15:45 / 09.03.2020
3
10452
«Joylardagi mas'ullar faoliyati qoniqarsiz» - Abdulla Aripov o‘zbek tili mavqeyini oshirish bo‘yicha ishlarga baho berdi

So‘nggi uch oy ichida davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha hukumatning 5ta qarori qabul qilingan.

Foto: KUN.UZ

Bugun, 9 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida ko‘cha va aholi punktlarini nomlash, peshlavhalar, reklama va e'lonlarning davlat tilida berilishi singari masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda til masalasiga, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi va nufuzini tubdan oshirishga prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi jiddiy e'tibor qaratayotgani qayd etilgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, hukumat rahbari mahalla, ko‘cha, korxona, ishlab chiqarilgan mahsulotga, kerak bo‘lsa farzandlarga o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati va ma'naviyatga zid bo‘lgan nomlar qo‘yilayotganiga e'tiroz bildirgan.

«Biz bu holatlarga befarqmiz, xuddiki tabiiy holdek faqat kuzatib turibmiz xolos. Xo‘sh, hurmatli rahbarlar bu qachongacha davom etadi?!

Aholi o‘rtasida, ijtimoiy tarmoqlarda til bilan bog‘liq mavzu eng ko‘p muhokama qilinmoqda.

Jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqida, turli lavha va reklamalarning ko‘pincha boshqa tillarda yoki mantiqsiz, tushunarsiz mazmunda va shaklda aks ettirilishi bunga sabab bo‘lmoqda.

Bu joylardagi mas'ullarning ishlari qoniqarsizligidan dalolat beradi», – deya ta'kidlagan Abdulla Aripov.

Hukumat rahbarining ma'lum qilishicha, yaqinda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan hududlardagi joy nomlarining holati va bunga mas'ul bo‘lgan hududiy komissiyalar faoliyati o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, shaharcha, qishloq, ovul, mahalla va ko‘chalarga nom berish, qayta nomlash masalalari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani aniqlangan.

Oqibatda, respublika bo‘yicha 300dan ziyod qishloq va mahallalarning, 400ga yaqin ko‘chaning eski, sovet davridan qolgan yoki biror mantiqsiz, tushunarsiz nomlari haligacha saqlanib qolmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top