14:30 / 05.03.2020
0
33765
«Bahor qalqoni»: Turkiya Idlibda kimlarni va nega himoya qilmoqda?

Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an payshanba kuni Moskvada Suriyaning Idlib viloyatida yuzaga kelgan keskin vaziyatni muhokama qilishadi. So‘nggi kunlarda Moskva va Anqara o‘rtasida bu mavzu bo‘yicha yetarli darajada keskin bayonotlar almashinuvi kuzatildi, shuning uchun bo‘lajak muzokara oddiy bo‘lmasligi tayin.

Foto: Getty Images

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov shu kunlarda muloqotdan asosiy maqsad - «Idlibdagi inqiroz, bu inqiroz sabablari va zararli oqibatlari, uni to‘xtatish uchun zarur choralar bo‘yicha yakdil fikrga kelish» hisoblanishini aytgandi.

O‘z navbatida, Erdo‘g‘an Rossiya poytaxtidagi muzokaralar «Suriyada o‘t ochish zudlik bilan to‘xtatilishiga olib kelishi»dan umidvorligini bildirgan.

Shu bilan birgalikda, Turkiya rahbari AQSh prezidenti Donald Trampdan Idlibdagi harbiy amaliyot davom ettirilishi uchun Anqarani qurol va o‘q-dori bilan ta'minlashini so‘ragan.

Idlibda nimalar bo‘lmoqda?
2018 yil sentyabrida Rossiya, Turkiya va Eron rahbarlari Suriya shimoli-g‘arbida o‘t ochishni to‘xtatish va Idlib atrofida harbiylardan xoli hududni barpo etish bo‘yicha kelishuvga erishgandi: unga ko‘ra, Turkiya bu hududdagi harbiy guruhlarni qurolsizlantirishi va jangarilarni to‘liq bartaraf etishi ko‘zda tutilgandi.

Ammo bu rejalar amalga oshmadi. So‘nggi oylarda Rossiya bir necha marta Turkiya o‘z  majburiyatlarini bajarmayotganini va bu hududdagi terrorchilarni olib ketmayotganini ma'lum qildi. Erdo‘g‘an esa Putinni Suriyadan ketishga chaqirdi.

O‘tgan haftada Idlibdagi vaziyat yangi fazaga kirdi: Turkiya Suriya armiyasiga qarshi «Bahor qalqoni» amaliyotini boshladi. Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Oqar bu amaliyot 27 fevral kuni «turk harbiylariga qilingan pastkashlarcha hujum»ga javoban boshlanganini ma'lum qildi.

Seshanba kuni Turkiya Mudofaa vazirligi turk harbiylari Suriya armiyasining Idlibdagi pozitsiyalariga zarbalar berishda davom etayotgani va to‘qqizta tank, ikkita gaubitsa, oltita ko‘p stvolli raketa uchirgich, yana ikkita harbiy transport vositasi yo‘q qilingani, shuningdek, suriyalik 299 nafar askar o‘ldirilgani haqida ma'lum qildi.

Moskva va Anqara nizosi qanday shakllandi?
O‘tgan haftada Erdo‘g‘an Suriyada rossiyalik harbiylar bo‘lishi yuzasidan keskin fikrlar bildirdi hamda Putinni Turkiyani suriyaliklar prezidenti Bashar Asad bilan xoli qoldirishga chaqirdi.

«Men kecha Putinga dedim: «U yerda (Suriyada) nima qilyapsizlar? Yo‘limizdan qoching va bizni rejim bilan [Asad] yakkama-yakka qoldiring... Ishoning, biz kerakli ishni qilamiz», - degandi turklar yetakchisi hukmron partiya yig‘ilishida. U turk askarlari Suriyaga Asadning taklifi bilan emas, Suriya xalqi istagiga binoan kirganini qo‘shimcha qilgan.

Bunga javoban Peskov Rossiya ushbu hududda qonuniy hukumat ruxsati bilan harakatlanishi va Rossiya Suriyada qonuniy asosda bo‘lib turgan yagona davlat ekanini ma'lum qildi.

«Boshqa davlatlar harbiylari Suriyada xalqaro huquq va normalarni buzgan holda bo‘lib turibdi», - degan Peskov.

Kreml ham Anqarani o‘tgan yil oktyabrida Sochida ikki davlat prezidentlari ishtirokida tuzilgan kelishuvga amal qilmaslikda aybladi. Ikkinchi Sochi kelishuvida aynan Anqara Idlibdagi deeskalatsiya hududidan artilleriya qurollari va boshqa og‘ir harbiy texnikalar olib ketilishi, bu hududdagi harbiy kuchlarni qurolsizlantirish majburiyatlarini zimmasiga olgandi.

Keyinroq turklar yetakchisi o‘z pozitsiyasini izohlab, na Rossiya va na Eron turk armiyasining Suriyadagi nishoni bo‘lmasligini ta'kidladi.

Ko‘pchilikning fikricha, Erdo‘g‘an uchun eng muhimi - mamlakat ichkarisidagi eng kuchli siyosatchi bo‘lib qolish / AFP

«Men yana bir bor Rossiya va Eronga yuzlanaman. Turkiyaning Suriyada bu davlatlar bilan muammosi yo‘q. Turkiyaning Suriyadagi kurashi sarhadlarni kengaytirish urinish ham, strategik bazaga ega bo‘lish ham emas. Biz Suriyada ushbu mamlakatdan qochib, o‘lkamizga oqib kelayotgan millionlab odamlar keltirib chiqargan gumanitar inqirozni hal etish, shuningdek, sarhadlarimiz xavfsizligini ta'minlash uchun kurashmoqdamiz. Ikki masala ham biz uchun juda muhimdir», - dedi u. Shu bilan birgalikda, turklar prezidenti Idlibda hujumlar davom ettirilishi va u yerda shahid bo‘lganlarning har biri uchun javob qaytarilishini ma'lum qildi.

Turkiya Mudofaa vaziri chorshanba kuni Turkiyaning Idlibdagi vazifasi - «Asad rejimining jinoyatlarini to‘xtatish, radikallashuvni yo‘q qilish [jangari guruhlar] va migratsiya oqimining oldini olish» ekanini aytdi.

Ammo Rossiya Mudofaa vazirligiga Turkiyaning pozitsiyasini ma'qul emas. Vazirlik chorshanba kuni Anqara Idlibdagi deeskalatsiya hududiga mexanizatsiyalashgan harbiy guruhlarni tashlagani va bu bilan xalqaro shartnomani buzganini bildirdi.

Vazirlik rasmiysi Igor Konashenkovning aytishicha, Rossiyaning Xmeymimdagi aviabazasi va Suriyadagi shaharlar har kuni jangarilar tomonidan artilleriya zarbalariga uchramoqda va bunga Turkiya harbiylardan xoli hudud tuzish bo‘yicha majburiyatini bajarmagani sabab bo‘lmoqda.

Konashenkovning qayd etishicha, Turkiya qurolli kuchlarining Idlibdagi kuzatuv postlari shunday joylashganki, bu postlar hududdagi terrorchi guruhlarni himoyalash vazifasini ham bajaradi va bu Sochi kelishuvi shartlariga ziddir.

Ekspertlar nima deyishmoqda?
Siyosatshunoslar hozirgi vaziyatda Sochi kelishuvlariga amal qilish tobora qiyinlashib borayotgan bo‘lsada, Rossiya ham, Turkiya ham o‘zaro munosabatlarni sovuqlashtirishdan manfaatdor emasliklari haqida fikrlar bildirishgan.

Masalan, Rossiya fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi Irina Zvyagelskaya Moskva va Anqara Suriyadagi siyosiy manfaatlar uchun hamkorlikdagi ko‘plab loyihalarni yo‘qqa chiqarmasliklariga ishonch bildirgan. Uning aytishicha, Erdo‘g‘an Idlib masalasidagi keskin bayonotlari bilan ichki siyosat maydonida reytingini saqlashga harakat qilmoqda.

Turk siyosatshunoslari - Glazgodagi Kaledon universitetidan bo‘lgan Umut Qo‘rqut va Tark Boshbuko‘g‘lining fikricha esa Erdo‘g‘an milliy partiya tomonidan katta bosimga duch kelgan, millatchilar uni Suriya rejimining so‘nggi harakatlariga javob sifatida urush boshlashga undamoqda.

Bundan tashqari, turklar prezidentiga uning koalitsiyadagi hamkori, ultramillatchilar yetakchisi Davlat Bog‘chali tomonidan bosim uyushtirilmoqda. Financial Times nashrining yozishicha, u prezidentni Moskva va Damashq bilan munosabatlarda qat'iy pozitsiyani egallashga chaqirmoqda.

Yaqin Sharq masalasi bo‘yicha ekspert Mixail Magid esa Idlibdagi kuchlar muvozanati ayni vaqtda Rossiya emas, Turkiya foydasiga ekaniga e'tibor qaratgan va Moskvadagi muzokaralar oson kechmasligini prognoz qilgan.

Turkiya Idlibda kimni va nega himoya qilmoqda?

Damashq va Moskva «Idlib deeskalatsiya» hududiga boshlangan hujumni bu hudud terrorchilar tomonidan boshqarilayotgani, Turkiya esa ular bilan birga ekanini izoh qilib keltirgan. Ekspertlar bahosiga ko‘ra, Idlibda asosan radikal kuchlar o‘rnashgan, ammo bu Turkiya va Erdo‘g‘anni tashvishga solmaydi.

Idlibdagi kuchlar muvozanati

Idlibda Bashar Asad armiyasiga va uning ittifoqchilariga kimlar qarshi turmoqda, Turkiya armiyasi nima uchun bu guruhlar bilan bir tomonda turib urishmoqda?

2018 yil sentyabrida Rossiya, Turkiya va Eron o‘t ochishni to‘xtatish va Idlibda harbiylardan xoli hudud barpo etish bo‘yicha kelishuvga erishgan, unga ko‘ra bu mintaqada Turkiya ko‘magidagi mo‘'tadil kuchlar - Bashar Asad muxolifati jangarilardan ustun kelishi ko‘zda tutilgan edi. 

Ammo bu amalga oshmadi.

«Hay'at Tahrirish Shom»
«Hay'at Tahrirish Shom» - radikal kuchlar koalitsiyasi bo‘lib, ko‘plab davlatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. Bu guruh nomi «Jabhatun Nusra» («Al-Qoida»ning Suriyadagi qanoti) qatorida BMTning xalqaro terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

«Hay'at Tahrirish Shom» 2017 yilda «Al-Qoida», «Jabhatun Nusra» va boshqa yana bir qancha kichik guruhlar ittifoqi sifatida tuzilgan. Lekin keyinroq tashkilot yana parchalangan.

Bu guruh vakillari tashkilot to‘la mustaqil ekanini iddao qilishadi, ammo uning dushmanlarining hisoblashicha, guruh g‘oyalari va mohiyati avvalgidek qolganini aytadi. «Ular «Al-Qoida» bayrog‘ini ko‘tarib yurishadi, ular chindan ham «Al-Qoida» uslublarida harakatlanishadi», - degan Bi-bi-si bilan suhbatda Bashar Asad tarafdori bo‘lgan Suriya parlamenti deputati Foris Shihobiy.

Idlibdagi qochqinlar lagerlarida yuz minglab qochqinlar yig‘ilgan / GETTY IMAGES

BMTning Suriyadagi vaziyat bo‘yicha yanvar oyidagi hisobotida «Hay'at Tahrirish Shom» jangarilari soni 12-15 ming atrofida ekani ko‘rsatilgan. Bu guruh Idlibda Bashar Asad armiyasi va uning ittifoqchilariga qarshi turgan eng yaxshi jangovar tayyorgarlikka ega kuchdir.

«Hay'at Tahrirish Shom» Sochi kelishuvi tuzilgan vaqtdayoq Idlibdagi eng katta ta'sirga ega bo‘lgan kuch edi, shundan keyingi to‘qnashuvlarda tashkilot yanada mustahkamlanib bordi va bugungi kunga kelib Idlibdagi Bashar Asad kuchlari yetib bormagan deyarli barcha hududni nazorat qiladi.

«Hay'at Tahrirish Shom» Idlibda «qutqaruv hukumati» nomli fuqarolik ma'muriyatini ham tuzgan va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu hukumatda minglab kishilar ishlaydi», degan Bi-bi-sining mustaqil tahlilchisi Ayman Javod At-Tamimiy.

Milliy ozodlik fronti
Milliy ozodlik front (MOF) - Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, qurollantiriladigan va moliyalashtiriladigan guruhlar koalitsiyadir. Bu guruh o‘tgan yil kuzida Suriya milliy armiyasi (avvalgi Suriya ozodlik armiyasi) - Suriya hududidagi yirik qurollangan tuzilma tarkibiga qo‘shilgan. Bu tuzilma Turkiya armiyasi bilan hamkorlikda Suriya shimolida kurd bo‘linmalariga qarshi janglar olib borgandi.

AQSh Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Milliy ozodlik fronti va turklarning ta'siridagi boshqa kichik guruhlar safidagi jangchilar soni 22 mingdan 50 minggacha yetadi. Amerikadagi The Century Foundation markazi tahlilchisi Aron Lund va boshqa ko‘plab ekspertlarning fikricha esa, MOF «Hay'at Taxrirish Shom»dan ancha kuchsizroqdir.

«Ularda hamjihatlik, logistika va tashkiliylik yetishmaydi, ular yaxshi qurollanmagan ham. Lekin ular baribir o‘zlarini boshqalarning o‘rnini bosuvchi jonli kuch sifatida namoyon etadi, ular Turkiyaga yaqin, Idlibdagi voqealar rivoji ko‘p jihatdan ularga ham bog‘liq», - dedi Lund Bi-bi-si muxbiriga.

Milliy ozodlik fronti artilleriyachisi Asad armiyasi pozitsiyasini o‘qqa tutmoqda / AFP

Boshqalar va xorijliklar
Yuqorida nomlari keltirilgan ikki koalitsiyadan tashqari, Idlibda boshqa turli mayda guruhlar ham harakatlanadi.

Ekspertlar ulardan eng nomdorlaridan biri sifatida «Hurrosud-Din» («E'tiqod muhofizlari»)ni keltirishadi. Bir necha yil oldin «Hay'at Tahrirish Shom»dan ajralib chiqqan bu guruhni ko‘pchilik «Al-Qoida»ning Suriyadagi o‘rinbosari (yoki filiali) deb hisoblaydi. O‘z-o‘zidan ko‘plab davlatlar, jumladan, AQSh, Rossiya va boshqalar bu guruhni  terrorchi tashkilotlar qatoriga kiritgan.

Kuzatuvchilarning baholashicha, «E'tiqod muhofizlari» so‘nggi vaqtlarda «Hay'at Tahrirish Shom» bilan hamkorlik qilmoqda. BMTning yanvardagi hisobotiga ko‘ra, bu guruh tarkibida 3500-5000 kishi bor.

Bundan tashqari, Idlibda «Hay'at Tahrirish Shom»ning ittifoqchisi bo‘lgan shinjonlik uyg‘urlar tomonidan tuzilgan «Turkiston islom partiyasi», Suriyadagi fuqarolik urushi vaqtida kelgan o‘zbekistonliklar, tojikistonliklar, chechenistonliklarning guruhlari va boshqa  jangarilar mavjud.

Asad hukumatining tasdiqlashicha, Idlibdagi xorijiy jangarilar soni - 30-40 ming atrofida. Ammo Britaniya Qirollik instituti tadqiqotchisi Rafaello Panuchchining fikricha bu bo‘rttirilgan raqamlardir.

«Oila a'zolari bilan qo‘shib hisoblaganda ham ularning soni bir necha mingdan oshmaydi», - degan Panuchchi Bi-bi-si muxbiriga.

Turkiya nima uchun urushmoqda?
Idlibda qurolli jangarilar va Asad rejimining boshqa muxoliflari safidagi harbiylar soni o‘n minglab nafarni tashkil etadi, ammo bu viloyatda yashovchi tinch aholi vakillari soni ulardan yigirma baravar ko‘proq.

Idlib viloyati 6 ming kvadrat kilometr maydonni egallaydi va bu yerda fuqarolik urushidan oldin bir yarim millionga yaqin kishi yashagan. Hozirda bu joy «Ikkinchi G‘azo sektori»ga aylangan: viloyat hududining yarmini Asad kuchlari egallab qolgan, qolgan qismida esa BMT hisoblariga ko‘ra uch millionga yaqin kishi yashamoqda, ularning uchdan bir qismi bolalardir

O‘tgan yil dekabrida Asad harbiylari va uning rossiyalik hamda eronlik ittifoqchilari Idlibni to‘la egallash uchun hujum boshlashi oqibatida bu hududdagi tinch aholi vakillarining ko‘pchilik qismi boshpanalarini tashlab, Turkiya bilan chegaralar yaqiniga surildi - ayni vaqtda chegara yaqinidagi qochqinlar lagerlarida qariyb bir million kishi bor.

Turkiya esa o‘tgan yillar davomida 3,7 millionga yaqin suriyalik qochqinni qabul qilib bo‘lgan va bu dunyoning boshqa mamlakatlaridagi qochqinlarning jami sonidan ko‘pdir. «Turk jamiyatining qochqinlarga nisbatan oshib borayotgan noroziligi Erdo‘g‘anni «mamlakati bundan keyin boshqa qochqin qabul qila olmasligi» haqida e'lon qilishga majburladi», deyiladi Financial Times nashrida chiqqan tahliliy maqolada.

Idlib shimolidagi qochqinlar lagerlari ko‘rinishi, 2018 yil sentabr / DIGITALGLOBE
2019 yil dekabr / DIGITALGLOBE

Tashqi kuzatuvchilarning fikricha, Erdo‘g‘an boshchiligidagi Turkiya Idlibni himoya qilishining yana bir sababi - bugungi kunda sunniy Turkiya Suriyadagi sunniylarni Asadning shialardan iborat hukumati va uning ittifoqchilari - eronlik shialardan himoya qilayotgan yagona kuch bo‘lib turibdi va bu Erdo‘g‘anni yanada kuchli va qat'iyatli yetakchi sifatida namoyon qiladi.

Ko‘pchilik sharhlovchilarning yakdil fikricha, bugun Erdo‘g‘an uchun qochqinlar muammosini hal qilish ham, kuchli yetakchi maqomini saqlab turish zarurati ham Idlib va umuman, Suriya bilan bog‘liq muhim masalaga aylangan. Bu esa o‘z navbatida ichki siyosiy muammolarga yechim bo‘lishi, Turkiya ichkarisida uning nufuzi oshishiga olib kelishi mumkin. Shu tufayli, Idlibdagi ittifoqchilarning mafkurasi va ularning xalqaro ro‘yxatlarda qanday nomda qayd etilgani – bular Turkiya prezidenti uchun ikkinchi darajali masala hisoblanadi.

Mavzu
Idlib mojarosi
2019 yil dekabrida Suriya armiyasi Idlibni to‘liq egallash uchun yurish boshladi. Turkiya esa Suriya shimolidagi ittifoqchilarini himoya qilish uchun bu hududdagi kuzatuv postlariga minglab harbiylarini jo‘natdi va ikki tomon o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bera boshladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top