14:40 / 06.03.2020
0
71461
Do‘konlar ship-shiydam: Odamlar koronavirus vahimasida qaysi mahsulotlarni g‘amlab qo‘yishmoqda?

Koronavirus avj olishi tufayli butun dunyodagi odamlar infeksiyadan qanday himoyalanish haqida o‘ylashmoqda. Eng samarali usul - insonlar bilan aloqani iloji boricha kamaytirish, yaxshisi - uydan tashqariga chiqmaslik. Natijada ko‘plab davlatlar aholisi vaziyat yanada yomonlashgan taqdirda zarurat ortuvchi mahsulotlarni faol zaxiralashga kirishmoqda. 

Qaysi tovarlarga talab katta? Va nima yetmay qolishi mumkin?

Tibbiy niqoblar

Tailand va Janubiy Koreyadagi do‘konlarda tibbiy niqoblar tanqisligi yuzaga kelgan / EPA

Vaholanki, shifokorlar tibbiy niqoblarning virusdan deyarli himoyalay olmasligini ta'kidlayotgan bo‘lishsa-da, ularga bo‘lgan talab haddan oshib bormoqda. Bir qator dorixona, do‘konlarda va hattoki Amazon’da ham mahsulotlar yetkazib berilishida uzilishlar kuzatilmoqda. 

«Odamlar niqobga tilla misoli talpinishmoqda», deydi Braziliya niqob ishlab chiqaruvchi kompaniyasi rahbari Migel Luis Gricheno Reyter agentligiga. Uning kompaniyasi shoshilinch ravishda ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshirgan.

Ushbu jo‘n mahsulotga nisbatan bu qadar talab bir necha davlat rasmiylari tibbiyot xodimlari uchun zaxira yarata boshlaganidan so‘ng ortib ketdi: bemorlar bilan ishlash jarayonida shifokorlar infeksiyani yuqtirish xavfiga hammadan ko‘proq duch kelishadi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta'kidlashicha, dunyo bo‘ylab yuqumli kasallikka qarshi kurashish uchun shifokor va hamshiralarga juda ko‘p miqdordagi niqoblar kerak bo‘ladi — 8 million dona. Bundan tashqari, 76 million juft elastik qo‘lqop va 1,6 million himoyalovchi ko‘zoynak.

«Ushbu juda zarur ish qurollarining yetishmasligi shifokor va hamshiralar uchun xavf tug‘dirishi mumkin», deya ogohlantirgan JSST Bosh direktori Tedros Adhan Gebreyyesus.

Bunday niqoblar Braziliyada ishlab chiqarilmoqda / AFP

Kasallikka chalinish holati bo‘yicha Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turgan Janubiy Koreyada (6593 bemor va 42 qurbon) hukumat niqob ishlab chiqarish ko‘lamini oshirish choralarini ko‘rmoqda. Ularni chet elga olib chiqib ketish taqiqlanadi, har bir xaridor haftasiga faqat ikkita niqob sotib olishi mumkin.

Janubiy Koreya prezidenti Mun Je In niqob taqchilligi yuzaga kelgani uchun xalqdan uzr so‘radi va bundan buyon hukumat ularning strategik zaxirasini yaratishiga ishonch bildirdi. 

Kelgusida barcha ishlab chiqarilgan va talabga ega bo‘lmagan niqoblar davlat tomonidan sotib olinadi, shu sababli ham tadbirkorlar niqob yetkazib berish ko‘lamini orttirishda ikkilanishmasa ham bo‘ladi.

Dorixonalarda niqoblar yetishmasligi navbatdagi tartibsizliklar va ommaviy noroziliklarni keltirib chiqargan Tailandda hukumat ko‘p miqdordagi niqoblar haqiqatan ham juda yuqori narxlarda «qora bozor»ga sotish maqsadida eksport qilinganini aniqlash uchun komissiya tuzildi. 

Fransiya prezidenti niqoblar bilan birinchi navbatda shifokorlar va koronavirus bilan og‘rigan bemorlar ta'minlanishi maqsadida niqob ishlab chiqarish va tarqatish ustidan davlat nazoratini o‘rnatish ehtimoli haqida gapirdi.

Rossiya hukumati 1 iyunga qadar mamlakatdan niqob va boshqa shaxsiy himoya vositalarini olib chiqish taqiqlanganini e'lon qildi.

Qo‘l uchun gel

Yaponiyalik o‘quvchi qo‘lini gel bilan dizenfeksiya qilmoqda / REUTERS

So‘nggi kunlarda Fransiyada qo‘llarni dezinfeksiyalash gellari narxi, niqoblar bilan bo‘lgani kabi ikki-uch baravarga oshib ketdi. 

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat idorasi surishtiruv boshladi, Moliya vaziri Bruno le Mer esa tvitterdagi sahifasida shunday degan: «Agar suiiste'mol qilish hajmi orsa, men o‘z qarorim bilan narxlarni tartibga solishga tayyorman».

Pokiston rasmiylari ham mamlakatdagi savdogarlarga shu kabi ogohlantirish berdi. 

Eron sog‘liqni saqlash vaziri Said Namakiyning so‘zlariga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan «ba'zi tadbirkorlar» sun'iy yetishmovchilikni keltirib chiqarish niyatida gel va niqoblarni yashirishmoqda. 

«Vedomosti» gazetasining yozishicha, Rossiyada fevral oyida oddiy va internet-do‘konlarda qo‘l uchun gellar, sovun va nam salfetkalarga talab ikki baravar ko‘paygan. 

Hojatxona qog‘ozi

Melburndagi xaridorlar hojatxona qog‘ozini g‘amlashmoqda / AFP

Uy karantini, masofadan ishlash va rejadan tashqari maktab ta'til odatiy holga aylanib borgan sari, odamlar uzoq vaqt saqlanadigan zarur narsalarni g‘amlashni boshlashadi. Xususan, hojatxona qog‘ozi.

Singapur, Hongkong va Yaponiyada ushbu mahsulotlar defitsiti kuzatilmoqda. 

Avstraliya supermarketlaridagi hojatxona qog‘ozi peshtaxtalari bir necha daqiqada bo‘shab qolmoqda. Do‘kon tarmoqlaridan biri qo‘lda to‘rtta rulon bilan chiqishni chekladi. 

Bolalar uchun taglik va yo‘rgaklar, shuningdek uzoq muddat saqlanadigan sut uchun talab sezilarli darajada oshdi.

Oziq-ovqat yetkazib berish xizmatidagi navbatlar

Do‘konlarda mahsulotlar yetarlicha, ammo uni internet orqali buyurtma qiluvchilar kutib turishiga to‘g‘ri keladi / GETTY IMAGES

O‘tgan yili britaniyaliklarning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlarini internetda yetkazib berish xizmati orqali sotib olgan. 

Endi ushbu xizmatlarga talab keskin ko‘tarildi, chunki ko‘pchilik odam gavjum bo‘lgan do‘konga yana borishni istamayapti. Natijada, yetkazib berish xizmati uchun bir necha kun oldin buyurtma qilish kerak bo‘lmoqda. 

Oziq-ovqat do‘koni boshqaruvchilari vahima qo‘zg‘ash uchun hech qanday sabab yo‘qligini aytishmoqda: omborlarda mahsulotlar yetarlicha, ammo ularni uyda o‘tirib sotib olishni istaganlar haqiqatan ham kutishlari kerak. 

Generik dorilar

Jyeneriklarning 20 foizini jahon bozoriga Hindiston yetkazib beradi / GETTY IMAGES

Ba'zi shifokorlar doimiy ravishda ma'lum dorilarni qabul qilib yuruvchi bemorlarga retseptlarni avvaldan yozdirish va dori-darmonlar g‘amlab qo‘yish maslahatini berishni boshlashdi, chunki global farmatsevtika bozorida yetkazib berish zanjiri uzilishi mumkin. 

Dunyoda barcha generiklarning (turli xil dorilar tarkibiga kiruvchi faol moddalar) beshdan bir qismini ishlab chiqaradigan Hindiston yaqinda 20 turdagi preparat, xususan, eng mashhur isitma tushiruvchi va og‘riq qoldiruvchilardan biri bo‘lgan paratsetamol eksportini chekladi. 

Hindiston farmatsevtika sanoati kerakli kimyoviy tarkibiy qismlarning uchdan ikki qismini Xitoydan oladi. Xitoyda esa farmatsevtika zavodlari koronavirus epidemiyasi tufayli ishlamayapti. Hindiston hukumatining ma'lum qilishicha, mavjud zaxira avvalgi hajmdagi yetkazib berish uch oyga yetadigan zaxira mavjud. 

Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Keniya va Nigeriyada dorilar yetishmasligi bilan bog‘liq xavotirlar paydo bo‘lgan. 

Keniyadagi Daily Nation nashri xabar berishicha, dorixonalardagi ba'zi dori-darmon narxlari Hindiston eksporti cheklanishi haqidagi xabarlardan so‘ng darhol uch baravar ortgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top