20:20 / 09.03.2020
65389
Yuliy Yusupov: «Agar neft narxi pasayishda davom etsa, so‘mning devalvatsiyasi muqarrardir»

Jahon bozorida neft narxining pasayishi ortidan Rossiya rublining AQSh dollari va yevroga nisbatan qiymati keskin tushib ketdi.

Foto : KUN.UZ

Neftga talabning pasayishi koronavirus infeksiyasining tarqalishi fonida qayd etilmoqda. Kuni kecha OPEK+ davlatlari Vena shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda neft qazib olishni qo‘shimcha qisqartirish to‘g‘risida kelisha olmadilar.

Brent markali neft narxi 31,5 dollargacha tushib ketdi. 9 mart kuni yevro kursi 84 rublga, AQSh dollari esa 73 rublga ko‘tarildi.

Buning ortidan tenge qiymati ham tushdi. Nur-Sultonda 9 mart kuni ochilgan valuta almashtirish punktlarida dollar 391-395 tengedan sotilmoqda. Dam olish kunlari dollar kursi 382,05 tengeni tashkil etgandi, ya'ni farq 13 tenge.

Tabiiy savol tug‘iladi. Bularning barchasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta'sir qiladi?

Iqtisodiy rivojlanish markazi direktori, taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov Kun.uz’ga bergan intervyusida neft narxining pasayishi, avvalo, Rossiya rublining qadrsizlanishiga olib kelishini aytdi.

«Qozoq tengesi kursi ham tushib ketishi ehtimoli bor. Rossiya va Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yirik xaridorlaridir, shuningdek, ular o‘zbekistonlik tashqi mehnat muhojirlaridan mablag‘ keladigan mamlakatlar hisoblanadi», - dedi u.

Yuliy Yusupovning fikricha, «agar neft narxi, rubl va tenge kurslarining pasayishi sezilarli va uzoq vaqt davom etsa, eksport va mehnat muhojirlaridan tushadigan valuta tushumi kamayadi».

«Agar mamlakatda valuta kam bo‘lsa, so‘m kursi tusha boshlaydi (dollar narxi esa ko‘tariladi). Ya'ni agar neft narxining pasayishi "jiddiy va uzoq vaqt" davom etsa, so‘mning devalvatsiyasi muqarrardir», - deya xulosa qildi iqtisodchi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 9 mart kuni, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 10 martdan amal qiladigan yangi valuta kurslarini belgiladi. Yuqorida keltirilgan barcha dalillarga qaramay, AQSh dollari 13,30 so‘mga arzonlashib, 9500,54 so‘mni tashkil etdi.

Umuman olganda, dollarning so‘mga nisbatan qiymati ketma-ket bir necha hafta davomida tushmoqda.

Rossiya davlat dumasining iqtisodiy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Vladimir Gutenev ko‘pi bilan ikki hafta o‘tgach, rubl kursi dollarga nisbatan 66-67 rubl atrofida barqarorlashishi mumkinligini taxmin qildi.  Bu sanoat uchun jiddiy xavf solmaydi, ammo import qilinadigan tarkibiy qismlar narxlarining biroz ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

«Rublning zaiflashishi uzoq davom etadi deb ishonch bilan aytib bo‘lmaydi. Bir, bir yarim-ikki haftadan keyin rubl kursi neftning hozirgi narxida ham dollarga nisbatan 66-67 rubl oralig‘ida bo‘ladi. Ya'ni ma'lum bir barqarorlik yuz beradi», - dedi Gutenev Interfaksga bergan intervyusida.

Top