10:55 / 09.03.2020
0
26540
Shoir Azim Suyun olamdan o‘tdi 
Foto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Bugun, 9 mart kuni taniqli shoir Azim Suyun olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar bermoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun 1948 yilning 22 fevralida Samarqand viloyatining Nukurt qishlog‘ida dunyoga kelgan. 

O‘rta maktabdan so‘ng Toshkent Davlat dorilfununining jurnalistika fakultetiga kirib o‘qigan. Uning ijodi 60-yillarning oxiri va 70-yillar boshida boshlangan bo‘lib, «Mening osmonim» (1978) nomli birinchi she'rlar to‘plami bilan kitobxonlarga tanilgan.

Shundan buyon shoirning o‘nga yaqin she'riy to‘plamlari va bir qator dostonlari chop etildi. Jumladan, «Zarb» (1979), «Zamin taqdiri» (1981), «Xayolot» (1984), «Ziyo ko‘li» (1986), «Javzo» (1987), «Olis tonglar» (1989), «Kuyganim-suyganim» (1992) kabi she'riy guldastalari o‘quvchilarning sevimli kitoblariga aylangan. Ayniqsa, uning «Sarbadorlar» fojiasi, «O‘zbekiston», «Bir tomchi suv dengizga aylangan kecha yoki Imorat» kabi dostonlari mashhurdir. 

Shoir «O‘zbekiston» dostoni va bir turkum she'rlari uchun Abdulhamid Cho‘lpon nomidagi birinchi xalqaro mukofotga (1991) sazovor bo‘lgan. Uning bir qator she'rlari, she'riy turkumlari, kitoblari, rus, ingliz, turk, qozoq, tojik kabi o‘nlab tillarga tarjima qilingan.

Kun.uz marhumning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga chuqur ta'ziya bildiradi. 

BAHODIRNING QILIChI

Bahodirning qilichi sindi…
So‘nggi nuqta.
Tugadi ertak.

Pastak hovli chetida dilxun
Bir bola yig‘laydi —
qo‘lida kitob.
Bahodirning qilichi sindi,
Bahodirning qilichi sindi.
Yovniki butun!

Qayga ketdi yaproqdek bola,
Bo‘ta kabi qayda bo‘zlaydi?
Uchib yurgan varaqlar, ana,
Shamollarga ertak so‘zlaydi.
Bola qani?.. Bilmayman, ammo,
Ishonaman, qaylardadir u
Bahodirga qilich izlaydi..

1978

ANG‘IZ O‘SGAN YeRLARDA
«Qadimgi Nurato qo‘shiqlari» turkumidan

Ang‘iz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmagay,
Yaxshi bo‘lsa ayollar erlar yuzi so‘lmagay.
Qaysi yurtda chinakam botir bo‘lsa yigitlar,
O‘shal yurtning ellari yovlarga qul bo‘lmagay.

Ot minmagan ot minsa, chopa-chopa o‘ldirar,
Bog‘ ko‘rmagan bog‘ ko‘rsa, payhon qilar, so‘ldirar.
Hushyor bo‘lgil, jon elim, elday saqla elingni,
Yovlaringga yo‘l bersang, poymonangni to‘ldirar.

Bosh kesilsa, yoronlar, sochga motam tutilmas,
Qon qusilsa, yoronlar, ichga suvdek yutilmas.
Qay bir millat tuprog‘in toptar ekan makkor yov,
O‘zligin bilganlarning baxti aslo butunmas!

Arg‘umog‘larga mining,
G‘olib qilich yor bo‘lsin!
Bu dunyoda har kimning
o‘z Vatani bor bo‘lsin!

1978

TUTQUN

G‘animlar tahqirlab beshafqat,
Onangdan ayrilding, dedilar,
Tutqunning ko‘zida betoqat,
Qatra yosh ko‘rmoqchi edilar,
Qatra yosh…
Mag‘rur qoldi mag‘rur bosh.

Ko‘z yoshlar boisi — g‘am, alam,
Yoringdan ayrilding, dedilar.
Ko‘ziga boqdilar, shod, xurram —
Qatra yosh ko‘rmoqchi edilar,
Qatra yosh…
Mag‘rur qoldi mag‘rur bosh.

Qasoskor xabarlar bilmas had,
Vatandan ayrilding, dedilar
Va uning ko‘zida so‘nggi dard —
Qatra yosh ko‘rmoqchi edilar,
Qatra yosh…

Bir qalqdi…
Jon edi o‘sha yosh!

1971

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top