismoniy shaxslarga davlat xizmatlari markazlari orqali sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish tartibini belgilash;

ikkinchi - sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish ishlarini amalga oshirish;

uchinchi - sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalari berish bo‘yicha mezonlarni tasdiqlash;

to‘rtinchi - sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berishda tan olinadigan nufuzli sport musobaqalarini belgilash;

beshinchi - sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish bo‘yicha malaka komissiyasini tashkil etish va uning faoliyatini belgilash.

Belgilanishicha, qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatidan foydalanish uchun jismoniy shaxslar faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali murojaat qiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentni amalda qo‘llashning samaradorligi va amalda qo‘llanilishi natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUK O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda:

Sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmati YaIDXP orqali amalga oshirilishini ta'minlaydi;

YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi:

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan ular faoliyati bo‘yicha, shu jumladan, YaIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatadi;

ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentning talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma'muriy jazolarni qo‘llaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top