21:16 / 04.03.2020
0
6610
Ukraina tarixidagi eng yosh bosh vazir iste'foga ketkazildi

Ukraina oliy radasi bosh vazir Aleksey Goncharukning iste'fosini qabul qildi. 3 mart kuni Goncharuk o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqishga ariza yozgandi.

Aleksey Goncharuk Foto: Valentin Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Bu haqidagi qaror radaning navbatdan tashqari yig‘ilishida qabul qilindi. Yig‘ilishda chiqish qilgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Goncharuk hukumati “yangi yuzlar hukumati bo‘lgani, biroq yuzlarning o‘zi kamlik qilishi, yangi yuraklar, yangi miyalar kerakligini aytgan”. U hukumatni sanoatning pasayishi, pensiyalar indeksatsiyasi yo‘qligi uchun tanqid ostiga olgan.

Ta'kidlanishicha, Goncharuk ortidan ko‘plab vazirlar ham ketishi kutilmoqda.

Hozircha yangi bosh vazir nomzodi bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmagan.

Goncharukning iste'fosi haqidagi ma'lumot Ukraina OAVda fevral oxirida paydo bo‘lgan. Uning iste'fosi sabablari orasida ukrainaliklarning hukumatga va shaxsan bosh vazirning o‘ziga ishonchi pasaygani aytib o‘tilgan.

35 yoshli Goncharuk Ukraina tarixidagi eng yosh bosh vazir bo‘lgan edi. U avvalroq ham iste'foga chiqishga ariza yozgandi, biroq Zelenskiy uni qabul qilmagandi.

Goncharuk bosh vazir lavozimini 2019 yil avgustdan beri egallab kelayotgandi. U yanvarda internetda uning ovoziga o‘xshash odam Zelenskiy “iqtisodiy jarayonlar haqida juda sodda tushunchaga” egaligini aytgan audioyozuv tarqalgach, iste'foga chiqishga qaror qilgandi. O‘shanda Zelenskiy Goncharukni bo‘shatishdan bosh tortib, unga va uning hukumatiga yana bitta imkoniyat berishga qaror qilgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top