13:51 / 06.03.2020
1
30749

Qozog‘iston shimolida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi

Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida 28 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi. Qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q, deb yozmoqda KazTAG.

Foto: kaztag.kz

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xabar berishicha, yo‘l-transport hodisasi 6 martga o‘tar kechasi Ekibastuz qishlog‘i yonida, Qizilo‘rda-Pavlodar avtomobil yo‘lining 1160-kilometrida sodir bo‘lgan.

«Mercedes rusumli avtobus haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotib, Novosibirsk - Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan avtobusni ag‘darib yubordi, - deya izoh bergan mahkama. - Salonda 28 kishi bo‘lgan, ulardan 26 nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ikki haydovchi - bizning mamlakatimiz fuqarosi. Favqulodda holatlar tibbiy markazi mutaxassislari, politsiyachilar va mahalliy ijroiya hokimiyati vakillari yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan joyga yetib borishdi. Shifokorlar ko‘rigidan o‘tgach, yo‘lovchilarning barchasi o‘tkinchi transportga o‘tirib ketishdi, haydovchilar voqea joyida qoldi», - deb xabar berdi FVB.

Viloyat politsiya departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, avtobus Novosibirskdan Chimkentga ketayotgan bo‘lgan. Ushbu holat bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top