09:54 / 05.03.2020
0
5901

Sharbat mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Meva va sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: Getty Images

Texnik reglament insonning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishidan saqlash maqsadida meva, sabzavotlar va rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlarining xavfsizligiga bo‘lgan talablarni belgilaydi.

Texnik reglamentning texnik jihatdan tartibga solinadigan obektlariga ishlab chiqarish texnologik jarayonlari, transportda tashish, saqlash va tashishga bo‘lgan talablar o‘rnatilgan meva va (yoki) sabzavotlar va (yoki) rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlari kiradi.

Texnik reglament odamlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish va sotib oluvchilarning (iste'molchilarning) adashishiga olib keluvchi harakatlardan ogohlantirish maqsadida obektlarga nisbatan quyidagi talablarni o‘rnatadi:

mevalar va (yoki) sabzavotlar va (yoki) rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlariga qo‘yiladigan talablar;

mevalar va (yoki) sabzavotlar va (yoki) rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transportda tashish, saqlash va tashish jarayonlariga qo‘yiladigan talablar;

mevalar va (yoki) sabzavotlar va (yoki) rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlarini identifikatsiya qilish qoidalari;

mevalar va (yoki) sabzavotlar va (yoki) rezavor mevalardan tayyorlangan sharbat mahsulotlarini tamg‘alashga qo‘yiladigan talablar.

Texnik reglament shaxsiy iste'mol uchun ishlab chiqarilgan va O‘zbekiston hududida muomalaga chiqarish uchun mo‘ljallanmagan hamda eksportga mo‘ljallangan meva va (yoki) sabzavot va (yoki) rezavor mevalardan olingan sharbat mahsulotlariga tatbiq etilmaydi.

Sharbat mahsuloti texnik reglament talablariga javob bergan taqdirda O‘zbekiston bozoriga muomalaga kiritiladi.

Texnik reglament talablariga mos keluvchi va muvofiqlikni baholash (tasdiqlash) jarayonidan o‘tganidan so‘ng sharbat mahsuloti bozordagi mahsulot muomalasi (muvofiqligi)ning yagona belgisi bilan tamg‘alanadi.

Sharbat mahsulotining har bir turkumi muomalaga kiritilganida unga sifat to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinadi.

Hujjat quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

sharbat mahsulotining nomi;

ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining nomi, ularning joylashgan joyi;

sharbat mahsulotiga talablarni belgilovchi texnik reglamentning belgisi;

sharbat mahsulotining texnik reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sinovlarning normativ ko‘rsatkichlari va haqiqiy natijalari;

sharbat mahsulotlarida komponentlar va oziq-ovqat qo‘shimchalarining mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

ishlab chiqarish sanasi;

sharbat mahsulotlarining yaroqlilik muddati;

saqlash sharoitlari;

texnik reglament talablariga javob bermaydigan yoki yaroqlilik muddati tugagan sharbat mahsulotlarini utilizatsiya qilish yoki ularni yo‘q qilish shartlari;

sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

sifatni tasdiqlovchi hujjatning berilgan sanasi va raqami;

sifatni tasdiqlovchi hujjatni rasmiylashtirgan shaxsning imzosi.

Texnik reglament qo‘llaniluvchi sharbat mahsulotining texnik jihatdan tartibga solinuvchi obektlar sirasiga tegishliligini belgilash maqsadida sharbat mahsulotining identifikatsiyasi manfaatdor shaxslar tomonidan iste'mol qadoqlariga tushirilgan yoki mahsulotlarga ilova qilinadigan hujjatlarda ko‘rsatilgan nomlarini nazarda tutilgan nomlar bilan solishtirish orqali tadqiqotlar (sinovlar) o‘tkazmagan holda amalga oshiriladi.

Sharbat mahsulotining o‘z nomiga muvofiqligini belgilash maqsadida sharbat mahsulotining identifikatsiyasi mahsulotning fizik-kimyoviy, organoleptik va boshqa ko‘rsatkichlarini birgalikda baholash yo‘li bilan amalga oshiriladi va ularga quyidagilar kiradi:

sharbat mahsulotining ko‘rsatilgan belgilari;

tegishli sharbat mahsulotini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan meva, sabzavot va rezavor mevalar nomlari;

eriydigan quruq moddalarning sharbatlar va mevali (sabzavotli) pyurelar tarkibidagi miqdori;

meva (sabzavot) nektarlaridagi, morslardagi, meva va sabzavot ichimliklaridagi sharbat, meva (sabzavot) pyurelarining eng kichik hajmi ulushi, shuningdek, iste'molchilarning (sotib oluvchilarning) adashishiga shubha tug‘ilganidagi sharbat, meva va sabzavot pyurelarining ular uchun xos bo‘lgan sorti, geografik, iqlimiy, qishloq xo‘jaligi va texnologik omillarni hisobga olgan holdagi kimyoviy tarkibining mumkin bo‘lgan tabiiy xususiyatlari haqidagi ma'lumotlar.

Respublika hududida muomala bo‘lgan sharbat mahsulotlari inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazmasligi va muvofiq konservatsiya qilingan sharbat mahsuloti (sanoat sterilligi talablari) sharbat mahsulotlari xavfsizligining kimyoviy ko‘rsatkichlari talablari va pH 3,8 va undan past miqdorda uglekislota qo‘shilgan gazlangan va konservatsiya qilingan sharbat mahsulotlari hamda konsentratsiya qilingan morslar va konsentratsiya qilingan meva (sabzavot) pyurelari xavfsizligining mikrobiologik ko‘rsatkichlari talablariga javob berishi lozim.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top