12:25 / 08.03.2020
0
71824
Italiyada 16 million kishi karantinga olindi. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar

Italiya hukumati mamlakat shimolidagi barcha viloyatlarni koronavirus avj olishi tufayli karantin holatiga o‘tkazdi. Bu regionlarga kirish va u yerdan chiqish to‘xtatilgan. Bu hududda kamida 16 millionga yaqin kishi karantinda qolmoqda.

Foto: AP Photo

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte yangi cheklov choralari haqida e'lon qildi. 

Unga ko‘ra, Italiyada 8 martdan boshlab Lombardiyaga, shuningdek, yana 14ta provinsiyaga kirish va chiqish to‘xtatiladi. Yopilgan provinsiyalar: Parma, Pyachensa, Rimini, Rejo-nel-Emiliya, Modena, Pezaro, Urbino, Paduya, Trevizo, Alessandriya, Verbano-Kuzio-Ossola, Novara, Verchelli va Asti. Zarurat tug‘ilsa, bu hududlar bemorlarni o‘zaro qayta taqsimlashi ko‘zda tutilgan.

Sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Milan va Venetsiya shaharlari karantin hududida qolgan.

Karantinga olingan provinsiyalarga kirish va ulardan chiqishga faqat favqulodda holatlardagina ruxsat berilishi mumkin.

Kontening so‘zlariga ko‘ra, gap faqat bu hududlarga kirish va chiqishni cheklash haqida ketmaydi, karantin hududlarida ham alohida cheklovlar joriy etiladi. Muzeylar, tog‘-chang‘i kurortlari, basseynlar, sportzallar, tungi klublar hamda boshqa ommaviy va madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan boshqa joylar yopiladi. Maktablar va universitetlar allaqachon yopilgan, diniy marosimlar to‘xtatilgan.

Restoran va barlar hozircha ishlashda davom etishi mumkin, ammo bir shart bilan - mijozlar bir-biridan xavfsiz masofada (kamida bir metr) joylashtirish ta'minlanishi kerak. Karantin hududida qolgan odamlarga imkon qadar ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilmoqda. Karantin rejimini buzganlar uch oygacha qamalishi mumkin.

Karantin hududidagi A Seriya uchrashuvlari va boshqa yirik turnirlar tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

Cheklovlar kamida 3 aprelga qadar amalda bo‘ladi. Lombardiyada 10 millionga yaqin kishi yashaydi. Karantin hududi jami 16 million kishini qamrab oladi.

Umumiy ehtiyot choralari butun Italiya bo‘ylab ko‘rilmoqda: muzeylar va bukmekerlik idoralari yopilmoqda, ommaviy tadbirlar, xususan, filmlar, spektakllar namoyishlari va sport musobaqalari bekor qilinmoqda.

Italiyada o‘limlar soni keskin oshgan
Italiya Yevropada koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat bo‘lib turibdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Italiyada 5900ga yaqin kishida virus aniqlangan - so‘nggi bir kun ichida 1200dan ortiq yangi holat qayd etildi, qurbonlar soni 233 nafarga yetgan - so‘nggi bir kun ichida 50 kishi vafot etgan.

EPA-EFE/ALESSANDRO DI MARCO

Italiyada qat'iy choralar joriy etilishi virus bilan kurashda taktika jiddiy o‘zgarganini ko‘rsatadi, bu mamlakatdagi holat Yevropaning boshqa davlatlari uchun saboq bo‘lmoqda.

Italiya hukumati juma kuniyoq yana 20 ming nafar shifokor va hamshiralar koronavirusga qarshi kurashga jalb etilganini ma'lum qilgandi.

«Agar fuqarolarimiz mas'uliyatni his qilishsa va hayot tarzini o‘zgartirishsa, biz bu jangda g‘olib bo‘lamiz», - degandi Fuqarolik mudofaasi xizmati rahbari Anjyelo Borrelli.

Italiyada virus qurboni bo‘layotganlarning o‘rtacha yoshi 81 yoshni tashkil qilmoqda va ular asosan erkaklardir. Shuningdek, virusdan vafot etganlarning 80 foizi virusga chalinguncha ham boshqa kasalliklar bilan og‘rigan.

Italiyaning Intesa Sanpaolo banki koronavirusga qarshi kurashga 100 mln yevroni xayriya qilgan, shuningdek, epidemiyadan jabrlangan kompaniyalarga jami 5 mlrd yevro miqdorida kreditlar ajratilgan. Hukumat koronavirus epidemiyasi mamlakat iqtisodiyotida retsessiyaga olib kelishidan tashvishlanmoqda.

AQShdagi vaziyat
Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo shtatda favqulodda holat e'lon qildi - so‘nggi bir kunda koronavirusdan zararlanish holatlari qariyb ikki baravar oshdi. Ayni vaqtda shtatda 89 kishida koronavirus yuqish holati tasdiqlangan.

Matbuot anjumanida chiqish qilgan gubernator shtatdagi tibbiyot xodimlari so‘nggi kunlarda virusni aniqlash uchun tekshiruvlarni kuchaytirganini ma'lum qildi. 

«Ommaviy ravishda karantin holati infeksiya tarqalishini sekinlashtirishning eng yaxshi chorasi ekaniga hech qanday shubha yo‘q», - deya qayd etgan Kuomo.

AQShda ayni vaqtda virusdan zararlanganlar soni 444 nafarga yetdi, 19 kishi halok bo‘lgan.

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha Amerika—Isroil qo‘mitasining konferensiyasida qatnashgan ikki kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. 1-3 mart kunlari Vashingtonda bo‘lib o‘tgan konferensiyada AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens, AQSh Davlat departamenti rahbari Mayk Pompeo, respublikachi senator Mitch Makkonnell, milliarder Maykl Blumberg va o‘nlab kongressmenlar qatnashgan edi. Forumga jami 18 ming kishi tashrif buyurgandi.

«Grand prinsess» kruiz laynerida 3,5 mingdan ortiq kishi karantinda / EPA

Kaliforniya qirg‘oqlari yaqinida karantinga olingan «Grand prinsess» kruiz laynerida 3,5 ming kishi izolyatsiya qilingan, hozircha ulardan 21 kishi virus yuqtirgani aniqlandi. Kema yo‘lovchilarning barchasini tekshirish uchun ko‘p vaqt talab etiladi.

Vashington shtatida jami 70 kishida virus aniqlangan. Shtat markazi Sietl shahridagi qariyalar uyida birdaniga 9 kishi koronavirus tufayli vafot etdi.

Rod-Aylend shtatidagi maktab o‘quvchilari Italiyaga borib qaytishganidan keyin ulardan uch nafarida Covid-19 aniqlandi, hozirda shtatda 200ga yaqin kishi karantinga joylashtirilgan.

Britaniyada ikkinchi o‘lim

Getty Images

Britaniyada shanba kuni koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq yana 46ta holat aniqlandi - bemorlar soni 163 nafarga yetdi.

Shuningdek, Britaniyada yana bir kishi virus keltirib chiqargan kasallik qurboni bo‘lgani tasdiqlandi: juma kuni Bakinhemshir grafligidagi Milton-Kins shahridagi shifoxonada 82 yoshli erkak vafot etgandi - tahlillar natijalari uning o‘limiga koronavirus sabab bo‘lganini tasdiqladi.

Unga qaragan tibbiyot xodimlari karantinga joylashtirilgan.

Payshanba kuni Reding shahrida ushbu infeksiyaga chalingan 70 yoshli ayol vafot etgandi - uning surunkali kasalligi ham bo‘lgan.

British Airways aviakompaniyasi ikki xodimida koronavirus aniqlanganini, ular izolyatsiya qilinganini ma'lum qilgan.

Jahondagi vaziyat

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, yangi koronavirus keltirib chiqargan Covid-19 epidemiyasi jahonning jami 103 davlatida qayd etilgan. So‘nggi kunlarda Serbiya, Slovakiya, Vatikan, Paragvay, Peru, Kamerun, Moldova, Latviya, Kolumbiya, Butan, Nepal, Shri-Lanka, Lixtenshteyn, Monako, Gibraltar va Togoda ham yangi holatlar tasdiqlandi. Nyu-Yorkda favqulodda holat e'lon qilingan.

Butun dunyoda virusdan zararlanganlar soni 106 206 nafarni tashkil qilmoqda, ulardan 25 mingdan ortig‘i Xitoydan tashqarida. Jami 3600 o‘lim holati qayd etilgan, shundan 3097tasi - Xitoyda.

Juma kuni Vatikan o‘z hududida koronavirusga chalinishning ilk holatini tasdiqladi. Bemorning shaxsi ochiqlanmagan, faqat u Vatikandagi poliklinikaga murojaat qilgani ma'lum. Vatikan Sog‘liqni saqlash va gigiyena boshqarmasi dezinfeksiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.

Foto: Getty Images

Rim papasi Fransisk Vatikandagi Pyotr maydonidagi yakshanba kungi ibodat odatdagi tartibda o‘tkazilmasligi, bu tadbir infeksiya tarqalishi xavfining oldini olish uchun bekor qilingani haqida ma'lum qildi. 15 mart kuniga qadar boshqa marosimlar ham onlayn-rejimda o‘tkazilishi belgilangan. Pontifikning o‘zi so‘nggi kunlarda shamollab qolgan, ammo unda koronavirus aniqlanmagan.

Xitoyda so‘nggi haftada birinchi marta bir kunda virusdan zararlanganlar soni 100 nafardan kam bo‘ldi - 7 mart kuni 45 kishida virus qayd etilgan, ayni vaqtda mamlakatdagi bemorlar soni 80 696 nafar. So‘nggi bir kunda 27ta o‘lim holati qayd etildi va jami qurbonlar soni 3097 nafarga yetdi.

Fransiyada koronavirusdan zararlanganlar soni keskin o‘smoqda - so‘nggi bir kun ichida yana 336 kishida virus aniqlandi va virusdan zararlanganlar soni 949 nafarga yetdi. Bu mamlakatda 16 kishi koronavirusdan vafot etgan, yana 45 kishi reanimatsiya bo‘limlarida qolmoqda. Mamlakatda 150ta maktab yopilgan. Fransuz hukumati 100 ml idishdagi qo‘l uchun gelga maksimal narx belgilagan - 3 yevro. Bu narx 31 mayga qadar amalda bo‘ladi.

Aholisi 100 milliondan ortiq bo‘lgan Filippinda sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyat e'lon qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Prezident Rodrigo Duterte shanba kuni bu haqdagi qarorni ma'qullagan. Mamlakatda hozircha faqat 6 kishida virus aniqlangan (1 kishi vafot etgan), ammo hukumat infeksiya jamoat joylarida tez tarqalishi mumkinligidan xavotirga tushmoqda.

Eronda so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, virusdan zararlanganlar soni 6 mingga yaqinlashdi va qurbonlar soni 145 nafarga yetdi. Bu mamlakatda so‘nggi kunda 21 kishi halok bo‘ldi. Lekin raqamlar yanada yiriklashishi mumkin. Eron parlamentining yana bir a'zosi virus qurboniga aylangan.

Serbiyada Covid-19 koronavirusidan zararlanishning ilk holati tasdiqlandi: Shu kunlarda Vengriya poytaxti Budapeshdan qaytgan subotitsalik 43 yoshli erkak shifoxonaning alohida palatasiga joylashtirilgan.

Slovakiyada bosh vazir ilk holat haqida e'lon qildi, bu bemor - 52 yoshli erkak yaqin orada mamlakatdan tashqariga chiqmagan, ammo uning o‘g‘li Venetsiyada bo‘lib qaytgan.

Chexiyada 12 bemor qayd etilgan, ularning barchasi Italiya shimoliga safarlar bilan bog‘liq.

Niderlandiyada koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi: Rotterdam shifoxonasida 86 yoshli erkak olamdan o‘tdi. Bu mamlakatda jami 128 kishida Covid-19 aniqlangan.

Misr sog‘liqni saqlash vazirligi juma kuni Nil daryosi orqali Luksordan Asuan shahriga kelgan kema yo‘lovchilarining 12 nafarida virus aniqladi, ammo ularning hech birida tashqi belgilar bo‘lmagan. Ayni vaqtda mamlakatda 48 kishida virusdan zararlanish holati tasdiqlangan

Shanba kuni Vetnamda yana 4 kishida virus aniqlandi va mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 21 nafarga yetdi.

Rossiyada yangi bemorlar
Shanba kuni yana 4 kishida koronavirus qayd etildi - Peterburg va Lipetskda. Juma kuni 5ta holat qayd etilgandi - Moskvada 4 va Nijniy Novgorodda - 1.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirus infeksiyasiga chalinish bilan bog‘liq jami 15 holat ro‘yxatga olingan, bemorlarning ikkisi XXR fuqarosi, 12 nafari Italiyadan qaytgan Rossiya fuqarolari, yana biri italiyalik talaba. Bundan tashqari, Yaponiyadagi «Diamond Princess» kruiz layneridan evakuatsiya qilingan uch nafar rossiyalik tibbiy nazorat ostida bo‘lib turibdi.

Moskva meri Sergey Sobyanin payshanba kuni kechqurun koronavirus tarqalishi oldini olishga qaratilgan qat'iy choralar haqidagi farmonini imzolagandi. Unga ko‘ra, shahardagi tibbiy muassasalar, jamoat transportlari va shahardagi boshqa xizmatlar yuqori shaylik rejimiga o‘tkazilgan.

Moskvada koronavirusga qarshi kurash doirasida vaqtinchalik tibbiy markaz qurishni loyihalash ishlari boshlangan.

Ayni vaqtda Sankt-Peterburgdagi Mechnikov nomidagi davlat shimoli-g‘arbiy tibbiyot universitetining 700 nafardan ortiq talabasi karantinga olingan. Bunga italiyalik talabada koronavirus kuzatilgani sabab bo‘lgan.

Juma kuni kechqurun Moskva meriyasi qoshidagi tezkor tibbiy shtab virusga chalinganlarning biri tuzalganini ma'lum qildi.

JSST nima demoqda?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyyesus jahon mamlakatlariga murojaat qildi.

Tedros Adhanom Gebreyyesus / Anadolu

«Biz davlatlarni har bir holatni topishga, tekshirishga, izolyatsiya qilishga, davolashga va kuzatishga chaqiramiz», dedi u JSSTning Jyenevadagi shtab-kvartirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Jabrlanuvchilar soni 100 mingdan oshganini ta'kidlagan Gebreyyesus virusdan zararlanish holatlari tezlik bilan ko‘payayotgani tufayli tashkilot barcha mamlakatlarga «cheklov»larni birinchi o‘ringa qo‘yishni maslahat berishini bildirdi.

«Epidemiyani sekinlashtirish hayotni tejashga yordam beradi, shuningdek, tayyorgarlik, tadqiqot va ishlab chiqarish uchun vaqtni tejaydi (vaksinani topish uchun). Agar biz kasallik tarqalishini bir kun sekinlashtira olsak, demak, kasalxonalarga ushbu ishni yakunlash uchun yana bir kun berilgan bo‘ladi. O‘tgan oy bu masalasida 400 nafar olim bilan uchrashuv o‘tkazdik. Biz, shuningdek, qochqinlar va ichki ko‘chishda bo‘lgan odamlar, haqlaridan mahrum jamoalarga mo‘ljallangan dasturlarni amalga oshirish uchun tadqiqot protokollarini ishlab chiqmoqdamiz», dedi u. 

Gebreyyesus hozirgacha JSSTga 40ta diagnostik testni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun arizalar kelib tushgani, 20ta vaksina ishlab chiqilayotgani va muolaja uchun ko‘plab klinik tadqiqotlar olib borilayotganini ma'lum qildi.

Gebreyyesus shu hafta boshida o‘z ishchilari va mijozlarini qanday himoya qilish mumkinlishi haqida global kompaniyalar bilan aloqada bo‘lganligini ham qo‘shimcha qildi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top