16:54 / 05.03.2020
1
17004

«Umrimda ikki marta yig‘laganman» - Maksim Shatskix ustozi haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi

O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq hujumchisi Maksim Shatskix Kiyevning «Dinamo» klubi bosh murabbiyi Valeriy Lobanovskiy haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Mashhur to‘purar o‘z faoliyatida salmoqli iz qoldirgan ukrainalik mutaxassis haqida juda iliq so‘zlarni aytdi.

Maksim bilan Kiyevda uchrashganimizda intervyu oldik, xususan Lobanovskiy haqida ko‘plab savollarni berdik. Quyida uning ustozi haqidagi intervyuga kirgan va kirmagan so‘zlarini e'tiboringizga havola qilamiz.

 Maksim Shatskix Kiyevning «Dinamo» klubi muzeyida

- 1999 yili «Dinamo Kiyev» klubining dunyoga mashhur murabbiyi Valeriy Lobanovskiydan taklif olgansiz. Shu haqda gapirib bersangiz.

- Rossiyaning «Baltika» klubida birinchi davra yakunlanishiga 2 tur qolgan edi. «Dinamo Kiyev»dan ikki seleksioner keldi. Bafurja gaplashdik, ular ko‘rikdan o‘tkazish uchun emas, balki aniq taklif bilan kelishgan ekan. Xullas, gaplashib oldik. 2 turni o‘tkazib Kiyevga yo‘l oladigan bo‘ldim. Shundan keyin Moskvaning «Spartak» klubidan ham vakillar kelib, «oltin tog‘lar»ni va'da qilishdi. Ammo avval ham aytganman - «Dinamo Kiyev»da to‘p tepish bolalik orzum bo‘lgani uchun, hatto «Spartak» taklifini muhokama ham qilmaganman.

Kiyevga borganimdan so‘ng, 1 kun ichida shartnomani kelishib olganmiz. 2 kun o‘tgach, asosiy jamoa mashg‘ulotiga qo‘shilganman.   

Valeriy Vasilevich Lobanovskiy

- Bosh murabbiy Valeriy Lobanovskiy sizni qanday kutib oldi, u bilan nima haqda gaplashdingiz?

- Klub qarorgohiga bordim. Hamma shu yerda ekan – rahbariyat, murabbiylar shtabi, jamoa. Valeriy Vasilevich bilan yuzma-yuz gaplashdik. Uni sof futbolga oid masalalar qiziqtirdi. Menga 2-3 savol berdi. Maketda ba'zi vaziyatlarni ko‘rsatib, fikrim bilan qiziqdi. U yoki bu holatda nima qilishimni so‘radi. Ya'ni, futboldagi qarashlarim uniki va jamoanikiga qanchalik mos kelishini o‘rgandi. Javoblarim uni qoniqtirdi, fikrlarimiz bir joydan chiqdi deb o‘ylayman. 10-12 daqiqa gaplashib oldik. Shundan keyin rahbariyat bilan uchrashdim, qolgan masalalarni muhokama qildik.

- Siz Lobanovskiydan tashqari, Aleksey Mixaylichenko, Yojyef Sabo, Leonid Buryak, Anatoliy Demyanenko (keyinchalik u O‘zbekistonda ham ishlagan), Oleg Lujniy, Yuriy Syomin kabi murabbiylar qo‘l ostida ham o‘ynagansiz. Ulardan qaysi biri sizga eng ko‘p ijobiy ta'sir qilgan?

- Shubhasiz Valeriy Lobanovskiy. U – buyuk shaxs va dunyo miqyosidagi afsonaviy murabbiylardan biri edi. «Dinamo Kiyev»dagi 10 yillik faoliyatimning eng yaxshi qismini uning qo‘l ostida o‘tkazganman. O‘z navbatida boshqa murabbiylardan ham yaxshi narsalarni o‘zlashtirishga harakat qilganman. Masalan, Leonid Buryak: «Futbolchi har doim kuchli xislatlari bilan o‘ynashi kerak. Qo‘lingdan kelmaydigan yoki yaxshi eplay olmaydigan narsalarni qilishga urinma. Eng kuchli jihatlaring bilan o‘yna», deb aytar edi, afsuski u klubda oz vaqt ishladi. Juda to‘g‘ri gaplar, chunki futbolchilar har xil bo‘ladi. Kimdir tezroq yuguradi, kimdir tezroq o‘ylaydi, kimdir to‘p bilan yaxshi ishlaydi. Shu tufayli, har bir murabbiydan yaxshi narsalarni o‘zlashtirib olishga intilganman.  

- Valeriy Lobanovskiy «Dinamo Kiyev» klubi bilan ikki marta yevrokubokda g‘alaba qozongan. Sobiq SSSR hududida hali hech kim bunday natijaga erisholmadi. Uning murabbiy sifatidagi kuchli tomoni nimada edi?

- Buni o‘zining so‘zlari bilan izohlash mumkin. «Yaxshi murabbiy o‘z davridan o‘zib ketishi kerak», - degan edi Valeriy Vasilevich. Ya'ni, agar murabbiy futboldagi davrdan o‘zib ketsa, u holda tez o‘sadi va oldinga qarab yuradi. Bundan tashqari, o‘sha paytlarda ko‘plab zo‘r futbolchilar o‘ynagan. Tanlov katta edi – tarkibda bir-birini o‘rnini bosa oladigan futbolchilar ko‘p bo‘lgan. Ularning o‘rni almashgan taqdirda ham o‘yinning surati o‘zgarmasdi. Hozirgi vaqtda bunday emas. Qo‘shimchasiga, uning tajribasi ham katta edi. Yevropaning istalgan klubini qanday mag‘lub etishni yaxshi tushunardi. Masalan, 1999 yili «Dinamo Kiyev» Chempionlar Ligasi yarimfinalida «Bavariya»ga tasodifan yutqazib qo‘ygan (Chempionlar Ligasi 1998/99 mavsumi. «Dinamo Kiyev» - «Bavariya» 3:3 va 0:1. Maksim hali «Dinamo» safida emas edi. Izoh – Tribuna.uz). Bu mag‘lubiyatni tasodifan deb hisoblayman. Agar klub finalga chiqqanida «Manchester Yunayted»ni bemalol mag‘lub etgan bo‘lardi. Jamoa juda yaxshi formada edi. Bundan tashqari, yuqori saviyadagi futbolchilar yig‘ilgan edi.

- Ba'zi mutaxassislar Lobanovskiyning murabbiylik uslubini tanqid qilishadi. Uning mashg‘ulotlari og‘irligini, jismoniy yuklamalar juda katta ekanini ta'kidlashadi. Bu rostmi?

- Rost. Yashirib nima qilaman, o‘zim shularni boshimdan o‘tkazganman. Yig‘inlar, mashg‘ulot jarayoni og‘ir bo‘lgan. Yuqori tezlikda o‘tkazilgan. Menimcha, o‘sha paytda mashg‘ulotlarni boshqacha o‘tkazishga imkon yo‘q edi. Chunki, har qanday jamoa shartli aytadigan bo‘lsak «Barselona» futbolini o‘ynay olmaydi. Bunday klub, bunday uslub uchun futbolchilar maxsus tanlab olinadi. O‘sha paytda «Dinamo»da jismoniy holat birinchi o‘rinda turgan. Juda og‘ir bo‘lgan, yashirmayman. Ba'zan mashg‘ulotda o‘zini yomon his qilish, hushdan ketib qolish holatlari bo‘lgan. Tezkorlik evaziga boshqa kamchiliklar kompensatsiya qilingan deb o‘ylayman. Jismoniy yuklamalarsiz mashg‘ulot o‘tkazishning iloji yo‘q. O‘sha paytda «Dinamo»da shunday uslub qo‘llangan.

Kiyev shahridagi Valeriy Lobanovskiyga o‘rnatilgan yodgorlik

- Andrey Shevchenko o‘z intervyularidan birida Valeriy Lobanovskiy haqida gapira turib, bo‘limlar oralig‘ida uning kiyim almashtirish xonasiga deyarli kirmasligini, kirsa ham faqat bir gapni: «Nega o‘tiribsizlar, maydonga chiqinglar va o‘ynanglar», deb aytishini ta'kidlagan edi?

- Ha, to‘g‘ri. Ortiqcha gapirmasdi. «Dam oldingizlarmi? Turinglar va maydonga chiqib o‘ynanglar», derdi. Hammasi ruhiyatga borib taqaladi. Chunki odamlar har xil bo‘ladi. Kimnidir savalash kerak, kimnidir boshini silash kerak. Kimga baqirsangiz, o‘zini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Kimni jonlantirmoqchi bo‘lsangiz, tayoq bilan urish kerak. Masalan, Pep Gvardiola tanaffusda murabbiylar xonasida o‘tiradi, kiyim almashtirish xonasiga umuman kirmaydi. Chunki, bu futbolchilar hududi. Ular dam olib, keyin ikkinchi bo‘limga chiqishadi. To‘g‘ri ba'zan juda qiyin vaziyatlar bo‘lishi mumkin. Shunda murabbiy kirib, futbolchilarni ruhini ko‘tarishga urinishi – tabiiy hol. Albatta buni istisno qilib bo‘lmaydi.      

- Yoshi katta muxlislar Lobanovskiyni zaxira o‘rindig‘ida chayqalib o‘tirishini eslashadi...

- Hammasi asabga borib taqaladi. Murabbiy juda katta bosim ostida ishlaydi. Kimdir saqich chaynaydi, kimdir konfeta shimadi, ba'zilar baqir-chaqir qiladi. Valeriy Vasilevich esa ehtiroslarini o‘zida saqlagan. Ishoning, katta klublarning, milliy jamoalarning murabbiylariga osonmas. Ichiga to‘planib qolgan tajanglikni qandaydir yo‘l bilan chiqarib yuborishi kerak.

- Siz Lobanovskiy qo‘l ostida atigi uch yil o‘ynadingiz...

- Ha. Valeriy Vasilevich 2002 yilda vafot etdi. Biz Zaporojyeda «Metallurg» bilan o‘ynayotgan edik. Zaxira o‘rindig‘ida Valeriy Vasilevich mendan bir necha metr narida o‘tirardi. Birdan hushidan ketib, yuztuban yerga yiqildi. Hammasi ko‘z o‘ngimda yuz berdi. Darhol tez yordam mashinasi keldi, o‘yin to‘xtatildi. Uni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishdi. Biz esa jamoa bilan Kiyevga qaytdik. Keyin bilsak, o‘yin paytida insult bo‘lgan ekan. Oldiniga jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli o‘tdi, ahvoli yaxshi degan xabarlar keldi. Kayfiyatimiz ko‘tarildi. Ammo bir necha kundan keyin vafot etganini eshitdik. Shunda o‘zimni to‘xtatolmay juda qattiq yig‘laganman... Xonamga qamalib olganman... Hatto turmush o‘rtog‘im ham meni tinchlantira olmagan... Umrimda ikki marta shunday yig‘laganman... Birinchisi yoshlikda bo‘lgan. Futbol bilan bog‘liq holat emasdi...

Valeriy Vasilevich ko‘plab yoshlarning mahoratli futbolchi sifatida shakllanishiga katta hissa qo‘shgan insondir. Uning shogirdlari bir necha yillar davomida Yevropada, turli milliy jamoalarda muvaffaqiyatli to‘p tepdi. Biz futbolchilarga baqirganini, qattiq koyiganini eslolmayman. Qarashidan, nigohidan o‘yinimiz unga yoqmayotganini, xato qilayotganimizni sezardik... U haqda ko‘p va to‘xtamasdan gapirish mumkin. U dunyo futboli saviyasidagi buyuk murabbiy edi. Agar hozir tirik bo‘lganida dunyo futboli rivoji uchun yanada yangi narsalarni olib kirgan bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Nurmuhammad Said suhbatlashdi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top