19:30 / 06.03.2020
1
98181
Bo‘shab qolayotgan osmon: Koronavirus aviakompaniyalarni halokatga yetaklamoqda. Birinchi «qurbon» bor

Butun dunyodagi aviakompaniyalar koronavirus tufayli yirik inqirozga arafasida - yo‘lovchilar oqimi hozirdanoq sezilarli darajada pasaygan. Avvalgi moliyaviy inqirozdan beri endigina oyoqqa tura boshlagan sanoat so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir yilga tayyorlanmoqda - bu safar zarar miqdori ko‘plab milliardlarda baholanishi mumkin.

Foto: Getty Images

Payshanba kuni ilk qurbon berildi - Britaniyaning Flybe aviakompaniyasi. Bu kompaniya anchadan buyon bankrotlik yoqasida qolayotgandi. Koronavirus so‘nggi tomchi bo‘ldi.

Boshqalar hozircha bardosh berishmoqda, ammo kundan kunga ularning boshi uzra ham qora bulutlar to‘planmoqda. Ikki haftagina oldin Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasi (IATA) virus epidemiyasi tufayli aviakompaniyalar ko‘radigan zarar miqdorini 30 mlrd dollarga baholagandi. 5 mart kuniga kelib esa bu raqamlar ikki barobar o‘sdi - 63 mlrd dollar.

Bu ham eng kamida. Agar virus tarqalishining oldi olinmasa, yo‘qotishlar dastlabki prognozdagidan ko‘ra to‘rt barobarga oshishi ham mumkin - 113 mlrd dollar.

«Vaziyat favqulodda murakkab. Voqealar shunday ssenariyda rivojlanmoqdaki, buning pretsedenti (o‘zidan keyin sodir bo‘ladigan xuddi shu turdagi voqealarga o‘rnak bo‘la oladigan voqea-hodisa) yo‘q. Qandaydir ikki oy ichida butun dunyoda ushbu sohaning istiqbollari keskin yomonlashdi», - degan IATA rahbari Aleksandr de Junyak.

Holbuki o‘n yillik yomon boshlanmagandi.

Dahshatli nolinchi yillar - AQShdagi teraktlar, SARS atipik pnevmoniyasi avj olishi, loukosterlar bilan narxlar bo‘yicha raqobat va 2009 yilgi moliyaviy inqirozdan keyin 2010-yillar aviakompaniyalar uchun haqiqiy renessans bo‘lgandi. Ular yangi yo‘nalishlar ko‘payib, narxlar pasaytirilishi evaziga o‘zini o‘nglab olgan, bunda boyiy boshlagan o‘n millionlab xitoyliklar dunyo bo‘ylab sayohatlarga otlanishi ham o‘z hissasini qo‘shgandi.

O‘sish davom etdi va barchasi ortda qolgandek edi. Savdo urushlari, breksit va boshqa geosiyosiy muammolar tufayli 2019 yilda kutilgan natijalarga erishilmagan bo‘lsa-da, bu soha baribir serdaromadligicha qolgan, 2020 yilda ham ishlar chappasiga ketishini hech kim kutmayotgandi. Balki akskincha.

Yangi yil arafasida IATA umidbaxsh prognoz berdi: jahon aviatsiyasi daromadlari 4 foizga o‘sib, 870 mlrd dollar ishlab olishi va deyarli 30 mlrd dollar sof daromad ko‘rishini kutayotgandi.

Ikki oy vaqt o‘tdi, endi gap daromad ko‘rish haqida emas, balki omon qolish haqida bormoqda.

Birinchi qurbon
Britaniyaning Flybe aviakompaniyasi ixchamgina Embraer samolyotlari orqali hududiy aeroportlar orasida parvozlarni amalga oshirardi, uning halokati nafaqat 2400 xodim ishini yo‘qotishini anglatadi, balki birlashgan qirollikdagi alohida hududlar iqtisodiyotiga ham zarba bo‘ladi.

REUTERS

Flybe o‘tgan yildayoq muammolar bilan to‘qnashgandi. Virgin Atlantic aviatashuvchisi ishtirokidagi konsorsium uni sotib olgan va agar hukumat 100 million funt miqdorida dotatsiya ajratsa hamda soliq imtiyozlari taqdim etsa, uni jonlantirishni va'da qilgandi. Bu esa raqobatchilarga, shu jumladan, British Airways aviakompaniyasiga yoqmadi va hukumat pul ajratmadi.

Endilikda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli kompaniya to‘la bankrot bo‘ldi, bu aviatsiyada koronavirusning ilk qurbonidir. Odamlar orasida bo‘lgani kabi, biznesda ham birinchi navbatda eng kuchsizlar qurbon bo‘lmoqda.

Virgin Atlantic hozirda Flybe’ni o‘ylaydigan ahvolda emas. Bu kompaniya uzoq yo‘nalishlarga ixtisoslashgan va Osiyo hamda AQShga ko‘plab reyslar bekor qilinishidan katta zarar ko‘rmoqda. Chiptalarni oldindan buyurtma qilish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga pastlagan va Virgin Atlantic o‘z xodimlarini ish haqi to‘lanmaydigan ta'tillarga jo‘natmoqda, kompaniyaga yangi ishchilar olinishi to‘xtatilgan, rahbariyat vakillarining 4 oylik maoshlari kesilgan.

Uning raqobatchilari ham og‘ir ahvolda qolmoqda.

British Airways, KLM, Lufthansa, United va boshqa ko‘plab xalqaro aviatashuvchilar yo‘nalishlarni qisqartirmoqda va investitsiya kiritishni to‘xtatmoqda. «Aeroflot» ko‘plab yo‘nalishlarda parvozlarni kamaytirgan, Hongkongga reyslar to‘xtatilgan.

Loukosterlar ham chetda qolayotgani yo‘q. Ryanair, EasyJet va Wizz Air aviakompaniyalari ham shu kabi cheklov choralari haqida e'lon qilgan. Rossiyaning «Pobeda» loukosteri Italiya shaharlariga parvozlarni sezilarli darajada kamaytirgan.

Arzon kerosin
Agar virus sayyora bo‘ylab shu taxlitda tarqalishda davom etsa, aviatsiya sohasi chuqur inqiroz xavfi ostida qoladi. IATA’ning qayg‘uli prognozlarida hali Covid-19 bilan kasallangan bemorlar ko‘p emasligi tufayli Afrika va Lotin Amerikasi hisobga olinmagan. Vaziyat hali yanada yomonlashishi mumkin.

Shu bilan birga, aviakompaniyalar uchun yaxshi yangilik ham bor. Avvalgi inqirozlardan farqli ravishda, ular chiptalar narxini tushirishga majbur bo‘lishmayapti, yo‘nalishlar qisqartirilishi tufayli ko‘rilgan zararlarni esa xarajatlarni qisqartirish orqali qoplash mumkin.

Qolaversa, virus dunyo iqtisodiyotiga tahdid solishda davom etmoqda va bu neft narxi jiddiy darajada pasayishiga olib kelmoqda, o‘z navbatida kerosin narxi ham tushmoqda. Ammo ko‘p aviakompaniyalar to‘sqinliksiz xarid qilish uchun narxni oldindan to‘lab qo‘yishadi, shunday ekan, inqiroz davom etsa ham ular yoqilg‘i narxi arzonlashishidan aytarli foyda ko‘rmasliklari mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top