10:00 / 09.03.2020
0
12775

Italiya klubi futbolchilari koronavirus sababli o‘yinga tibbiy niqobda tushishdi 

Italiyaning B seriyasida ishtirok etuvchi “Peskara” klubi futbolchilari chempionatning 28-turida “Benevento”ga qarshi o‘yinga tibbiy niqoblarda tushishdi. Biroq hakam futbolchilarga niqoblarda to‘p surishga yo‘l qo‘ymadi.

Foto: La Presse

Bu haqda klubning tvitterdagi sahifasida ma'lum qilindi.

Futbolchilar Italiyada koronavirus tarqalishi avj olayotgani sababli ehtiyotkorlik maqsadida shunday yo‘l tutishgan. Hakam Andrea Rapuano bunday holat qoidalarda ko‘zda tutilmaganini inobatga olib, o‘yinchilardan niqoblarni yechishni so‘ragan. Natijada o‘yinchilar niqoblarni yechib, o‘yinni bo‘sh tribunalar ostida boshlashgan.

“Biz o‘z o‘yinchilarimiz va raqiblar salomatligi haqida qayg‘urib, maydonga himoya niqoblarida tushdik. Biz uni hakam iltimosi bilangina yechmoqdamiz”, deb aytilgan klub xabarida. 

Ta'kidlash joiz, Benevento va Peskara shaharlari Italiyaning janubida joylashgan bo‘lib, hozircha ularga hukumat tomonidan joriy qilingan karantin amal qilmayapti.

Shuningdek, Italiya hukumati qaroriga ko‘ra, mamlakatda barcha sport tadbirlari 3 aprelgacha tomoshabinlarsiz o‘tadi.
 
8 mart holatiga ko‘ra, Italiyada koronavirusga chalinganlar soni 7,3 ming nafarni, vafot etganlar 366 nafarni tashkil qilmoqda. Mamlakatda yakshanba kuni koronavirus qurbonlari soni keskin oshib ketib, 133 nafarga ko‘paygan. Italiya virusdan vafot etish bo‘yicha Xitoydan o‘zib ketib, 1-o‘ringa chiqdi. Statistikaga ko‘ra, undan mamlakatda har yigirmanchi kasallangan vafot etmoqda (o‘lim darajasi 4,96 foiz).

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top