22:52 / 07.03.2020
0
112631
Koronavirus qayd etilgan mamlakatlar soni 100ga yaqinlashmoqda. So‘nggi ma'lumotlar

7 mart holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 103 mingga yaqinlashdi. Koronavirusga chalinish holati qayd etilgan mamlakatlar soni oshib bormoqda. Oxirgi sutkalarda virus JAR, Serbiya, Peru, Kamerun, Togo, Butan va Vatikanda qayd etildi. Koronavirus qayd etilgan davlatlar soni 90dan oshdi.

Foto: AFP

JSST koronavirus bilan mavsumiy gripp o‘rtasidagi tafovutni tushuntirib berdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi turdagi koronavirus va grippni qanday qilib adashtirmaslik mumkinligini ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, ularning o‘xshash jihatlari mavjud bo‘lib, har ikki kasallik nafas olish organlari kasalliklarini keltirib chiqaradi. Ikkinchidan, virus havo-tomchi yo‘li va patogen mikroorganizmlar mavjud buyumlar orqali yuqadi. Shu bois qo‘llarni yaxshilab yuvish va yo‘talgan vaqtda og‘izni ro‘molcha bilan to‘sish tavsiya etiladi.

Ular orasidagi tafovut esa tarqalish tezligining turlicha ekanligi. Gripp virusida inkubatsion davr uzoq emas. U uch kunni tashkil etadi, koronavirus chaqirgan kasallikda esa o‘rtacha besh-olti kun davom etadi. Grippda virus yuqishi asosan simptomlar paydo bo‘lgunicha sodir bo‘ladi, koronavirus esa «simptomlarsiz yuqish»  xususiyatiga ega. 

Koronavirusga chalinganlar o‘rtacha 2-2,5 kishini zararlashi mumkin. Ya'ni u gripp virusiga nisbatan kamroq odamni zararlaydi.

Gripp bilan bolalar ko‘proq og‘riydi, koronavirusda esa kattalar. 0dan 19 yoshgacha bo‘lgan yosh guruhida boshqa yosh guruhidagilarga nisbatan kasallikka chalinish past. Xitoydan kelgan ma'lumotga ko‘ra, kasallikni kattalarning bolalardan yuqtirishiga nisbatan bolalarning kattalardan yuqtirishi ko‘proq.

Koronavirusdan o‘lim holati 3-4 foizni tashkil etadi. Mavsumiy grippda esa bu ko‘rsatkich ancha past.

Dunyodagi vaziyat

Italiyada oxirgi sutkalarda 49 kishi vafot etgan, jami vafot etganlar soni 197 kishiga yetgan. Jami kasallanganlar soni 4 636 nafar. Italiya hukumati koronavirus epidemiyasi mamlakat iqtisodiyotini retsessiyaga olib kelishidan xavotirlanmoqda. Italiya demokratik partiyasi yetakchisi va Latsio oblasti gubernatori Nikola Dzingaretti o‘zida koronavirus aniqlanganini ma'lum qildi. Undan tashqari, yana ikkita shahar merida ham kasallik aniqlangan.

Fransiyada kasallikka chalinganlar soni 716 nafarga yetdi, 11 kishi vafot etgani xabar qilinmoqda.

Chexiyada koronavirus yuqtirganlar soni 21 kishiga yetdi. Ma'lum qilinishicha, bemorlarning barchasi Chexiya fuqarolaridir.

Sloveniya va Xorvatiyada ham 12 nafardan kishida koronavirus aniqlandi. Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich aholini vahimaga tushmaslikka chaqirdi. Shimoliy Makedoniyada kasallik yuqtirish bilan bog‘liq uchta holat qayd etildi.

Norvegiyada shanba kuni o‘rtalariga kelib koronavirus yuqtirganlar soni 136 kishiga yetdi, bu bir sutka avvalgi raqamga nisbatan o‘ttiz foizga ko‘pdir. Juma kuni 96 kishi koronavirusga chalingani aytilgandi.

Niderlandiyada yangi koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 188ta holat qayd etildi. Avvalroq bemorlar soni 128 nafarga yetgani aytilgandi, bir kishi vafot etgan.

Buyuk Britaniyada esa 7 mart holatiga koronavirusga chalinganlar soni 206 kishiga yetgani xabar qilindi. Juma kuni Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi bemorlar soni 47taga oshib, 163 nafarga yetganini ma'lum qilgandi.

Hindistonda bir sutka ichida yana uch kishida koronavirus aniqlanib, jami bemorlar soni 34 kishiga yetgani xabar qilinmoqda.

Shanba kuni Vetnamda kasallik yuqtirish bilan bog‘liq yana bir – 18-holat qayd etildi.

Filippinda sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyat e'lon qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xabar qilinishicha, prezident Duterte bu qarorni ma'qullagan. Mamlakatda olti kishi koronavirusga chalingani qayd etilgan, ammo hukumat uning tarqalib ketishidan xavfsiramoqda.

Falastin hukumati shanba kuni Vifleyem turistlar va ziyoratchilar uchun butunlay yopilganini e'lon qildi. Ayni vaqtga kelib, Falastinda yangi koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 16ta holat tasdiqlangan. Favqulodda vaziyat rejimi doirasida barcha maktablar, bog‘chalar, institut va universitetlar yopilgan, har qanday xalqaro va milliy anjumanlar bekor qilingan, yig‘ilish va mitinglar o‘tkazish taqiqlangan.

Yaponiyada bir sutka ichida 38 kishi koronavirusga chalindi va jami kasallanganlar soni 1149 nafarga yetdi. Eng ko‘p kasallanganlar Xokkaydo prefekturasida bo‘lib (98), bu yerda favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgan. Butun mamlakat bo‘yicha 60 nafar bemorning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

SCMP ma'lumotiga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 102 969 kishini tashkil etmoqda, 3511 kishi ushbu kasallikdan vafot etgan, 59875 kishi tuzalib ketgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top