14:34 / 10.03.2020
12939
Alisher Shodmonov: «Koronavirus bo‘yicha raqamlar faqat o‘smoqda, ammo davolanishda yutuqlarga ham erishilyapti» 

2 oy oldin dunyo bo‘yicha xotirjamlik edi. Ammo hozir JSST tomonidan favqulodda vaziyat e'lon qilindi. Ayni vaqtda pandemiya e'lon qilish kerakmi, yo‘qmi degan masala ko‘rilyapti

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov dunyoda koronavirusning epidemik holati va COVID-19’ning mamlakatga kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish bo‘yicha  ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

– Koronavirus bo‘yicha raqamlar faqat o‘sishga qarab ketmoqda. Ammo xursand bo‘ladigan jihati, kasallikni davolanishda yutuqlarga ham erishilyapti. Xususan, Uxanda kuchli tartib tufayli keskin tarqalish pasaydi, o‘lim soni kamaydi. Janubiy Koreya, Italiya kabi davlatlarda tarqalish kuchli bo‘lyapti. Italiya o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqdi. Janubiy Koreyada ahvol barqarorlashmoqda. Eronda ming afsuski o‘sish ko‘rsatkichlari kun sayin o‘sib bormoqda. Bir qator Yevropa davlatlarida ham bu kasallik tarqalib boryapti. Yaponiyada barqarorlikka erishish boshlandi.

2 oy oldin dunyo bo‘yicha xotirjamlik edi. Ammo hozir JSST tomonidan favqulodda vaziyat e'lon qilindi. Hozir pandemiya e'lon qilish kerakmi, yo‘qmi degan masala ko‘rilyapti. Boshqa kasalliklar bilan o‘lim ko‘rsatkichlari solishtirganda koronavirusda baland emasligi ko‘rinadi.

Birinchi navbatda, virus genomi e'lon qilindi, vaksina bo‘yicha ish boshlandi. Diagnostika tizimi ishlab chiqildi. Virusning L va S turlari, ya'ni og‘ir va yengil shakllari aniqlandi. Kasallik asosan keksalarda aniqlanmoqda, Yaponiyada hatto o‘rtacha yoshi 81 yosh ekani hisoblab chiqilgan. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston bu kasallik qayd etilmagan hudud bo‘lib turibdi. 

Qayd etilganidek, koronavirus infeksiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan noxush vaziyat mazkur kasallikning yurtimizga chetdan kirib kelish xavfini oshirmoqda. 

O‘z navbatida, profilaktika va nazorat choralarini kuchaytirish maqsadida maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi, oliy va o‘rta-maxsus ta'limi kabi kabi qator  vazirlik va idoralari bilan qo‘shma qarorlar qabul qilindi.

Ayni paytda mamlakatga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida 53 ta sanitariya-karantin punktlari xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas'ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. 

Koronavirusni aniqlash bo‘yicha zamonaviy test-sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zaxirasi yaratilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top