22:13 / 06.03.2020
3
14841

«Nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan» - SSV O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holati yo‘qligini ma'lum qildi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

Yig‘ilishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat chegaralarini himoya qilish qo‘mitasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi kabi qator mutasaddi tashkilotlar, ularning hududiy boshqarma boshliqlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga chetdan kirib kelishining oldini olish bo‘yicha tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar va belgilangan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, jahondagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtimizda yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud 53ta sanitariya-karantin punktlarida qat'iy nazorat o‘rnatish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralarining yanada hushyorligini oshirish va tezkor ehtiyot choralarini ko‘rish masalalari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. 

Bo‘lib o‘tgan videoselektorda chegara-bojxona postlariga qo‘shimcha ravishda tegishli soha mutaxassislarini ajratib, ular tomonidan kasallik qayd etilgan mamlakatlar bilan bir qatorda uchinchi davlatlar orqali kelayotgan fuqarolarni yashash manzillarini aniq belgilab, ularni uyda yoki yotoq joylarida 14 kunlik karantinga olish tadbirlari qat'iy olib borilayotgani ta'kidlandi.

«Eslatib o‘tamiz, shu kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq biror holat qayd etilmadi. Yurtimizda ushbu infeksiyaga qarshi zarur barcha ehtiyot choralari ko‘rilmoqda. Nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan. Shuning uchun vazirlik aholidan ortiqcha xavotirga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalarga qat'iy rioya qilib, o‘zini va yaqinlarini himoya qilishlarini, alohida zarurat bo‘lmaganda esa xorijga vaqtinchalik chiqmasliklarini tavsiya qilib qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top