13:55 / 10.03.2020
7326
Andijonda bir guruh o‘smirlar yoqilg‘i mahsulotini o‘g‘irlab, jami 55 000 000 so‘mga pullab yubordi

Jinoyatni bir guruh o‘smirlar qing‘ir yo‘llar orqali, mo‘may daromad ishlash maqsadida sodir etishgan 

Foto: IIV axborot xizmati

2020 yilning 6 mart kuni Andijon viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shu yilning 16 fevral kuni tungi soat 02:37da Asaka temir yo‘l bekatining 3-yo‘liga Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyati, Nikel temir yo‘l bekati orqali PAO “Oreknefteorgsintes” tomonidan Asaka shahrida joylashgan MChJ nomiga K5SDT-Ye-5K markali solyarka yoqilg‘i mahsuloti kirib kelgan.

IIV Transportda XTBB xabariga ko‘ra, shu kuni soat 16:30larda vagonlar MChJ omboriga olib kirilayotganda yoqilg‘i ortilgan vagonlarning ikkitasining yuqori qismiga jo‘natuvchi tomonidan o‘rnatilgan tamg‘alar (plomba) buzilganligi sababli “Asakadonmaxsulotlari” AJ tarozisida nazorat tartibida tortib ko‘riladi. Shundan so‘ng, kamomad mavjudligi aniqlangach, temir yo‘l mas'ullari ishtirokida tijorat dalolatnomasi tuzilgan. 

Holat yuzasidan Andijon viloyati IIB TXTB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b,v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Aniqlanishicha, ushbu jinoyatni bir guruh o‘smir yoshdagi fuqarolar qing‘ir yo‘llar orqali, mo‘may daromad ishlash maqsadida sodir etishgan. Ular yoqilg‘i mahsulotini jami 55 000 000 so‘mga pullab, daromadni o‘rtada bo‘lib olishgani ma'lum bo‘ldi.  

Qayd etilishicha, hozirda surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Top