12:26 / 06.03.2020
0
12118
YeTTB nima uchun korzinka.uz ulushini sotib olgani tushuntirildi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) korzinka.uz supermarketlar tarmog‘ida O‘zbekistondagi bunday loyihalarda ishtirokni oshirish maqsadida aksiyadorga aylandi. Bu haqda bankning respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos ma'lum qildi.

Foto: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki

YeTTB Singapur qonunlari asosida tegishlicha tashkil topgan va Anglesey Food MChJga 100 foiz egalik qiladigan kompaniya Anglesey Investmens’ga 40 million AQSh dollargacha kapital sarmoya kiritib, kompaniyaning kichik ulushini sotib olyapti.

«Biz xususiy sektorni rivojlantirishdan manfaatdormiz. Bu mamlakat bo‘yicha strategiyamizning birinchi raqamli ustuvor maqsadi. Ushbu loyihani biznesning raqobatbardosh bo‘lishida yordam berish juda muhim deb hisoblaganimiz sababli qo‘llab-quvvatladik. Bizning yordamimiz biznes samaradorligi va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan. Sarmoya kiritib, biz bunday loyihalarda ishtirokni rivojlantirishga harakat qilamiz hamda bunda o‘z bitimlarimizda namuna bo‘lamiz», - dedi Drakinos.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YeTTB har doim minoritar aksiyador sifatida ishtirok etish tamoyiliga amal qiladi.

«Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 40 million dollargacha sarmoya kiritishni rejalashtirdik. Hozirgacha 20 million yo‘naltirdik. Investitsiyalar o‘sishi bilan kompaniyaning qiymati ham oshadi. Bizning investitsiyalarimiz 25 foizlik chegaraviy qiymatdan ortmaydi», - deya qo‘shimcha qildi u.

2019 yilda YeTTBning 500 million yevrodan ziyod sarmoyasi mamlakatdagi 13ta loyihaga kiritildi va shundan 9ta loyiha xususiy sektorga tegishli. Bugungi kungacha, YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 79 ta loyihalar orqali 1,85 mlrd. yevro sarmoya kiritgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top