16:29 / 07.03.2020
0
30263
YeOIIda kuzatuvchi-davlatning maqomi qanday?

Vazirlar Mahkamasida 6 mart kuni mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi yuzasidan olib borilgan tahliliy va kompleks baholash ishlari yakuni bo‘yicha tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga kiritish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Foto: Sabyr Ailchiyev

Unda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikning O‘zbekiston milliy iqtisodiyotiga ta'sirini kompleks o‘rganish natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘ladigan chora-tadbirlar belgilandi hamda YeOII bilan kuzatuvchi-davlat maqomida hamkorlik qilish taklifi ma'qullandi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha tahliliy va kompleks baholash ishlari asosida ishlab chiqilgan xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Xo‘sh, O‘zbekistonning kuzatuvchi-davlat maqomi qanday bo‘ladi?

Ushbu masala «Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi to‘g‘risida»gi nizom bilan tartibga solinadi.

Hujjatga ko‘ra, YeOII bilan hamkorlik qilish maqsadida bo‘lgan davlat ittifoq oliy kengashi raisi nomiga kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risidagi so‘rovnoma yuboradi.

YeOII a'zolari ma'lumot olingan kundan boshlab 30 kun ichida komissiyaga o‘z pozitsiyalari to‘g‘risida axborot taqdim etadilar. Maqom berish to‘g‘risidagi qaror oliy kengash tomonidan qabul qilinadi.

Komissiya kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risidagi masalani oliy kengash tomonidan ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, diplomatik kanallar orqali qabul qilingan qaror to‘g‘risida tegishli hujjat kuchga kirgandan keyin 5 kun ichida murojaat qilgan davlatni yozma ravishda xabardor qiladi.

Agar O‘zbekiston kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lsa, hukumat komissiyaga doimiy ravishda ishlash uchun vakolat berilgan vakilni yuboradi.

O‘zbekiston vakili hukumat bilan ittifoq doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, texnik, bojxona, sanitariya va fitosanitariya reglamentlarini tartibga solish, Komissiya vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo‘yicha doimiy aloqalarni o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlashga mas'ul bo‘ladi.

Kuzatuvchi davlatning vakolatli vakillari YeOII taklifiga binoan, ittifoq organlari yig‘ilishlarida ishtirok etish, qabul qilingan qarorlar bilan tanishish (maxfiy hujjatlar bundan mustasno) huquqiga ega. Kuzatuvchi maqomi ittifoq organlarida qaror qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatini bermaydi.

Shu bilan birga, kuzatuvchi maqomini olgan davlat YeOII ta'sis shartnomasida ko‘rsatilgan maqsad va yo‘nalishlarga zid, ittifoq va uning a'zo davlatlari manfaatiga zarar yetkazadigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Oliy kengash quyidagi hollarda kuzatuvchi davlat maqomini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin:

kuzatuvchi davlat tomonidan YeOII va a'zo davlatlarning manfaatlariga qarshi qaratilgan harakatlar yoki bayonotlar bergan taqdirda;

kuzatuvchi davlatning kuzatuvchi davlat maqomini rad etish to‘g‘risida arizasi olingan taqdirda.

Bugungi kunda mazkur tashkilotga Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya a'zo. Shuningdek, Moldova kuzatuvchi maqomiga ega.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top