18:30 / 05.03.2020
0
4974
Shavkat Mirziyoyev YeTTB delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi ushbu nufuzli moliyaviy institut delegatsiyasini qabul qildi.

«O‘zbekiston va YeTTB 2017 yilda sheriklikni qayta yo‘lga qo‘yganini alohida ta'kidlash joiz. O‘tgan davrda bankning mamlakat strategiyasi va qo‘shma "yo‘l xaritasi" qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.

Yangi investitsiyalar hajmi 1,1 milliard dollarga yetib, energetika, issiqlik va suv ta'minoti, kommunikatsiyalar, yo‘l va uy-joy qurilishi kabi ustuvor tarmoqlarga yo‘naltirilgan. Ayni paytda, YeTTB kiritgan sarmoyaning uchdan bir qismi xususiy sektor tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilmoqda.

Toshkentdagi vakolatxonadan tashqari bank Andijonda o‘z ofisini ochdi, joriy yilning oxirigacha Urganchda ham ochishni rejalashtirmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston rahbari ikki tomonlama hamkorlikda bunday yuksak darajaga erishilganida Suma Chakrabartining shaxsiy hissasi va faol sa'y-harakatlarini alohida qayd etgan. 

Uchrashuvda uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari batafsil ko‘rib chiqilgan.

YeTTB prezidenti ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilot O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturiga har tomonlama ko‘maklashishni davom ettirish hamda sheriklik ko‘lamini tubdan kengaytirishga tayyor ekanini bildirgan.

Infratuzilmani modernizatsiya qilish, bank sohasi, to‘qimachilik va sanoatning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish, kichik biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ustuvor loyihalarni ishlab chiqish va ilgari surishga alohida e'tibor qaratilgan.

Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, ilg‘or tajriba, bilim va texnologiyalarni jalb qilishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarning rejasi va kun tartibi yuzasidan fikr almashilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top