11:28 / 06.03.2020
0
3637

Suma Chakrabarti Samarqand YeTTB boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishini o‘tkazish huquqini olishiga ishonch bildirdi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Suma Chakrabartining ishonch bildirishicha, O‘zbekistonning 2023 yilda bank boshqaruvchilari kengashi yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Foto: ebrd.com

«Yig‘ilishni Samarqandda o‘tkazish masalasi boshqaruvchilar tomonidan may oyi o‘rtalarida ko‘rib chiqiladi. Hech qachon qarorni oldindan bila olmaysiz, lekin men ishonamanki, javob ijobiy bo‘ladi. Ikki oydan so‘ng bizda yaxshi yangiliklar bo‘ladi, deb umid qilaman», - dedi Chakrabarti Toshkentdagi matbuot anjumanida.

2019 yil dekabr oyida YeTTB bosh kotibi Enzo Kvattrochokke YeTTB boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyatini baholash uchun Samarqandga tashrif buyurdi. Unga sayyohlik markazi, zamonaviy mehmonxonalarni barpo etish, shuningdek, transport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish konsepsiyasi, kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish, aeroport va temir yo‘l vokzalini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.

Bundan oldin, O‘zbekiston 2023 yilda YeTTB boshqaruv kengashi yillik yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazishni taklif qilgani xabar berilgandi.

2019 yilda YeTTBning 500 million yevrodan ziyod sarmoyasi mamlakatdagi 13ta loyihaga kiritildi va shundan 9ta loyiha xususiy sektorga tegishli. Bugungi kungacha, YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 79 ta loyihalar orqali 1,85 mlrd. yevro sarmoya kiritgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top