10:15 / 10.03.2020
0
3727
Avtovokzallarning asosiy vazifalari belgilanmoqda

Yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: mahalladosh.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, avtovokzallar (avtostansiyalar) majburiy ravishda pasport olishi shart. Avtovokzal (avtostansiya) pasportini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Avtovokzallar (avtostansiyalar) shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobil qatnovi yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashish harakatini tezkor boshqarish maqsadida, shaharlarda, aholi yashash joylarida va avtomobil trassalarida, yo‘lovchilar to‘planadigan manzillar va oxirgi bekatlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etiladi.

Avtovokzal (avtostansiya) quyidagilarni o‘z ichiga oladi (kategoriyasi va klassi hisobga olingan holda):

a) yo‘lovchilar kutish uchun mo‘ljallangan binolar va xonalar, chipta kassalari, bolali yo‘lovchilarga mo‘ljallangan xonalar, haydovchilar va yo‘lovchilarning uzoq vaqt dam olishiga mo‘ljallangan xonalar (mehmonxona), ma'muriyat xonasi, qo‘l yukini saqlash xonalari, militsiyaning xizmat xonalari, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash uchun monitor orqali kuzatish uchun texnologik anjomlar o‘rnatilgan xizmat xonalari, madaniy-maishiy va sanitariya-gigiyena maqsadidagi xonalar (avtovokzallarda);

b) yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish perronlari, reyslar o‘rtasida avtotransport vositalari to‘xtab turadigan maydonchalar, texnik ko‘rikdan o‘tkazish (avtovokzallarda) va avtotransport vositalari salonlarini tozalash postlari;

v) shahar transporti, shu jumladan taksi sifatida ishlatiladigan avtomobillar kirib kelishi va turishi uchun (avtovokzallarda) mo‘ljallangan avtovokzal oldi maydoni;

g) avtovokzal (avtostansiya) hududi bo‘ylab va chiqarish/tushirish perronlarida nogironlar aravachalari uchun mo‘ljallangan shoxobcha yo‘llar, nogironlarni aravachalari bilan chiqarish va tushirish uchun jihozlangan joylar.

Yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida avtovokzal (avtostansiya) perimetri bo‘yicha to‘siqlar hamda videokuzatish kameralari (yo‘lovchilarning kutish zallarida, chipta kassalarida hamda yo‘lovchilar ko‘p to‘planadigan boshqa joylarda) o‘rnatiladi, avtovokzallar (avtostansiyalar)ga kirish/chiqish joylarida yo‘lovchilar va ularning bagajini tekshirish uchun turg‘un metall detektorlar bilan jihozlangan tekshirish postlari va shlagbaumlar tashkil etiladi.

Quyidagilar avtovokzallarning kategoriyalari va avtostansiyalarning klasslarini aniqlash mezonlari hisoblanadi:

a) yo‘lovchilarning aynan bir vaqtdagi sig‘imi – kishi;

b) avtotransport vositalarining bir sutkadagi jo‘nab ketishlari soni;

v) binolar, inshootlar, ishlab chiqarish hududlari, texnologik anjomlarning mavjudligi.

Quyidagilar avtovokzal (avtostansiya)ning asosiy vazifalari hisoblanadi:

yo‘l harakati xavfsizligini va avtovokzal (avtostansiya)ning xavfsiz ishlash sharoitlarini ta'minlash;

avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida barcha bo‘linmalar va xizmatlarning uzluksiz ishini tashkil yetish;

yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ommabopligi, zarur hajmi va sifatini ta'minlash.

Avtovokzal (avtostansiya) yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) yo‘l harakati xavfsizligini va avtovokzal (avtostansiya)ning xavfsiz ishlash sharoitlarini ta'minlash sohasida:

yo‘lovchilarni tashish xavfsizligi me'yorlari va qoidalariga rioya etish;

avtotransport vositalarini reyslar oralig‘ida texnik ko‘rikdan o‘tkazish va haydovchilarni reysdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish postlarini tashkil etish;

uskunalar bilan ta'minlash va avtotransport vositalarining zarur tarzdagi sanitariya holatini nazorat qilish;

qonunchilikda belgilangan haydovchilarning mehnati va dam olish rejimini ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratish;

yo‘lovchi perronlar, kassa zallari, kutish zallari va boshqa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish obektlarini texnik jihatdan soz holatda saqlash;

tegishli yorug‘lik va tovushli ishoralari, belgilar, ko‘rsatkichlar va boshqa yo‘lovchilarni xabardor qilish texnik vositalarini o‘rnatish;

yong‘inga qarshi tadbirlarni amalga oshirish;

avtovokzal (avtostansiya) hududida texnogen va terroristik tahdidlarni oldini olishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish;

b) avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida barcha bo‘linmalar va xizmatlarning uzluksiz ishini tashkil yetish sohasida:

dispetcherlik rahbarligi, har bir avtotransport vositasining sig‘imidan samarali foydalanishni hisobga olgan, yo‘lovchilar tashish xavfsizligi normalari va qoidalariga rioya qilgan holda avtotransport vositalarining harakatlanish jadvaliga rioya qilinishini tashkil etish va ta'minlash;

avtotransport vositalari harakatini tartibga solish;

yo‘l varaqalari va dispetcherlik hujjatlarini rasmiylashtirish;

yo‘lovchilarda chiptalar bo‘lishini hamda yo‘lkira va bagaj uchun belgilangan tariflarga rioya etilishini nazorat qilish;

avtovokzallar (avtostansiyalar)ni jo‘natilayotgan avtotransport vositalaridagi bo‘sh va bo‘shayotgan o‘rinlar, yo‘ldagi sharoitlarning o‘zgarishi va avtotransport vositalarining harakatlanish jadvalidan chetga chiqishlar to‘g‘risida o‘zaro xabardor qilish;

yo‘lkira chiptalari sotilganligi va bagaj tashilganligi uchun yig‘imlar to‘plash, reysga qatnaydigan avtotransport vositalarida pochta jo‘natmalarini qabul qilib olish va jo‘natish, bagajni yo‘lovchilardan alohida tashish uchun qabul qilib olish va rasmiylashtirish (yuk va bagaj avtomobillari harakati tashkil etilgan yo‘nalishlarda);

sotilgan chiptalar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tashuvchilar bilan o‘zaro hisob-kitob qilish (shu jumladan chiptalarni oldindan sotish, chiptalarni uyga yetkazib berish, bagajni saqlash xizmatlari);

v) yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ommabopligi, zarur hajmi va sifatini ta'minlash sohasida:

yo‘lovchilarni avtovokzallar (avtostansiyalar)dan foydalanish va avtotransport vositasida safar (sayohat) bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘z vaqtida va to‘g‘ri xabardor qilish;

aholini yangi ochilayotgan yo‘nalishlar, avtotransport vositalarining harakatlanish jadvalidagi o‘zgarishlar, aholiga ko‘rsatiladigan yangi xizmat turlaridan xabardor qilish (Internet, mahalliy matbuot, radio, televideniye va hokazolar orqali);

yo‘lovchilarga ko‘ngilochar maishiy xizmat ko‘rsatish, avtovokzal (avtostansiya) tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarini kengaytirish;

xizmat ko‘rsatiladigan yo‘nalishlarda avtotransport vositalari ishini yaxshilash masalalari bo‘yicha yo‘lovchilarning takliflarini to‘plash, hisobga olish va tahlil qilish, harakat jadvalini o‘zgartirish, u yoki bu yo‘nalishda reyslar sonini ko‘paytirish, avtotransport vositasining turi yoki rusumini o‘zgartirish, tranzit avtotransport vositalarining to‘xtab turish vaqtini qisqartirish yoki ko‘paytirish, reysni bajarish uchun vaqtni qisqartirish yoki ko‘paytirish;

vokzal oldidagi hududni obodonlashtirish ishlarini bajarish, avtovokzal (avtostansiya)ni saqlashning sanitariya shart-sharoitlarini ta'minlash.

Avtovokzallar (avtostansiyalar) va tashuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar shartnomalar asosida quriladi. Bunda chiptalar sotilganligi va xizmat ko‘rsatilganligi uchun tashuvchilar tomonidan avtovokzallar (avtostansiyalar)ga ajratmalar miqdori avtovokzal (avtostansiya)ning rentabelligidan kelib chiqib, tashkiliy-huquqiy shakli va mansubligidan qat'i nazar, tashuvchilar uchun bir xil miqdorda belgilanishi kerak.

Chiptalar sotilganligi va xizmat ko‘rsatilganligi uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilish (avtotransport vositasi reysga jo‘natilgandan keyin 3 kun mobaynida) avtovokzal (avtostansiya)ning majburiyatlaridan biri hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top