16:53 / 10.03.2020
0
3851
Jizzax viloyatining ikkita tumanida elektr ta'minoti korxonasining yangi binolari foydalanishga topshirildi

«Jizzax hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan viloyatning Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlari elektr taminoti korxonalarining binolari to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari Jizzax viloyatida ham  yangilanishlar, o‘zgarishlarga asos yaratib bermoqda. Viloyatning investitsiyaviy jozibadorligi oshib, bu yerda ko‘plab yirik ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Eng asosiysi, bunday o‘zgarishlar hudud aholisining yashash sharoitini yaxshilash va daromadini oshirish bilan birga, iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish, sanoatning yangi tarmoqlarini rivojlantirish orqali mahsulot va xizmatlar raqobatdoshligini oshirishga olib keladi. Bu borada elektr energiya ta'minoti bilan bog‘liq masalalar ham yanada takomillashtirilishi talab etilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, «Jizzax hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sharof Rashidov va G‘allaorol tuman elektr ta'minoti korxonalari to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bu yerda muhandis-texnik va ishchi-xodimlar tomonidan iste'molchilarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

Ta'kidlash joizki, binolarda konferens-zal, korxona mutaxassislarini o‘qitish kabi xonalar zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangani ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Iste'molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish  uchun ularni qabul qilish xonasi va elektron tablo ham ishga tushirilgan.

Ayni paytda G‘allaorol tuman elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 1244,4 km 0,4-6-10 kVli havo tarmoqlari va 622 ta 6-10/0.4 kVA transformator punkti orqali 1139 ta ulgurji hamda 32769 aholi, jami 33908 iste'molchiga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Shu jumladan, Sh. Rashidov tuman elektr ta'minoti korxonasi ham 1176 km 0,4-6-10 kVli havo tarmoqlari va 936 ta 6-10/0.4 kVA transformator punkti orqali 1560 ta ulgurji hamda 38900 ta aholiga, jami 40460 iste'molchini elektr energiyasi bilan ta'minlab kelmoqda.

Bugun viloyatning barcha shahar va tumanlarida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ga ulash ishlari qizg‘in davom etmoqda. O‘rnatilgan zamonaviy hisoblagichlar «Billing» tizimiga ulangan holda masofadan boshqarilmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, foydalanishga topshirilgan binolar jizzaxlik aholini sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlashga xizmat qilib, bu boradagi sa'y-harakatlar kelgusida ham davom ettiriladi.

Ma'muriy binolarning foydalanishga topshirish marosimida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, tuman mutasaddi korxona va tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari, «Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ va tuman elektr ta'minoti korxonasi ishchi-xodimlari qatnashdi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top