08:54 / 08.03.2020
1
18544
Samarqandda 3600 gektar bog‘ yaroqsiz deb topilgan: Joylarda daraxtlarni kesish boshlandi

2019 yil 18 dekabrida Vazirlar Mahkamasining «Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilingan edi.

Fermerlar o‘rtasida tushunmovchilik va noroziliklarning oldini olish maqsadida mazkur qarordan ikki kun o‘tib Kun.uz’da bog‘larni yaroqsiz deb topish tartiblari haqda ma'lumot e'lon qilindi.

Yuqoridagi tartibga ko‘ra, oqilona foydalanmaslik yoki umuman boshqa maqsadda foydalanish, uch yil davomida ketma-ket hosildorlik me'yordan past bo‘lishi kabi qator omillar bog‘larni yaroqsiz deb topishga asos bo‘lishi ko‘rsatilgan.

So‘nggi kunlarda tahririyatning Samarqanddagi filialiga Oqdaryo, Urgut va Past Darg‘om tumanlaridan xuddi shu masalada murojaatlar kelib tushmoqda.

Aytish lozimki, yuqoridagi hukumat qarori asosida 2019 yil 24 dekabr kuni Samarqandda ham iqtisodiy jihatdan samarasiz bog‘larni yaroqsiz deb topish tartibi to‘g‘risida viloyat hokimining qarori qabul qilingan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi ma'lumot berdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Samarqandda 3 ming 606 gektar iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli, yaroqsiz bog‘ va tokzorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilgan.

Eskirgan va samarasiz bog‘ hamda tokzorlar o‘rnida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish yoki ularni haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazib, eksportbop va serdaromad qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish choralari ko‘riladi.  

Samarqand viloyat «O‘zagroinspeksiya» axborot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan jadvalga ko‘ra yaroqsiz deb topilgan bog‘larning eng katta qismi Toyloq (544 gektar), Bulung‘ur (503 gektar), Jomboy (423 gektar) va Oqdaryo (323 ) tumanlariga to‘g‘ri keladi.  

Ishtixon, Nurobod, Qo‘shrabot va Narpay tumanlarida esa yaroqsiz deb topilgan bog‘lar eng kam ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top