18:40 / 05.03.2020
0
4712
BMTning sobiq bosh kotibi Peres de Kuelyar 100 yoshida vafot etdi

BMTning sobiq bosh kotibi, Peruning sobiq bosh vaziri Xaver Peres de Kuelyar 100 yoshida olamdan o‘tdi.

JEAN-MICHEL TURPIN / CONTRIBUTOR

BMT sobiq rahbarining o‘g‘li RPP radiosi orqali o‘z otasi Perudagi uyida vafot etgani to‘g‘risida xabar qilgan. Xaver Peres de Kuelyar jahondagi eng keksa siyosatchilardan biri edi.

U ikki muddat davomida - 1982 yildan 1991 yilga qadar BMT bosh kotibi bo‘lib ishlagan. Faoliyati davomida Peres de Kuelyar Lotin Amerikasi, Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqda qator muhim kelishuvlar imzolanishiga erishgan.

Uning muhim yutuqlaridan biri sifatida 1988 yilda Eron va Iroq 8 yillik qurolli nizodan keyin o‘t ochishni to‘xtatishiga olib kelgan muzokaralar hisoblanadi.

Xaver Peres de Kuelyar va AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan / BETTMANN

BMTning hozirgi bosh kotibi Antoniu Guterrish Peres de Kuelyarning o‘limi to‘g‘risidagi xabardan «chuqur qayg‘uda» ekanini bildirgan. «U tajribali davlat arbobi, sadoqatli diplomat edi va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda butun dunyoda obro‘si katta edi», degan u.

O‘z navbatida Peru prezidenti Martin Viskarra tvitterdagi sahifasida Peres de Kuelyarni butun umrini ishga baxshida qilgan «chin demokrat» deb atagan.

REUTERS

Yurist va diplomat
Peres de Kuelyar Limadagi Katolik universitetda huquqni o‘rgangan, keyin Peru Tashqi ishlar vazirligida diplomatlik faoliyatini boshlagan.

U Yevropa va Lotin Amerikasidagi ko‘plab mamlakatlardagi elchixonalarda ishlagan, BMTning 1946 yilgi ilk yig‘ilishida Peru delegatsiyasi safida ishtirok etgan.

1974 yilda Turkiya Kiprga bostirib kirganidan keyingi Turkiya va Gretsiya o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi imzolanishida u BMT Xavfsizlik Kengashining maxsus vakili bo‘lgan.

1982 yilda esa BMT bosh kotibiga aylanadi. Peres de Kuelyar AQSh va SSSR o‘rtasidagi sovuq urush avjiga chiqqan yillarda BMTga rahbarlik qiladi.

U 1991 yilda, o‘z vakolati muddatining oxirgi yilida G‘arbiy Sahroi Kabirdagi harbiy harakatlar, Salvador, Kamboja va Nikaraguadagi fuqarolik urushlariga chek qo‘yilishiga erishadi.

1995 yilda u Peru prezidentligi uchun saylovda nomzod bo‘lgan, ammo faqat 22 foiz ovoz olib, Alberto Fuximoriga yutqazgan.

2000 yilda Fuximori mojaro tufayli iste'foga chiqqanida, Peres de Kuelyar ma'lum vaqt davomida mamlakat bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri sifatida ishlab turadi hamda vaqtincha hukumatga yangi saylovlar o‘tkazishga yordam beradi.

Mamlakatning yaqinda saylangan prezidenti Alexandro Toledo uni Fransiyadagi elchi etib tayinlagandi.

Uning dafn marosimi 6 mart kuniga belgilangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top