23:09 / 09.03.2020
0
14692
Tramp neft arzonlashib ketganidan mamnuniyat bildirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp neft narxi tushib ketganini ijobiy qarshiladi. Uning aytishicha, bu iste'molchilar uchun naflidir.

Foto: Telegraf-EPA

“Iste'molchilar uchun yaxshi, yoqilg‘i narxi tushmoqda”, deb yozgan Tramp tvitterda.

“Saudiya Arabistoni va Rossiya neft narxi va hajmi borasida bahslashmoqda. Bu va yolg‘on xabarlar bozor qulashining sababi hisoblanadi”, deb qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti. 

Neft OPeK+ bitimi barbod bo‘lgach va Saudiya Arabistoni neft narxini tushirish va uning qazib olinishi hajmini oshirishga qaror qilgandan keyin 26,5 foizga arzonlashib ketdi. Oxirgi savdolar vaqtida Brent turidagi neftning bir barreli 33,3 dollardan, WTI esa 29,8 dollardan sotilgan.

O‘tgan hafta oxirida OPeKga a'zo davlatlar va Rossiya neft qazib olish hajmini cheklash bo‘yicha kelishuvni saqlab qolish borasida kelisha olmagan. Shundan keyin Saudiya Arabistoni neft narxini tushirishga va bozordagi ulushini oshirish uchun neft qazib olish hajmini ko‘paytirishga qaror qilgan. 

Ayni vaqtda koronavirus epidemiyasi sababli shundoq ham neftga taklif haddan ziyod ko‘pligi kuzatilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top