15:42 / 08.03.2020
4
23950
«Oldin odamlar uzoq yashagan, yolg‘iz ayollar erkaklardan ko‘p...» - Bashariyat haqidagi xato tushunchalar

Insoniyat o‘zi haqidagi juda ko‘pchilik yolg‘onlarga qattiq ishonib qolgan. Ayniqsa yurtdoshlarimiz orasida qator tushunchalar shu qadar o‘rnashib qolganki, ancha-muncha kishi ularning haqiqatga zidligini tasavvur ham qila olmaydi.

«Oldin odamlar uzoqroq yashagan»

Yillar davomida shakllanib kelgan xato tushunchalardan biri. Holbuki Yer shari aholisining, jumladan o‘zbekistonliklarning o‘rtacha yoshi muttasil oshib bormoqda. O‘n to‘rtinchi asrlarda sayyoramiz aholisining o‘rtacha yoshi 34-35 yoshni, o‘n oltinchi asrga kelib 50 yoshni tashkil qilgan. 2000-yillarga kelib bu ko‘rsatkich 60 yoshni ortda qoldirdi va 2050 yilda 83 yoshga yetishi taxmin qilingan. O‘zbekistonda ham bu ko‘rsatkich oshib boryapti, so‘nggi yillarda o‘rtacha yosh 67dan 73,5 yoshga yetgan.

O‘rtacha yoshning oshishi dunyo siyosatchilarini yangi muammo – keksa aholi soni ko‘payishiga duchor qilmoqda.

«Ajdodlarimiz bizdan ko‘ra sog‘lom va baquvvat bo‘lishgan»

Birinchi bo‘lim bu xatoga ham qisman javob beradi. Ammo bu tushunchada ozroq haqiqat ham bor – o‘tmishda odamlar ko‘proq harakatlanishgan, jismoniy mehnat bilan muntazam shug‘ullanishgan, noqulay sharoitlarga ham bizga nisbatan chidamliroq bo‘lishgan. Lekin bu ularning bizga nisbatan sog‘lomroq bo‘lganini anglatmaydi. Hattoki o‘tgan asrda, yaqin o‘tmishda ham odamlar yuqumli kasalliklar qarshisida ancha ojiz bo‘lishgan va bugungi kun nuqtayi nazarida arzimas kasalliklardan o‘lib ketishgan yoki nogiron bo‘lib qolishgan. Odamlarning aksariyati gigiyenaga rioya qilmagan, bit bosish, manqalik, teri kasalliklari juda ko‘pchilikning doimiy hamrohi bo‘lgan.

«Yolg‘iz ayollar erkaklardan ko‘p»

Bugungi kunda ham mustahkam saqlanib qolgan yolg‘onlardan eng mashhuri, desak xato qilmaymiz. Ayniqsa ko‘p xotinlilikni ilgari suruvchilarning ayrimlari ham shunday tushunchani sabab sifatida keltirishadi. Ammo demografiyaga oid rasmiy statistika buning naqadar yolg‘onligini bir zumda isbotlab qo‘yadi. Xitoy, Hindiston kabi oila sun'iy ravishda rejalashtiriladigan, bola jinsiga ko‘ra tanlanadigan oz sonli davlatlarda erkaklar soni nisbatan ancha ko‘p holat yuzaga kelgan. O‘zbekistonda ham erkaklar ayollardan ko‘proq.

Mana, yaqinda O‘zbekiston aholisi 34 million kishidan oshdi. Mamlakat aholisining tarkibiga ko‘ra bugungi kun hisobi bo‘yicha hamma o‘ziga bittadan juft topganida edi, kamida 183 ming nafar erkak xotinsiz qolib ketardi. Tasavvur qiling, bu Xorazm viloyatining Xonqa tumani aholisiga teng. Chunki 2020 yilning 18 fevral holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 17 093 248 nafar erkak bo‘lsa, ayollar soni 16 909 633 kishini tashkil qiladi. Umuman, hisob-kitoblarga ko‘ra dunyoda 100 ayolga 102 erkak to‘g‘ri keladi.

«Yer aholisi shiddat bilan o‘sib bormoqda»

Oldin ayollar ko‘p tuqqanlari ayni haqiqat. Ammo so‘nggi yarim asr davomida bu tug‘ish ko‘rsatkichlari – ya'ni bir ayol tug‘adigan bolalar soni muttasil kamayib bormoqda. Rivojlanayotgan davlatlarda hamon tug‘ilish va aholi soni o‘sishi nisbatan yuqori. Ammo dunyo bo‘yicha hisoblanganda tug‘ilish kamaygan. Albatta, kamaygani ham aholining tabiiy o‘sishi uchun yetarli. Ammo o‘tgan asrdagiday shiddatli o‘sish yo‘qolib, ayrim davlatlar hatto «shiddatli kamayish», ya'ni demografik inqiroz qarshisida qolishmoqda.

«Oldin bolalar chiniqqan bo‘lgan, hozirgilari nimjon»

Bolalar yaqin o‘tmishda ham noqulay sharoitlarga bizdan ko‘ra ko‘proq tushishgani to‘g‘ri. Ammo bu borada gap ketganida eng muhim ko‘rsatkich – bolalar o‘limini hisobga olish zarur. O‘rta asrlarni-ku qo‘ya turaylik, bir asr oldin, fan va texnika rivojlanish sari qadam qo‘ygan davrda ham bolalar o‘limi nihoyatda yuqori bo‘lgan. Avvalo tug‘ilishda, go‘daklikda (1 yoshgacha) bunday taqdirga ko‘plab bolalar duch kelgan bo‘lsa, tetapoya bo‘lgan, ya'ni 5 yoshgacha bolajonlar ham turli kasalliklardan ayovsiz qirilishgan. Bugungi kunda o‘rtacha 6 mln bola 5 yoshgacha nobud bo‘lsa, 1990-yillarda, ya'ni sayyora aholisi nisbatan kam bo‘lgan davrda ham bu ko‘rsatkich 12 mln nafarni tashkil qilgan.

1960-yillarda ham har 10 bolaning biri nobud bo‘lgan bo‘lsa, statistika aniq yuritilmagan 1900-yillarda bu ko‘rsatkich ikki-uchtani tashkil qilgani haqida ma'lumotlar bor.

Abror Zohidov tayyorladi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top