16:40 / 05.03.2020
0
5534
Farmatsevtika agentligi dorixonalarda tibbiyot niqoblari tanqisligi kuzatilayotgani bo‘yicha munosabat bildirdi

O‘zbekistonda tibbiyot niqoblari ishlab chiqaradigan 10dan ortiq korxonalar mavjud va ular hozirgi kunda to‘liq quvvat bilan ishlab turibdi

Foto: Ysia.ru

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati hozirgi kunda tibbiyot niqoblari tanqisligi kuzatilayotgani bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xabarlarga ko‘ra, dorixonalarda tibbiyot niqoblari yetishmasligi yoki umuman yo‘qligi va deyarli hamma dorixonalarda bu mahsulot narxi oshgani aholini tashvishga solmoqda.

Tibbiyot niqoblari tibbiy buyumlar ro‘yxatiga kiritilgan. Lekin shu bilan birga, dorixonalarda bo‘lishi majburiy bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatiga tibbiyot niqoblari kiritilmagan.

Shu bois dorixonada tibbiyot niqoblari yo‘q bo‘lsa, bu uchun dorixonani ayblash yoki dorixona hodimidan tibbiyot niqoblarini talab qilish noto‘g‘ri. Lekin respublikamizda hozirgi kundagi epidemiologik holatni, ya'ni koronavirus xavfini hisobga olgan holda, dorixonalar tomonidan aholini tibbiyot niqoblari bilan ta'minlash bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shuni ham eslatib o‘tamizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2647 sonli qarorida, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish – ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat'i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo‘llangan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Dorixona tibbiyot niqoblarini misol uchun, ulgurji 2000 so‘m narxda sotib olgan bo‘lsa, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari bilan, ya'ni, 2400 so‘mdan sotishi kerak bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, yurtimizda 15ga yaqin tibbiyot niqoblari ishlab chiqaradigan korxonalar mavjud va ular hozirgi kunda to‘liq quvvat bilan ishlab turibdi. Ammo tibbiyot niqoblariga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lgani va buyurtmalar ko‘pligi sabab, dorixonalarda aynan shu mahsulot narxi oshgani kuzatilgan bo‘lishi mumkin», deyiladi bayonotda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top