07:32 / 07.03.2020
7
40046
O‘zbekiston hukumati YeOIIga kuzatuvchi-davlat sifatida qo‘shilishga qaror qildi

YeOII bilan kuzatuvchi-davlat maqomida hamkorlik qilish taklifi ma'qullandi 

Foto: RIA Novosti

Vazirlar Mahkamasida 6 mart kuni mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi yuzasidan olib borilgan tahliliy va kompleks baholash ishlari yakuni bo‘yicha tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga kiritish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ushbu muhim masala hukumat tomonidan Oliy Majlis palatalari muhokamasiga kiritilishi va xalq vakillari bilan batafsil ko‘rib chiqilishini ma'lum qilib, bunda eng avvalo, xalqning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanish lozimligini alohida ta'kidlagan edi.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar samarasi jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalashish, ayniqsa, hududiy jihatdan yaqin mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga bog‘liq. Chunki, iqtisodiy integratsiya mahsulotning raqobatbardoshligini oshirish, tannarxni pasaytirish, yangi texnologiyalar olib kelish, tranzit savdoni kengaytirish, bozor islohotlarini jadal rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Bugungi globallashuv jarayonida mamlakatimiz jahon ishlab chiqarish tizimi, xalqaro bozor talablari va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga hamohang bo‘lishi lozim.

O‘zA xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligini atroflicha o‘rganish va chuqur tahlil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan iqtisodiy integratsiya masalasida mamlakat iqtisodiyotining yirik 16 tarmog‘ida o‘rganish ishlari olib borildi.

Yig‘ilishda mazkur masala bo‘yicha yetakchi mustaqil konsalting kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining izlanishlari, xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan bildirilgan taklif va xulosalar ko‘rib chiqildi.

Bunda O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi doirasidagi iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, jumladan, sanoat, tashqi savdo siyosati, bojxona-tariflarini tartibga solish mexanizmi, mehnat migratsiyasi, standartlashtirish va veterinariya, sanitariya, fitosanitariya nazorati singari ko‘plab masalalar bo‘yicha ekspertlarning xulosalari o‘rganib chiqildi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti va YeOIIga integratsiya jarayonlari o‘zaro bog‘liqligi qayd etildi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikning O‘zbekiston milliy iqtisodiyotiga ta'sirini kompleks o‘rganish natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘ladigan chora-tadbirlar belgilandi hamda YeOII bilan kuzatuvchi-davlat maqomida hamkorlik qilish taklifi ma'qullandi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha tahliliy va kompleks baholash ishlari asosida ishlab chiqilgan xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top